Erdan arazlash

Assalomu alaykum! O‘z eridan arazlab to‘shagini alohida qilib yotishi gunohligini bila turib, ayolim shu ishni qilayapti. Unga bu ishi gunohligini eslatib o‘tsam ham foyda bermayapti. Shu haqda oyat va hadislarda qanday va’idlar kelgan?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Biz holatning asl haqiqatidan baxabarmiz. Balki er tomonidan ayolga ozor va zulm bo‘ladigan ishlar sodir bo‘layotgandirki, ayol bilib turib shu ishni qilayotgandir. Er, “O‘z ishimga o‘zim javob beraman. Sen o‘z ishingni qil” deb, ayolni haqqini ado qilmay o‘zining haqqini talab qilish ham insofdan emas. Agar ayolingiz Alloh buyurgan ishlarda itoatsizlik qilayotgan bo‘lsa, u haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni aytganlar. عَنْ مُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: لَا تُؤْذِي امْرَأَةٌ زَوْجَهَا فِي الدُّنْيَا إِلَّا قَالَتْ زَوْجَتُهُ مِنَ الْحُورِ الْعِينِ: لَا تُؤْذِيهِ قَاتَلَكِ اللهُ، فَإِنَّمَا هُوَ عِنْدَكَ دَخِيلٌ يُوشِكُ أَنْ يُفَارِقَكِ إِلَيْنَا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَحَسَّنَهُ Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qay bir xotin bu dunyoda eriga ozor bersa, albatta, uning «huri iyn»dan bo‘lgan xotini «Unga ozor berma! Alloh seni halok qilsin! U sening oldingda qo‘noq bo‘lib turibdi, xolos. Yaqinda seni tark etib, biz tomon jo‘naydi», deydilar», deganlar». Termiziy rivoyat qilgan va hasan, degan. Sharh: Ushbu hadisai sharif ham ayol kishi o‘z eri bilan doimo yaxshi muomalada bo‘lishi kerakligiga, eri undan ozor ko‘rmaslik haqqiga ega ekanligiga dalildir. Bu haqni yaxshilab tushunib olish va uni poymol qilmaslikka harakat etish zarur. Ulamolarimiz boshqa shar’iy dalillardan erning yana boshqa haqlarini topganlar. Ettinchi haq – odob berish haqqi. Er oila boshlig‘i sifatida xotiniga odob berish haqqiga ega. Bu ma’no Qur’oni Karimda va hadisi sharifda o‘z ifodasini topgan. Ayol kishidan itoatsizlik sodir bo‘lsa, er va’z-nasiyhat qiladi, bo‘lmasa, o‘rnini boshqa qilib yotadi, yana ham bo‘lmasa, achitmaydigan qilib uradi va oxiri borib, ikki tomondan hakam tayin qilinadi. Bu jarayonni, inshaalloh, kelajakda o‘rganamiz. Sakkizinchi haq – Shofe’iy hamda Molikiy mazhablari ulamolari «Hayz, nifos va junublikdan keyin g‘usl qilish haqqi ham erning xotindagi haqlaridan biri», deganlar. Chunki ayol hayz va nifosdan keyin g‘usl qilmasa, er unga yaqinlashishi mumkin emas. Shuning uchun u xotinini g‘usl qilishga majburlash haqqiga ega. Junub ayol esa tezroq g‘usl qilib, namoz o‘qishi lozim. To‘qqizinchi haq – er mahri mu’ajjalni ado qilgan bo‘lsa, xotinini o‘zi bilan safarga olib ketish haqqiga ega. Ya’ni, mahrning bir bo‘lagini keyin berishga kelishilgan bo‘lsa va er uni ham xotiniga berib, mahrdan biryo‘la qutulgan bo‘lsa, xotinini o‘zi bilan safarga olib ketish haqqiga ega. Ammo mahrning hammasini to‘lamagan bo‘lsa, unday qila olmaydi. Hamma hujjat va dalillarni o‘rgangan ulamolarimiz erning xotindagi haqlarini quyidagicha bayon qilganlar: 1. Huzurida eri bor vaqtda ayol kishi erining ruxsatisiz nafl ro‘za tutmasligi lozim. 2. Ayol kishi erining ruxsatisiz begona odamni uyiga kiritmasligi shart. 3. Shar’iy uzri bo‘lmasa, ayol kishi eri xohlagan vaqtda uning jinsiy ehtiyojini qondirishi kerak. 4. Xotinning erga itoat qilmog‘i. 5. Ayol kishi o‘z eri yomon ko‘radigan kishilarni uyga kiritmasligi va uning to‘shagiga o‘tirg‘izmasligi kerak. 6. Barcha ishlarda erga nisbatan yaxshi muomalada bo‘lmoqlik. 7. Er xotiniga odob berish haqqiga ega. 8. Shofe’iy va Molikiy mazhablarida ayol kishining hayz, nifos va junublikdan keyin g‘usl qilishi ham erning xotindagi haqlaridandir. 9. Er mahri mu’ajjalni ado qilgan bo‘lsa, xotinini o‘zi bilan safarga olib ketish haqqiga ega. Shuningdek, erning odoblari ham bor: 1. Er to‘y qilishi mustahabdir. 2. Er xotiniga husni muomalada bo‘lishi va uning ozorlariga chidashi lozim. 3. Er hazil-mutoyiba va ko‘ngilxushlik bilan ayolini erkalatib turadi. 4. Er hazil-mutoyiba va ko‘ngilxushlikka o‘xshash ishlarda mo‘’tadil bo‘lishi shart. 5. Er rashk qilishda mo‘’tadil bo‘lishi kerak. Behudaga rashk qilmaydi. 6. Er nafaqada mo‘’tadil bo‘lishi zarur. Juda qisib ham qo‘ymaydi, isrofga ham yo‘l qo‘ymaydi. 7. Er hayz, nifos, istihozaga o‘xshash narsalarning shar’iy hukmlarini va boshqa diyniy ilmlarni o‘rganishi, ayoliga ham o‘rgatishi kerak. 8. Er xotini bilan bo‘ladigan jinsiy aloqaning barcha hukm va odoblarini yaxshilab o‘rganib, ularga amal qilishi lozim. 9. Er bola tug‘ilganda qilinishi lozim bo‘lgan barcha amallarni yaxshilab o‘rganib, tatbiq qilishi matlub. 10. Er taloq masalalarini yaxshilab o‘rganishi, taloq so‘zini aytishga zinhor shoshilmasligi lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!
25 Aprel 2022, 17:23 | Savol-javoblar | 69 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar