Allohdan uzoqlashishdan saqlanish

Assalomu alaykum! Men dinimizdan uzoq oilada tug‘ilib o‘sdim. Alloh menga O‘zi hidoyatni, insofni berdi. Ahli ilmlarimizni ma’ruzalarini eshitib qalbim yumshab oldin hecham xis qilmagan narsalarni xis qildim. Qalbi musaffolashayotgan insonda qanday holatlar kuzatilsa, ana shunday narsalar menda kuzatildi. Dinimiz nimani buyursa o‘shanga muhhabat bilan amal qila boshladim. Alloh qalbimga iymon halovatini, O‘zini muhabbatini, O‘zidan qo‘rquvini soldi. Namozga tursam, Allohdan qo‘rquvim sababli tanam o‘zgaradigan holatlar ham bo‘ldi. Alloh nimani yaxshi ko‘rgani haqida bilsam shu narsani yaxshi ko‘radigan, nimani yomon ko‘rsa qalbimda shu narsani yomon ko‘radigan bo‘ldim. Dunyo ko‘zimga "rang- barang" ko‘rinadigan bo‘ldi. Kimdir yaxshi amalim tufayli maqtasa yoqtirmaydigan, o‘zgalarning yomonligini osonlikcha kechirib yuboradigan bo‘ldim. Qur’on o‘qilsa qattiq ta’sirlanib ko‘zimga tez yosh keladigan bo‘ldi. Taom inson tanasiga kirishi bilan tez singib ta’sirini ko‘rsatgan kabi ustozdan bir ma’ruzani eshitsam shunday ta’sirlanadigan bo‘ldim. Bunday menga Alloh bergan yaxshi sifatlarni hammasini yozib o‘tirsam ko‘p ekan ustoz. Oldin o‘lik holda yurganimni bildim. Alhamdulillah haqni tanidim. Bir necha oylar mana shunday Allohning inomi tufayli lazzatda yashadim. Keyin gunohlarim tufayli bu narsalarning ba’zilaridan ayrilib qoldim. Hozir qancha ma’ruza eshitsam ham oldingidek ta’sir qilmayabdi. Qalbimni poklash uchun sizlarni tavsiyangizga binoan, hazratimiz ruhiya tariba kitobini o‘qidim oldingidek ta’siri bo‘lmayabdi. Ozgina vaqt qalbim yumshab, halovat paydo bo‘ladida yo‘qolib qoladi. Qalbni poklashda ustoz tutish vojibligini bilib ustoz qidirdim. Bunday ustoz yurtimizdan men topaolmadim. Oldingidek Allohga yaqin bo‘lishni hoxlayman. Qalbi pok inson bo‘lib oxiratdan najot topishni xohlayman. Nima qilishni bilmayapman. Nima qilish kerakligini maslahat berishinglarni iltimos qilaman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Solihlarning safiga qo‘shiling. Alloh taolo bu ish muhim ekanligi uchun oyati bilan buyurgan. Ko‘proq ro‘za tuting, zikr va istig‘forlarda bardavom bo‘ling. Alloh taolo “Tavba” surasida:يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ اتَّقُواْ اللّهَ وَكُونُواْ مَعَ الصَّادِقِينَ۝119. Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar! deb marhamat qiladi.  Ashraf Ali Tahonaviyning oxirgi o‘rinbosarlari Abrorulhaq rohmatullohi alayhining muridi hikoya qiladi : «Men, bir birodarimiz va ustozimiz Abrorulhaq rohmatullohi alayh bilan bir ustozning ziyoratiga bormoqchi bo‘lib, uydan chiqdik. Boradigan joyimiz unchalik uzoq emasdi, lekin Abrorulhaq rohmatullohi alayh keksayib qolganlari uchun taksiga chiqsakmikin deb, uy oldida bir oz to‘xtab qoldik. O‘n-o‘n besh qadam narida bir taksi turar, haydovchisi esa bizni kuzatib turardi. Maslahatlashib, taksida boradigan bo‘ldik. Haydovchi u tomon yurganimizni ko‘rib, mashinasining eshiklarini ochib, bizni kutib oldi. Mashinaga o‘tirgach, Abrorulhaq rohmatullohi alayh «Alloh taolo O‘zi hoxlagan kishisini (payg‘ambarlikka) tanlab olur va Unga iltijo qiluvchi kishini hidoyat qilur» degan oyatni o‘qib, shunday dedilar: «Alloh taolo payg‘ambar, rasul va ba’zi valiy bandalarini ulardan biror harakat bo‘lmay turib ham O‘ziga do‘st qilib oladi. Shu tariqa ular Alloh taoloning muqarab bandalariga aylanadilar. Biroq, yana ba’zi bandalarni Alloh taolo mana shu haydovchi kabi kuzatib turadi. Agar ular Alloh taolo tomon yursalar, haydovchi bizga mashinasining eshiklarini ochgani kabi, O‘zining rahmat eshigini ochadi, O‘zi tomon intilgan bandalarni maqsadlariga erishtiradi. Agar boshqa yo‘lni ixtiyor qilishsalar, ularni o‘z holiga tashlab qo‘yadi», dedilar. Kun issiq edi. Haydovchi mashinaning konditsionerini yoqib qo‘ydi, lekin mashinaning saloni hadeganda soviyvermadi. Haydovchi yo‘ldan ko‘zini uzmay: «Birortangiz tomondagi oyna ochiq shekilli, iltimos, berkitib qo‘yinglar», dedi. Rostdan ham, sherigimiz tomondagi oyna ochiq ekan, uni berkitib qo‘ydik. Oynalar yopilgach, mashinaning ichi yana ham isib ketgandek bo‘lib, biroz behalovat bo‘ldik. Biroq, sal o‘tmay mashinaning ichi salqin bo‘lib qoldi, jonimiz kirib, badanimiz rohatlandi. Shunda Abrorulhaq rohmatullohi alayh “Ra’d” surasidagi «Iymon keltirgan va Allohning zikri ila qalblari orom topganlar. Ayo, Allohning zikri ila qalblar orom topmasmi?» oyatini o‘qidilar, so‘ng «Issiq kunda hamma so‘lim-salqin joyga qochadi. Biroq, Allohning zikri qalb uchun salqin joydan-da rohatliroqdir. Zikr – go‘yo issiqdan behalovat bo‘lgan qalbning konditsioneridir. Lekinالعينان نافذتا القلب«Ko‘zlar qalbning derazalaridir» deyilgan. Agar insonning ko‘z degan oynasi haromdan, quloq degan oynasi behuda gap-so‘zu shaytonning nag‘malaridan, og‘iz degan oynasi g‘iybatu befoyda safsatalardan yopilmas ekan, zikr qalbga orom bag‘ishlay olmaydi», dedilar».
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Qaysi bir musulmonning nazari biror ayol kishining chiroyiga tushib, undan ko‘zini yumsa, Alloh u uchun halovatini topadigan ibodatni beradi” dedilar». Hadisi qudsiyda:“Nomahramlarga qarash Iblisning zaharlangan o‘qlaridan bir o‘qdir. Kim mendan qo‘rqqanligidan o‘sha qarashni tark qilsa, evaziga qalbida halovatini topadigan iymonni ato qilaman” deyilgan. 
Tabaroniy va imom Hokim rivoyati. Vallohu a’lam!

9 May 2022, 14:37 | Savol-javoblar | 170 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar