Xaramga qaraganni ko‘zini o‘yib olish

Assalomu alaykum! Bir xadis eshitdim. Xaramingga birov kirsa yoki kallasini tiqsa, jaxling chiqib ko‘zini o‘yib olsang gunoxkor bo‘lmaysan degan manoda. Shunqa xadis bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Islomda nafaqat birovning uyiga ruxsatsiz kirish, balki nazar solish ham, hatto maktubini iznsiz o‘qish ham taqiqlanadi.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim bir qavmning hovlisiga ularning iznisiz qarasa, bas, ular uning ko‘zini o‘yib olsalar, xun to‘lamaydilar», deganlar.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنِ اطَّلَعَ فِي بَيْتِ قَوْمٍ بِغَيْرِ إِذْنِهِمْ فَقَدْ حَلَّ لَهُمْ أَنْ يَفْقَأُوا عَيْنَهُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim bir qavmning uyi ichiga ularning iznisiz nazar solsa, batahqiq, ularga uning ko‘zini o‘yib olish halol bo‘ladi», dedilar».
Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hukm ham Islom inson daxlsizligini ta’minlashga qanchalar katta e’tibor berishini ko‘rsatib turibdi. Inson o‘zini eng erkin sezadigan joy uning uyidir. U o‘z uyida boshqaning nazaridan va qulog‘idan xavfsiramay yashamog‘i lozim. Aks holda, uning uyidagi rohati to‘liq bo‘lmaydi. Bunday eminlikni ta’minlash uchun ushbu hadisi sharifdagi kabi shiddatli qonunlar kerak bo‘ladi.وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَوْ أَنَّ رَجُلًا اطَّلَعَ عَلَيْكَ بِغَيْرِ إِذْنٍ فَخَذَفْتَهُ بِحَصَاةٍ فَفَقَأْتَ عَيْنَهُ مَا كَانَ عَلَيْكَ مِنْ جُنَاحٍ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَحْمَدُ  Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Agar biror kishi sening ustingdan iznsiz kuzatib tursa-yu, sen mayda tosh otib, uning ko‘zini chiqarsang, senga gunoh bo‘lmaydi», dedilar».
Muslim va Ahmad rivoyat qilganlar. (“Hadis va Hayot” kitobidan).  Vallohu a’lam!

9 May 2022, 17:00 | Savol-javoblar | 152 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar