Qurbonlik xayitida aytiladigan takbir

Assalomu alaykum! Ustozlar qurbon hayitida aytiladigan takbirni uyda yakka o‘qiydigan namozxon xam aytadimi? Aytilsa necha marta aytgan afzal?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Muqim kishi zulhijjaning to‘qqizinchi kuni bomdod namozidan, o‘n uchinchi kunining asr namozigacha jamoat bilan, farz namozidan keyin takbiri tashriqni bir marotaba aytishi vojibdir. Ammo musofir, yolg‘iz namoz o‘quvchi va ayollarga vojib emas. Lekin bularning barchasi takbiri tashriqni aytishlari vojib, degan ulamolar ham mavjud. Shuning uchun yuqoridagilar ham takbiri tashriqni aytishlari yaxshidir.
Arafa kunining bomdodidan boshlab, iydning asrigacha mustahab bo‘lgan jamoat ila ado etilgan har farzning ortidan misrda muqim bo‘lgan kishi, erkakka iqtido qilgan ayol va muqimga iqtido qilgan musofir uchun «Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaaha illallohu! Vallohu akbar! Allohu akbar! Va lillaahil hamd»ni aytish vojibdir.
Imom Abu Yusuf va imom Muhammad «Tashriq kunlarining oxirgi asrigacha» deganlar va shunga amal qilinadi. Agar imom tark qilsa ham, muqtadiy uni tark qilmaydi.
Ya’ni ushbu takbir siyg‘asini bir marta aytish vojib. Ortiqcha aytish mustahab va savob.
Alloh taolo Baqara surasida: وَاذْكُرُواْ اللّهَ فِي أَيَّامٍ مَّعْدُودَاتٍ «Sanoqli kunlarda Allohni zikr qiling», degan (203-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo sanoqli kunlarda, ya’ni tashriq kunlarida O‘zini eslashga, zikr qilishga buyurmoqda.
Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sanoqli kunlarda Allohni zikr qiling», degani tashriq kunlarida farz namozlaridan keyin «Allohu akbar, Allohu akbar», deb takbir ayting, deganidir».
Agar imom tark qilsa ham, muqtadiy uni tark qilmaydi.
Mazkur takbir bevosita farz namozidan keyin aytiladi. Oraga namozni buzadigan amallar tushmasligi kerak. Vallohu a’lam!

9 May 2022, 18:39 | Savol-javoblar | 164 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar