«Dinga majbur qilish yo‘q» oyatini izohlab bersangiz

«LAA IKROHA FID DIYN»-dinda zo‘rlash(majburlash) yo‘q-ma’nosini aniqlashtirib bersangiz?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
«Dinga majbur qilish yo‘q. Batahqiq, haq botildan ajradi. Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq, uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi. Va Alloh eshituvchi, biluvchi zotdir ». Aqiyda, iymon masalasi inson qalbiga bog‘liq juda ham nozik bir masaladir. Bu narsani majbur etib, kuch bilan singdirib bo‘lmaydi. Balki har bir inson bayon qilingan narsalarga tushunib iymon keltirgandagina maqsad hosil bo‘ladi. Islomda ushbu qoidaga qattiq rioya qilinadi. Alloh taolo O‘zi: «Dinga majbur qilish yo‘q. Batahqiq, haq botildan ajradi», deb qo‘ygan. Ya’ni, Alloh taolo O‘z Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga Qur’oni Karimni tushirib, Islomni joriy qilgandan so‘ng to‘g‘ri yo‘l noto‘g‘risidan, haq botildan ajradi. Hamma narsa o‘z o‘rnini topdi. Shunday bo‘lgandan keyin «Dinga majbur qilish yo‘q». Har kimga Alloh aql bergan, o‘ziga kerak yo‘lni tanlab olsin. Ushbu qoidaga amal qilinib, tarixda odamlarni, boshqalar kabi, Islomga majbur qilib kiritish bo‘lmaganidan, balki barcha xalqlar o‘z ixtiyori, ishonchi va aqidasi ila Islomni qabul qilganidan, bu din qaerga borsa, o‘sha erda o‘rnashib qoldi. Majburiy yo‘l bilan tarqatishga urinilgan aqida va mafkuralar esa, baqosiz bo‘ldi. Eng yaqin misol–kommunistik mafkura. Bu baloni kishilarga tarqatish uchun bo‘lgan harakatdek kuchli va bardavom harakat bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Lekin ozgina muddatdan so‘ng kommunist rahbarlarning o‘zi bu narsani boshqalardan ko‘proq tanqid qiladigan bo‘lib qolishdi. «Dinga majbur qilish yo‘q» jumlasiga tegishli ko‘p tarqalgan tushunmovchilik ham bor. O‘zini musulmon sanab yurgan ba’zi kishilarga musulmonlik vazifasini bajarish zarurligi eslatilsa, darhol: «Dinga majbur qilish yo‘q», deydi. Bu-dalildan noto‘g‘ri foydalanishdir. Rost, sen yahudiy yoki nasroniy bo‘lsang, seni Islomga majbur qilish yo‘q. Lekin sen musulmonlik da’vosini qilib tursang-u, o‘z musulmonlik vazifangni bajarmasang, bo‘lmaydi. Musulmonlik vazifasini bajarmagan shaxsga nisbatan jazo choralari ko‘riladi. Misol uchun, namozni olaylik. Uni inkor qilgan odam kofir bo‘ladi. Dindan qaytganning jazosi o‘lim. Namozning farzligini tan olib, dangasaligidan o‘qimayotgan odam, oldin ogohlantiriladi, so‘ng qamaladi va oxiri o‘limga hukm qilinishgacha etib boradi. Demak, bu oyatni dinga olib kirishga majbur qilish yo‘q, deb tushunmoq kerak. Bu esa insonning hurmati, uning huquqlarining himoyasidir. «Batahqiq, haq botildan ajradi». Haqdan murod–iymon, botildan murod–kufrdir. So‘ngra oyatda iymonning haqiqati yana ham ravshanroq bayon qilinadi: «Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq, uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi». Tog‘ut, «tug‘yon»dan olingan bo‘lib, Alloh chizgan chiziqdan chiqishga aytiladi. Allohning yo‘lidan boshqa yo‘lni, «tog‘ut», deyiladi. Tog‘utning kattasi shaytondir. Dunyoda kufr keltirish lozim narsa–tog‘utdir. Iymon keltirish lozim esa–Allohdir. Shuning uchun tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirib, uzilmaydigan mustahkam tutqichni tutishga harakat qilmoq lozim. «Va Alloh eshituvchi, biluvchi zotdir». U zot tillar nimani nutq qilsa, hammasini eshitadi. U zot dildan nima o‘tsa, hammasini biladi. https://savollar.islom.uz/smf/index.php/topic,3914.0.html

26 May 2022, 18:12 | Savol-javoblar | 174 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar