8153-savolda xato ketmaganmi

Assalomu alaykum! 8153 - savol javobiga e’tibor bering, "Hadisda iymoni chiqib turadi degan gap yo‘q" deb yozilishi kerakmidi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! To‘g‘ri yozilgan. O‘sha ish vaqtida iymoni chiqib turadi deyilgan. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يَزْنِي الزَّانِي حِينَ يَزْنِي وَهُوَ مُؤْمِنٌ، وَلَا يَشْرَبُ الْخَمْرَ حِينَ يَشْرَبُ وَهُوَ مُؤْمِنٌ، وَلَا يَسْرِقُ حِينَ يَسْرِقُ وَهُوَ مُؤْمِنٌ، وَلَا يَنْتَهِبُ نُهْبَةً يَرْفَعُ النَّاسُ إِلَيْهِ فِيهَا أَبْصَارَهُمْ حِينَ يَنْتَهِبُهَا وَهُوَ مُؤْمِنٌ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Zinokor zino qilayotganida mo‘min bo‘lmas, aroqxo‘r aroq ichayotganida mo‘min bo‘lmas, o‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotganida mo‘min bo‘lmas, talonchi molni tortib olayotganda, odamlar unga ko‘zlarini tikib, qarab qolganlarida mo‘min bo‘lmas», dedilar».
Ikki Shayx rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda mo‘minlikka umuman mos kelmaydigan, mo‘min kishi qilishi mutlaqo mumkin bo‘lmagan ba’zi ishlar haqida so‘z bormoqda.
Zino katta gunohdir. Bu gunoh eng yuqori darajadagi xiyonat hisoblanadi. Xiyonat deganda, Islomda ba’zi xalqlardagi kabi, faqat umr yo‘ldoshiga xiyonat qiluvchi odam tushunilmaydi.
Balki keng ma’nodagi xiyonat – Allohga, Rasulga, dinu diyonatga, jamiyatga, kelajak avlodlarga, insoniyatga, o‘ziga va mo‘minlikka xiyonat tushuniladi.
Alloh taoloni tanigan odam zino qilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummatman, degan odam zino qilmaydi. dinu diyonatim bor, degan odam zino qilmaydi.
O‘z jamiyatimga sodiq a’zoman, degan odam zino qilmaydi. Chunki uning bu ishi u yashab turgan jamiyatga zarar keltiradi.
Kelajak avlodlarga yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan odam zino qilmaydi. Chunki zino naslning buzilishiga olib boradigan jinoyatdir.
Insoniyatga yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan inson ham zino qilmaydi. Chunki zino insoniyatga zarar keltiradigan gunohdir.
O‘ziga o‘zi yaxshilik qilmoqchi bo‘lgan odam ham zino qilmaydi. Chunki zino zinokorni odamgarchilikdan chiqaradi.
Mo‘minlikdan umidi bor odam ham zino qilmaydi. Chunki zino iymonga zid narsadir.
Ushbu hadisi sharif ham shunga dalildir. Bu iborani turlicha tushunish mumkin. «Bu ishni qilgan odam kofir bo‘ladi» degan jumladan tortib, eng osoni – «Shu ishni qilayotgan paytida iymoni chiqib turadi», deyishgacha. Iymonli odam uchun iymondan bir lahza ajrashdan ko‘ra kattaroq musibat yo‘q. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

9 May 2022, 23:25 | Savol-javoblar | 147 | Administrator
|
Boshqa savol-javoblar