Islomiy oylar

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, izlash xizmatidan va islom.uz sayitidan islomiy oylarni topib o‘qib chiqdim. Islomiy oylar hijriy-qamariy deb yozilgan va 12 oy ko‘rsatilgan. Shudan birinchisi Muharram oyi deb yozilgan. Men shu oyni yanvar oyi deb o‘ylabman. Savol-javoblarni o‘qiyotib Muharram oyi bu yil 2-oktyabrdan deyilibdi. Allox nasib etsa Ashuro ro‘zasini tutishi niyat qilayotgandim. Saytdan islomiy oylarni o‘qib bila olaman, ammo qaysi payitda kirishini bilmayman. Savodsizligim uchun uzr, sizlardan iltimos shu islomiy oylarni batafsil o‘rganishim uchun birorta kitobmi yoki sayitni aytib yuborsangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz tushunganingiz kabi hijriy-qamariy oy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilganlaridan yuritila boshlagan sana, hijriy sana deyiladi. Qamariy deyilishiga sabab, uni oyga qarab kunlari belgilanadi. Oy gohida 30, gohida 29 kun bo‘lgani uchun shamsiy, ya’ni quyoshga qarab belgilanadigan kundan 11 kun kamroq bo‘ladi. Shuning uchun ma’lum bir mavsumga belgilanmaydi. Hijriy yilning boshlanishi melodiy yilning turli oylariga to‘g‘ri keladi. Islomiy oylar hijriy-qamariy bo‘lib, ular quyidagilar: 1. Muharram; 2. Safar; 3. Rabi’ul avval; 4. Rabi’us soniy; 5. Jumodul avval; 6. Jumodus soniy; 7. Rajab; 8. Sha’bon; 9. Ramazon; 10. Shavvol; 11.  Zulqa’da; 12. Zulhijja. Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 06:00 | Savol-javoblar | 195 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar