Aqiydaviy savollar

Assalomu alaykum! Ma’lumki, aqiydaviy kitoblarni o‘qish oddiy inson uchun bir muncha tushunmovchiliklar tug‘diradi. Menda Aqiydatut tahoviya kitobidan savollar paydo bo‘lgandi. Shularni sizlardan so‘rashni ma’qul deb bildim. 1) Shayx hazratining Aqiydatut tahoviyasining 88 bet oxirgi satrida Taaluqning bor yo‘qligi asosiy masalaligi, Xoliqlik sifati Allohda azaldan bo‘lgani lekin hech nimaga taaluqli bo‘lmagani, mahluqlar yaratilganidan keyin esa Allohga taaluqli bo‘lgani yozilibdi. Iltimos shuni oddiyroq tushintirib bersangizlar. 2) G‘iybat, chaqimchilik illatlari mahluqmi? Bu ka’bi ma’siyatlarni Alloh yaratib so‘ng ulardan chetda bo‘lishni buyurganmi yoki ular o‘zi bor bo‘lgani uchun qaytarilganmi? 3) Mo‘taziliy va shu kabi adashganlar kofir hisoblanadimi? Ularni doim "zalolat ahli" kabi ta’rifda o‘qiganman. Ammo hecham dindan chiqqan deb ko‘rmagandim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom!  1). Siz bilan biz biror ishga qo‘l urib uddasidan chiqa olsakkina o‘sha sifatga ega bo‘lamiz. Masalan ilm o‘rganib, mashaqqatlar chekib olim bo‘lsak keyin bizda ilm sifati paydo bo‘ladi. Allohda esa unday emas. Azaldan Olim. Maxluqotlarni yaratmasdan oldin ham Alloh Xoliq edi, lekin hali maxluqlar yaratilmagani uchun Allohning Xoliq sifatidan maxluqqa nasiba tegmadi.2). Insonning tabiatiga o‘sha gunohlarni qilish iste’dodi kiritilgan. Insonda ikki unsur bor. Biri fisqi-fujur qiladigan unsur, ikkinchisi taqvoga boshlaydigan unsur. Inson fisqi-fujurga yaqinlashsa yoki u haqida o‘ylasa fisqi-fujurga olib boradigan o‘sha unsur ishqalanadi, harkatga keladi va ma’siyat sodir bo‘lishigacha olib boradi. Taqvoli insonlarga, pandu-nasihatlarga yaqinlashsa taqvo unsuri ishqalanadi, harakatga keladi va sohibini ham o‘sha ishlarni qilishga undaydi. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda “Sodiqlar bilan birga bo‘linglar, ularni safida bo‘linglar” deb buyurgan. 3). Kufr darajasidagi aqiydalari ham bor. Vallohu a’lam!

10 May 2022, 16:09 | Savol-javoblar | 143 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar