Dejavyuning hukmi

Assalomu alaykum! Izlash xizmati orqali dejavyu savolini topdim. Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf raximahulloh quyidagicha javob bergan ekanlar. “Bunday deyish noto‘g‘ri. Mutlaqo noto‘g‘ri. Islom aqiydasini o‘rganish kerak. Ishxonamdagi hamkasbim dejavyu holatini hamda Andey Veyrning kichkina hikoyasini aytib ko‘p marta tirilib yashash fikrini bildirdi. Men dejavyu holatiga Islomda nima deyilganini bilmaganim uchun diniy tushuntirish beraolmadim. U kishi «Tuxum» hikoyasini yana aytib boshqa o‘ta shirk keltiradigan fikrlarni ham aytdi. Dejavyu holatiga diniy tushuntirish qanday. Alloh barchangizdan rozi bo‘lsin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Quyida sizga bu mavzuda tushuncha berishga harakat qilamiz. Unda Ustozimiz rahimahullohga berilgan savol va javobdan foydalanimiz.
Savol: AsSALOMU alaykum shayx xazratlari. Sizga savol berish baxtiga muyassar etgan OLLOX TAOLOGA xamdu sanolar bulsin. Xinduizm v Buddizm diynlarida inson ruxi dunega kayta tugilishi xakida kup ezilgan. Aytishlaricha Islomdagi ba’zi mazxablar xam, kayta tugilishni tan olishar ekan. Lekin men Islom diyni deganda Kur’on v xadisni tushunaman. Inson ruxi dunega kayta tugilishini  anik inkor etuvchi oyat va xadislar bormi?
Javob: - Mazkur tushunchani “Tanosuxul arvoh” deyiladi. Ya’ni, ruhlar bir narsadan boshqa narsaga ko‘chib yuradi. Qur’oni Karim va hadisda siz aytib o‘tgan bu tushuncha umuman, e’tiborga olinmaydi. Alloh taolo ruh haqida Qur’oni Karimda marhamat qiladi:
«Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: «Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir», deb ayt. Ushbu oyati karimaning nozil bo‘lishi sababi haqida ikki rivoyat keltiriladi. Imom Ahmad ibn Hanbal, imom Nasaiy, Hokim va Ibn Hibbon kabi muhaddislar hazrati Abdulloh ibn Abbosdan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Qurayshliklar yahudiylarga: «Bizga bir narsa o‘rgating, manavi odamdan so‘raylik», deyishdi. Ular: «Ruh haqida so‘ranglar», dedilar. Shunda qurayshliklar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ruh haqida so‘radilar. Bu so‘rovga javoban: «Va sendan ruh haqida so‘rarlar», oyati nozil bo‘ldi». Imom Buxoriy va imom Muslim hazrati Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda esa, quyidagilar aytiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Madiyna ko‘chalaridan birida borar edim. U kishi bir shoxga tayanib olgan edilar. Shu payt bir guruh yahudiylar duch keldilar. Ular bir-birlariga: «Bundan ruh haqida so‘ranglar», dedilar. Ulardan ba’zilari o‘rinlaridan turib kelib ruh haqida so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam javob bermay, jim turib qoldilar. Men u zot sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelayotganini darhol sezdim. Turgan joyimda kutdim. Vahiy nuzuli to‘xtagandan so‘ng, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Va sendan ruh haqida so‘rarlar», oyatini tilovat qildilar». Shuning uchun ham, tafsirchi ulamolarimiz, ushbu oyati karima ikki marta, ya’ni, Makkada bir, Madiynada bir nozil bo‘lgan, deydilar. Shu masalada kelgan boshqa rivoyatlarga ko‘ra, yahudiylar ruh haqidagi savolga Allohdan boshqa hech kim javob bera olmasligini avvaldan bilganlar. Tavrotda shu haqda ma’lumot bo‘lgan. Ular qu-rayshliklarga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan ruh haqida so‘rashni o‘rgatishlari bilan barobar, agar javob bersa, Payg‘ambar emas, javob bermasa, haqiqiy Payg‘ambar bo‘ladi, deyishgan. Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqiqiy Payg‘ambar bo‘lganlari uchun ham, ruh va uning mohiyati haqidagi savollarga javob bermadilar. Alloh taolo bergan javobni ularga o‘qib berdilar. Bu javob: «Ruh Robbimning ishidir», deyishlik edi. Ruh, uning mohiyati va unga tegishli boshqa narsalar Allohning ishi, bandaning ishi emas. Banda qanchalik maqtanmasin, ilmi ozdir: «Sizga juda oz ilm berilgandir». Bandaning ana shu oz ilm bilan gerdayishi ham olamni oladi. Aslida esa, o‘z idroki etadigan, o‘ziga foyda keltiradigan narsalarni bildirgan Allohga shukr etib, qolganini Allohga havola qilishi kerak edi. Insonning hamma narsasi cheklangandir. Jumladan, aqli, idroki ham mahduddir. U aqli, idroki doirasidagi ishlar ila shug‘ullanib, undan tashqaridagi narsalar xususida behuda bosh qotirmasligi kerak. Bular qatoriga ruh masalasi ham kiradi. Hozirgacha insonning ruh haqida biror narsa bilish uchun qilgan barcha harakatlari behuda ketdi. Ruh haqida hech narsa bila olmadi. Inson ruh haqida bilgan birdan-bir narsa Alloh yuborgan vahiy, xolos. Ana o‘sha Alloh yuborgan vahiy asosida aqoid kitoblarimizda ruh haqida quyidagilar aytiladi. Olamlar ruhlarini olishga vakil qilgan o‘lim farishtasiga iymon keltiramiz. Dalil: 1-«Sen: «Sizlarni o‘zingizga vakil qilingan o‘lim farishtasi vafot etdiradi. So‘ngra, Robbingizga qaytarilursiz»-deb ayt». (Sajda: 11) Jon oluvchi bitta farishta bo‘lmagani uchun boshqa oyatda: 2–«Farishtalar vafot etdiradilar», (Naxl: 28) deyilgan. Shuningdek: 3-«Toki, birortangizga o‘lim kelganida, elchilarimiz sizni vafot etdirur. Ular kamchilikka yo‘l qo‘ymaslar», (An’omsurasi, 61) degan. Farishtaalar jonlarni Allohning amri va izni bilan qabz qiladigan bo‘lganlari uchun: 4-«Alloh jonlarni ularning o‘limi paytida vafot etdirur va uyqusida o‘lmaganlarini ham», (Zumar: 41) degan. O‘lim farishtasiga jonlarni qabz qilish va chiqarib olish topshirilgan. So‘ngra, ularni rahmat farishtalari yoki azob farishtalari qabul qilib oladilar va Alloh taolo xohlaganicha yaxshi va yomon jonlarning turar joylariga olib boradilar. Bularning hammasi, Allohning izni, qazoi qadari, hukmi va amri bilan bo‘ladi. Shuning uchun ham, ularning har biriga, o‘z vazifasiga qarab jon olishni izofa qilsa-nisbat bersa bo‘ladi. Endi ruh va nafs haqida muhim bahslarni qisqagina qilib zikr etamiz. Umid qilamizki, ushbu masalalarni bilishga qiziqqan odamga foyda beradi. Birinchi savol: Ruh nima o‘zi? Bilinki, ruh haqiqati haqida eng avvalo idrok qilish lozim bo‘lgan narsa shulki, u jonli narsalarda hayotning asosidir. Albatta, o‘sha jonli narsa unga ruhning puflanishi bilan tirik bo‘ladi. Undan ruh ajrab chiqishi bilan o‘lik bo‘ladi. Bu ruhning eng yuqori ta’rifidir. Uning chegarasi emas. Ruh ishiga chuqur nazar solinganidan keyin «ruh» so‘zi ikki narsaga ishlatilishi zohir bo‘ladi. 1. Qalbda (yurakda) g‘izolarning xulosasidan tug‘iladigan, his qiluvchi, harakatlantiruvchi, g‘izoning tadbirini qiluvchi latif bug‘ga ruh deyiladi. Bunda barcha joni bor narsalar sherikdirlar. Ya’ni, bu narsa ularning hammasida bordir. O‘sha bug‘ning yupqa yoki qalin, musaffo yoki kir, bo‘lishiga qarab jonli narsadan turli narsalar zohir bo‘ladi. Uning badanda bo‘lishi, xuddi atirguldagi suv yoki ko‘mirdagi olovga o‘xshaydi. Ushbu «Bug‘ga hayvoniy ruh yoki havoyi ruh, deyiladi. 2. Idrok qiluvchi ruh bo‘lib, uni haqiqiy ruh, deyiladi. U esa, haligi bug‘ yoki hayvoniy ruh ustida bo‘ladi. Badan havoyi ruhni ko‘taradigan bo‘lganidek, havoiy ruh ham haqiqiy ruhni ko‘taradigan bo‘ladi. (Hujjatullohi al-Bolig‘a 2-38). Ushbu haqiqiy ruhga, nafs, ham deyiladi. Qur’on, sunnat, sahobalarning ijmo’i va aql dalolat qiladiki, o‘sha nafs-nuroniy, oliy, engil, tirik, harakatlanuvchi, bir jism bo‘lib, a’zolarning javhariga kiradi. Unda xuddi suv atirgulda yurganiga o‘xshab, yog‘ zaytunda yurganiga o‘xshab va olov ko‘mirda yurganiga o‘xshab yuradi. Modomiki, a’zolar ushbu latif jismdan oqib chiqqan ta’sirlarni qabul qilishga solih ekan, o‘sha latif jism ularda yurib turadi. Uning belgilari his qilishni va irodali harakatni ifoda qiladi. Qachonki, a’zolar, ularga qo‘pol axlatlarning ustun kelishi sababli mazkur ta’sirlarni qabul qila olmay qolsa, ruh badandan ajrab chiqib, ruhlar olamiga qo‘shiladi.RUHNING BOShQA MA’NOLARI 1. Gohida Qur’onni ham, ruh, deb nomlanadi. «Shundoq qilib, Biz senga o‘z amirlarimizla Ruhni vahiy etdik». (Shuro: 52) 2. Gohida Jibroil alayhissalomga ham Ruh deyiladi: «Uni Ruhul amiyn olib tushdi». ( Shuaro: 193) 3. Inson badanida kirib-chiqib turadigan havoga ham aytiladi. 4. Allohning tanishlik, Unga qaytishlik quvvatiga ham aytiladi. «Ana o‘shalarning qalblariga iymonni yozdi va ularni O‘zidan bo‘lgan ruh bilan qo‘lladi». (Mujodala: 58) Ikkinchi savol: Ruh qadimiymi yoki keyin paydo bo‘lganmi? Ba’zi so‘filar va faylasuflar, ruh qadimiydir, deganlar. Ammo barcha payg‘ambarlar, ruh keyin paydo bo‘lgan, xalq qilingan, yasalgan, tarbiyalangan narsa ekaniga ittifoq qilganlar. Barcha dinlar olam keyin paydo bo‘lgan narsa ekanligiga iqrordirlar. Sahobalar va tobe’inlar ham ushbu aqiyda ila o‘tganlar. Qur’on va sunnat ta’limoti shunga dalaolat qiladi. Alloh taolo: «Alloh har bir narsaning yaratuvchisidir. U zot har bir narsaga vakildir», (Zumar: 39) deydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Alloh bo‘lgan edi. Alloh bilan hech narsa bo‘lmagan edi», deganlar. Uchinchi savol: Ruh o‘ladimi yoki o‘lmaydimi? Ba’zi toifalar, ruh o‘ladi, deganlar. Chunki, u–nafsdir. Har bir nafs esa, o‘limni tatiguvchidir. Shuningdek, u er ustidadir. Alloh esa: «U (er)ning ustidagi har bir kimsa foniydir», (Ar-Rahmon: 26) degan. Nafs - «narsa»dir. Alloh taolo: «U zotning yuzidan boshqa har bir narsa halok bo‘luvchidir», (Qasos: 88) degan. Boshqa toifalar esa, ruhlar o‘lmaydi, degan. Chunki, ular boqiylik uchun yaratilganlar. Badanlargina o‘ladi. Ko‘pgina oyat va hadislar, ruhlar badandan ajraganidan so‘ng ularga yana qaytib kelgunlaricha rohat yoki azobda bo‘lishiga dalolat qilgan. To‘g‘risi shulki; Jasadlardan ajrab chiqish - ruhlarning o‘limidir. Agar o‘limdan ushbu narsa iroda qilinsa, ruhlar o‘ladi. Agar butunlay yo‘q bo‘lib ketishi iroda qilinsa, unda o‘lmaydi. Ular boqiy qoladilar. Dalil: «Ular u erda birinchi o‘limdan boshqa o‘limni tatimaydilar». (Duxon: 56) O‘sha o‘lim ruhning jasaddan ajralishidir. Ruh uchun jasaddan ajrashdan boshqa o‘lim yo‘q. To‘rtinchi savol: «Ruh bir narsami yoki ayri-ayri ikki narsami? Tahqiq shuni ko‘rsatadiki, ruhning zoti bir, e’tibori ikkidir. Idrok qiluvchi narsaga badandan ajragan holida «ruh», deyiladi. Badanda turganida esa nafs, deyiladi. Ular orasidagi farq shunda. Gohida birining o‘rniga ikkinchisi aytilaveradi.Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohRuhning asl haqiqatini nima ekanligini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. Bu borada Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Va sendan ruh haqida so‘rarlar. Sen: «Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir», – deb ayt.» (Isro, 85).(«Tafsiri Hilol» kitobidan). Ruhlarning bir tanadan boshqa tanaga ko‘chishiga kelsak, bu nazariya ilm-fan tilida «reinkarnatsiya» deyiladi. Arab tilida «tanosuh, tajassum» deb atalib, bu atama o‘limdan so‘ng ruhning bir tanadan chiqib, boshqa bir jasadga ko‘chishi haqidagi asossiz nazariyaga nisbatan ishlatiladi. O‘tmishda g‘aybiy hodisalarga aqli etmagan johil kimsalar, aqidasi buzuq qavmlar (masalan, ba’zi ravofizlar, buddaga sig‘inuvchi hindlar, hatto xristian diniga mansub bo‘lgan ba’zi bir kishilar) ana shunday tushunchada bo‘lishgan. Ular qiyomatda qayta tirilishni, har bir ruh o‘z jasadiga qaytib, jannatga yoki do‘zaxga kirishini inkor qiladilar va ruhlar tanani tark qilganidan keyin, boshqa yangi tug‘iluvchi chaqaloq tanasiga kiradi – deyishadi. Ba’zida o‘z xulqi va shakliga munosib bo‘lgan hayvon, hashorat va qushlarning tanasiga kiradi va amallariga qarab ne’matlanadi yoki azoblanadi – deyishadi. So‘ng yana o‘sha amali va axloqiga munosib boshqa tanalarga kiradi – deyishadi. Mana shu ularning nazdida kishining amaliga yarasha ne’matlanish yoki azoblanishdan iboratdir.  Agar gunoh qilsa, u o‘lgach, ruhi it yoki to‘ng‘iz, yoki kofir jasadiga o‘tadi va azoblanadi. Oqibatda barcha ruhlar qilgan gunohidan poklanib, Parvardigorga qaytadi. Bunday toifadagi kishilar nazdida, ruhlar tanadan ajragach, ularning qaror topgan joylari o‘zlariga munosib hayvonlardan iboratdir. Ba’zilari shunday yashash doimiy davom etadi – desa, ba’zilari inson etti bor bu dunyoga qayta keladi – deyishadi. Ba’zilar esa : Ruh tanani tark etgach butkul yo‘q bo‘lib ketadi, qilgan amaliga yarasha bo‘lgan ne’mat yoki azoblanish jasadga bo‘ladi – deyishadi. Bunday gaplar botil va bunday e’tiqod Odam alayhissalomdan Muhammad alayhissalomgacha o‘tgan barcha anbiyolar ittifoq qilgan e’tiqodga zid bo‘lib, Alloh va qiyomat kuniga kofir bo‘lish hisoblanadi.(Alloh saqlasin). Ming afsuski, hozir dinimiz ta’limotlaridan bexabar ayrim kishilar ana shunday tagi yo‘q gaplarga ishonib yurishibdi. Ba’zi matbuot nashrlari ruhlarning insonga yoki jonzotlarga ko‘chishi haqidagi shov-shuvli xabarlarni chop etib, ularni chalg‘itishga sababchi bo‘lishmoqda. Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, har bir jasadning alohida ruhi bor. Ular u erda birinchi o‘limdan tashqari o‘limni totmaslar. (U Zot)ularni do‘zax azobidan saqlar. (Duxon. 56). («Tafsiri Hilol» kitobidan). Har bir jasad o‘z ruhi bilan qiyomatda qayta tiriladi va hisobga tortiladi. So‘ng ularga beriladigan azob yoki ne’mat ham jasadiga, ham ruhiga bo‘ladi. Shu o‘rinda “inson vafot topgach ularning ruhlari qaerda bo‘ladi?” degan savolga ulamolar turlicha fikrlar aytganlar. Inson vafot topishi bilan qabr hayoti boshlanadi. U hayotda ruhlarning turar joylari bir-biridan farq qiladi. 1-Nabiy va rasul salovatullohi alayhim va salamuhular. Ularning ruhlari “Malaul a’lo”da “Illiyyin”da bo‘ladi. Ularning manzillari ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam me’rojda ko‘rgan maqomlarda. 2-Shahidlarning ruhlari jannatdagi qushlarning jig‘ildoniga joylashtirib qo‘yiladi. Ular jannatning xohlagan joylariga sayohat qiladilar. Qiyomat qoim bo‘lgach o‘z tanalariga qaytarilib, tanalari ila jannatga kiradilar. Bu maqom ham shahidlarning hammalariga tegishli emas. Muhammad ibn Abdulloh ibn Jahshdan qilingan rivoyatda: Kishi shahid bo‘lsada, qarzi tufayli ruhini jannatga kirishidan to‘xtatib turiladi. Qachon qarzini to‘lasa, keyin kirishi aytiladi. Ulardan ba’zilari jannat darvozasining oldida to‘xtatib qolingan bo‘ladi va ba’zisi esa qilgan gunohi kabiralari tufayli qabrining o‘zida tutib qolingan bo‘ladi. Yana ba’zilari imom Ahmad rivoyat qilgan hadisga binoan turar joyi jannat darvozasi oldidagi yashil qubbada bo‘ladi. Ularga ertayu kech jannatdan rizqlari etkazib turiladi. Yana ba’zi ruhlar yuqoriga ko‘tarila olmay erning o‘zida qoladi. Ular dunyoda Robbisining ma’rifatini hosil qilmagan, muhabbatini qozonmagan, zikr va ibodatida bo‘lmagan kishilarning ruhlaridir. Ba’zilarining ruhlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam me’roj kechasida ko‘rganlarideq, zinokorlar tashlab qo‘yiladigan tandur kabi osti keng joyda bo‘ladi. Ba’zilariniki esa o‘sha kechada ko‘rilgan joylarda bo‘ladi. Kofirlarning ruhlari esa “Sijjiyn”da bo‘ladi – deyishgan. Bundan kelib chiqadiki, barcha baxtli yoki baxtsiz kishilarning ruhlari bir joyda bo‘lmaydi. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislarni tekshirib chiqish orqali kelingan natijadir. O‘lgan insonning ruhi ma’lum muddatgacha yaqinlarining yoniga kelib turishi haqida sahih hadislar yo‘q. Lekin hadislarda: Biror kishi vafot topsa amaliga yarasha yuqoridagi ruhlardan qaysidir biriga qo‘shilib, oilasi va ahli ayolining haqida so‘rashi, yaxshi ishlariga xursand bo‘lib, yomon ishlariga ranjishi aytilgan. “Ruhlar doim ko‘rib turadi” degan e’tiqod biror hadisda yo‘q. Vallohu a’lam!"Zikr ahlidan so‘rang" hay’ati.

10 May 2022, 16:51 | Savol-javoblar | 182 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar