Imom va muazzinlarning savobi

Assalomu alaykum! Masjidda azon aytib so‘ng imomlik qiladigon odamga qanday ajr bo‘ladi? Xadislarda kelganmi shuni bilmoqchi edim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadislarda quyidagicha keladi: عَنْ مُعَاوِيَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْمُؤَذِّنُونَ أَطْوَلُ النَّاسِ أَعْنَاقًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَحْمَدُ  Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Muazzinlar qiyomat kuni bo‘yni eng uzun odamlar bo‘lurlar», dedilar».
Muslim va Ahmad rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisda muazzinlarning fazli qiyomat kuni oliy darajada bo‘lishi haqida so‘z bormoqda. Ular hammaning ichida alohida fazl bilan ajralib turar ekanlar. Arablarda aslzoda, ulug‘ kishilarni «bo‘yni uzun» deb vasf qilish odati bor.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْإِمَامُ ضَامِنٌ وَالْمُؤَذِّنُ مُؤْتَمَنٌ، اللَّهُمَّ أَرْشِدِ الْأَئِمَّةَ وَاغْفِرْ لِلْمُؤَذِّنِينَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالشَّافِعِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Imom zomindir, muazzin omonat egasidir. Allohim! Imomlarni irshod qil, muazzinlarni mag‘firat qil», dedilar».
Abu Dovud, Shofe’iy va Termiziylar rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifda imom va muazzinlarning mas’uliyatlari bayon qilinmoqda. Imom o‘z qavmining namozi uchun zomindir. U namozini barkamol qilsa, qavmning namozi ham barkamol bo‘ladi. Agar imomning namozi o‘rtacha bo‘lsa, butun qavmning namozi ham o‘rtacha bo‘ladi. Imom o‘zini pok tutib, namozni a’lo darajada o‘qib tursa, o‘zi ham, qavmi ham ajru savob va oliy martabalarga erishadilar. Ammo betavfiqlik qilib, nuqsonga yo‘l qo‘ysa, gunohi o‘ziga bo‘ladi.
Shuningdek, muazzin ham o‘z qavmining omonat egasidir. Uning bo‘yniga butun boshli bir qavmning namozi vaqtida o‘qilishi, ro‘zasining vaqtida tutilib, vaqtida ochilishi yuklatilgan. Agar muazzin taqvodor bo‘lib, o‘ziga yuklatilgan omonatni sharaf bilan ado etsa, ulkan martabalarga erishadi. Lekin omonatga xiyonat qilsa, ishi rasvo bo‘ladi.
Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularning haqqiga duo qilib:
«Allohim! Imomlarni irshod qil, muazzinlarni mag‘firat qil», dedilar».وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْمُؤَذِّنُ يُغْفَرُ لَهُ مَدَى صَوْتِهِ وَيَشْهَدُ لَهُ كُلُّ رَطْبٍ وَيَابِسٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَزَادَ فِي رِوَايَةٍ: وَلَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ صَلَّى مَعَهُ  Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Muazzin ovozi etgan joygacha mag‘firat qilinadi va unga barcha ho‘lu quruq guvohlik beradi», dedilar».
Abu Dovud va Nasaiylar rivoyat qilganlar.
 Nasaiyning rivoyatida:
«Unga u bilan namoz o‘qiganlarning ajricha ajr beriladi», degan ibora ziyoda qilingan.
Sharh: Azon aytish o‘ta mas’uliyatli ish bo‘lishi bilan birga, o‘ta sharafli hamdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning:  
«Muazzin ovozi etgan joygacha mag‘firat qilinadi» deganlari muazzinning gunohlari mujassam qilinib, hamma tomonga yoyilsa, azon aytganida uning ovozi qaerga etsa, o‘sha ergacha bo‘lgan gunohlari mag‘firat qilinadi, demakdir.
Buning ustiga, qiyomat kuni unga azoni etgan joylardagi barcha ho‘lu quruq narsalarning yaxshilik ila guvohlik berishi juda ham oliy darajadir.
Eng qimmatlisi, muazzinning azonini eshitib, jamoat namoziga kelgan barcha namozxonlarga qancha ajru savob bo‘lsa, muazzinning bir o‘ziga ham shuncha ajru savob etishidir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 01:31 | Savol-javoblar | 153 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar