Aroq ichadigan odam imom bo‘lsa

Assalomu alaykum! Otam kunduzlari namoz o‘qib kechki ovqat paytida ba’zan aroq ichyapti. Bu holatda otamni bundan qaytarish uchun qanday yo‘l tutaman? 2. Otam sog‘ hollarida imomlikka o‘tishi joizmi va oldin otam imomlikka o‘tgan namozlarim qabul bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Allohdan doim duo qilib so‘rang va ichkilikka mukkasidan ketganlarni davolaydigan shifokorlar bilan maslahatlashing.
2). Otangiz sog‘, mast bo‘lmagan imomlikka o‘tishi joiz. Oldingi o‘qigan namozlaringizda otangiz mutlaqo mast bo‘lmasa, imomligi durust bo‘ladi. Agar nima deganini bilmaydigan darajada mast bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha namozlarni qaytarib o‘qiysiz. وَلِأَبِي دَاوُدَ وَالدَّارَقُطْنِيِّ: الصَّلَاةُ الْمَكْتُوبَةُ وَاجِبَةٌ خَلْفَ كُلِّ مُسْلِمٍ بَرًّا كَانَ أَوْ فَاجِرًا وَإِنْ عَمِلَ الْكَبَائِرَ Abu Dovud va Dora Qutniy keltirgan rivoyatda:
«Farz namoz har bir musulmonning ortidan — u yaxshi bo‘lsa ham, fojir bo‘lsa ham, kabira gunohlarni qilsa ham vojibdir», deyilgan.
Sharh: 
Bu rivoyatdan har kim imom bo‘laverar ekan, degan gap kelib chiqmaydi. Avval o‘tgan hadislardan o‘rganganimizdek, imomlikka eng oliy sifatlarga ega bo‘lgan musulmonlargina o‘tadilar. Bilib turib, nomunosib odamni imom qilishga uringan kishi gunohkor bo‘ladi. Nomunosib odamning o‘zi turli yo‘llar bilan imom bo‘lib olishi ham gunohdir. Imom bo‘ladigan odam ixlosli, taqvodor, ilmli, adolatli va boshqa yaxshi sifatlarga ega bo‘lishi kerak. Bularni yuqorida o‘rganib chiqdik. Ushbu biz o‘rganayotgan rivoyatdagi holat esa taqdir taqozosi bilan musulmonlarning ixtiyoridan tashqari imomlikka o‘tishni o‘ziga ep ko‘rgan, agar ularga qarshi gap-so‘z bo‘lsa, musulmonlar o‘rtasida fitna chiqib, zarar etishi mumkin bo‘lgan holga tegishlidir. Shuning uchun ham ushbu rivoyatni sharhlagan olimlar o‘tgan zamonda ulug‘, ahli solih kishilar ham ba’zan zolim, fosiq hokimlar ortidan namoz o‘qiganlarini zikr qilganlar. Imom Buxoriy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning Hajjoj ibn Yusuf as-Saqafiyning ortidan namoz o‘qiganligi haqida rivoyat keltirganlar. Hajjoj ibn Yusuf o‘z nomi bilan, ya’ni Hajjoji Zolim nomi bilan mashhur. Uning ismiga doimo zolimlik sifati qo‘shib zikr qilinadi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudek ulug‘ sahobiy fitna bo‘lmasligi uchun uning ketidan namozda iqtido qilganlar. Shuningdek, ulug‘ sahobiylardan Abu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhu Marvon ibn Hakimning ortidan namoz o‘qiganlar. Bunday odamlarning imom bo‘lishlari yaxshi emas. Ammo ular imom bo‘lib qolsa, ortlaridan namoz o‘qish joiz. Ularga iqtido qilgan kishilarning namozlari maqbul. Imomlikka o‘tganlarning gunohlari esa o‘zlariga. Alloh taolo musulmonlarga doimo munosib imomlar topilishini nasib etsin. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 19:30 | Savol-javoblar | 158 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar