Tushni birovga aytish

Assalomu alaykum! Yaxshi tush ko‘rsa yaqin insonigami yoki biror kishiga aytgan afzalmi yo aytmagan yaxshimi? Qay biri yaxshi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida:
«Agar birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini tushida ko‘rsa, boshqalarga aytsin. Yomon ko‘radigan narsasini tushida ko‘rsa, chap tomoniga uch marta tuflasin-da, boshqa tomonga yonboshlab olsin. Allohdan uning sharridan saqlashini so‘rasin. Bu tushini hech kimga aytmasin. Shunda tush unga zarar qilmaydi», deganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Muoviya ibn Haydatul Qushayriydan rivoyat qilgan hadisda esa Payg‘ambarimiz alayhissalom:
«Tush ta’bir qilinmaguncha kishi uchun folga o‘xshab turaveradi, ta’bir qilinsa, voqe’likda zohir bo‘ladi», deganlar.
Tobe’inlarning orasida tushlarni oyat va hadislar asosida ta’bir qiluvchi mashhur kishilar ham bo‘lganlar.
Ulamolarning fikricha, tunu kunning uzunligi bir-biriga yaqin bo‘lgan mavsumda tahorat bilan yotgan odamning sahar chog‘i ko‘rgan tushi haqiqatga yaqin tush bo‘ladi. Vallohu a’lam!

11 May 2022, 21:40 | Savol-javoblar | 191 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar