Jamoatga qo‘shilib, lekin imomga iqtido qilmasdan namoz o‘qish

Assalomu alaykum. Men ba’zan masjidga borganimda masjid imomi yo‘qligi sababli uning o‘rniga boshqa odam imomlikka o‘tadi. Lekin u odamning tajvidi umuman yo‘q, qiroatida xato ko‘p. Shunday paytlarda imomga iqtido qilmasdan, lekin jamoat bilan bir safda turib namozni o‘qiyman. Namozdagi harakatlarim jamoat bilan birga bo‘ladi, o‘qiladigan sura duolarni hammasini o‘zim eshitadigan darajada o‘qiyman. Shunday holatda o‘qishim to‘g‘rimi? Nima maslahat bera olasizlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz unday qilmang. Avvalo o‘sha imom bo‘lgan kishiga gapi o‘tadigan odamni topib, uning ham sha’nini ehtiyotini olib aytish kerak. Agar shunda ham natija bo‘lmasa, shu ishga mutasaddi bo‘lgan joylarga murojaat qilinglar. Agar o‘zingiz tajvid qoidalarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsangiz, aytib o‘zingiz imom bo‘ling. Chunki tajvidi komil bo‘lgan kishi harflarni maxrajidan chiqarolmadigan imomga iqtido qilish joiz emas. Siz kabi namoz o‘qish ham masalaning echimi emas. Chunki musulmon kishi noto‘g‘ri holatni ko‘rsa uni isloh qilishga harakat qilishi kerak. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 00:55 | Savol-javoblar | 152 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar