Eshon bovoga atab so‘yilgan qo‘yni go‘shtini emasdan boshqaga berib yuborish

Assalomu alaykum! Biz tarafda Govbant qishlogida eshon bova degan tepalikcha bor. O‘sha erga borib qo‘y so‘yib pishirib eyishadi, ota bobolarimiz qilib kelgan, biz xam shunday qilamiz deydi. Bizga go‘sht bervoradi, shuni emasdan biron kishiga berib yuborsak bo‘ladimi? Nazr qilingan qo‘yni go‘shtini tarqatib o‘sha eshon bovaga savobini bag‘ishlasa bo‘ladimi? 2. Nazr qilingan qo‘yni go‘shtidan esa nima bo‘ladi? Nazr qilingan qo‘yni go‘shtini tarqatib biron kishiga savobini bag‘ishlasa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Jonliqni eshon yoki boshqa odamlarga atab ularni rozi qilish maqsadida so‘yish mutlaqo joiz emas. Iste’moli harom bo‘lgan narsani sotish ham birovga hadya qilish ham joiz emas. Alloh taolo "Moida" surasida marhamat qiladi:   حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ وَالْدَّمُ وَلَحْمُ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللّهِ بِهِ وَالْمُنْخَنِقَةُ وَالْمَوْقُوذَةُ وَالْمُتَرَدِّيَةُ وَالنَّطِيحَةُ وَمَا أَكَلَ السَّبُعُ إِلاَّ مَا ذَكَّيْتُمْ وَمَا ذُبِحَ عَلَى النُّصُبِ وَأَن تَسْتَقْسِمُواْ بِالأَزْلاَمِ ذَلِكُمْ فِسْقٌ 3. Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzishdan o‘lgan, yirtqich egan hayvonlar – magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol) – va butlarga so‘yilgan hayvonlar hamda cho‘plar ila fol ochishingiz harom qilindi. Bu fisqdir.
«Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan» 
hayvon go‘shtining ham harom bo‘lishi, avval aytganimizdek, iymon taqozosiga to‘g‘ri kelmaganidandir, ya’ni uni yaratgan va unga jon bergan Zotning nomini qo‘yib, boshqaning nomi ila so‘yilganidandir.
Biror kishi biror avliyoulloh qabriga yoki Alloh taolodan o‘zgaga nazr qilib, o‘sha nazrini bajarsa, nazr qilingan narsa harom bo‘ladi va uni iste’mol qilish biror kishiga joiz bo‘lmaydi. Ha agar nazr qilgan narsasi o‘z holatida turgan bo‘lsa, tavba qilib uni ortga qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Agar nazr qilgan narsasi biror hayvon bo‘lsa va u hali so‘yilmagan bo‘lsa, tavba qilib uni ortga qaytarib olishi mumkin. Agar nazr qilgan hayvonini Allohning nomi bilan, ya’ni “Bismilloh Allohu akbar” deb so‘ysada, uni eyish halol bo‘lmaydi. Bu haqda Mujaddidu alfi soniy o‘zlarining uchinchi daftar 41 maktubotlarida shunday yozganlar:
“Ulug‘larning nomiga atalgan hayvonni qabr ustiga olib borib so‘yish, fiqhiy rivoyatda shirk ishga kirgazilgan. Undan saqlanishni qattiq ta’kidlangan. Ushbu so‘yilg‘ini jinlarga atab so‘yilgan so‘yilg‘ilarning jinsidan hisoblangan va u shar’an ta’qiqlangan va shirkka doxil bo‘luvchi amallardandir”;
Bir kishi Alloh taologa biror narsani nazr qilib, u narsaning savobini biror ulug‘ shaxsga yo‘llashni qasd qilsa yoki o‘sha joy faqirlariga foyda bo‘lishini qasd qilsa, buni shirk yoki harom amal deyilmaydi. Lekin, omi xalq bu masala bilan yuqoridagi masala orasini ajrata olmaydilar. Shuning uchun ushbu ko‘rinishdagi amaldan ham saqlanish afzaldir.
Bu haqda Mujaddidu alfi soniy rahmatullohi alayh shunday deganlar:
“Shirkka o‘xshash amallardan ham saqlanish lozimdir. Alloh taologa nazr qilishning bir necha suratlari bor. Hayvonni nazr qilishning bir necha suratlari bor. Hayvon so‘yishni nazr qilishlikka hech qanday zarurat yo‘q. Nazr qilib gunoh asosida so‘yilgan jonliq jinlarga atab so‘yilgan jonliqqa o‘xshaydi va bu jinparastlarga o‘xshashlikdir”;
Bir kishi falon ishim bitsa, falon valiyuulloh qabri oldidagi faqirlarga shuncha so‘m yoki falondaqa shirinlik yoki falon material yoki faloncha g‘alla berib, uning savobini o‘sha avliyoullohga bag‘ishlayman deb nazr qilsa va u kishini o‘sha ishi bitsa, zikr qilingan faqirlarga yuqoridagi nazr qilingan narsalarni berishi shart emas. Balki, o‘sha narsalarni biror faqirga bersa, qilgan nazrini amalga oshirgan hisoblanadi va uning savobi o‘sha niyat qilgan valiyullohga boradi. Agar u kishining qalbi nazr qilingan narsalarni duch kelgan faqirga berishga rozi bo‘lmay, aynan zikr qilingan joydagi faqirlarga berish kerak, agar undan boshqa joyga bersam qilgan nazrimni ado qilmagan bo‘laman deb tushunsa, u kishi aslida Alloh taologa nazr qilmagan bo‘ladi. Balki, o‘sha valiyullohga nazr qilgan bo‘ladi. Aksincha, Alloh taologa nazr qilib, o‘sha valiyga savobini bag‘ishlash maqsad bo‘lsa va ushbu nazri orqali valiyga qurbat hosil qilish bo‘lmasa, bunday nazrni amalga oshirish mumkinligi haqida din peshvolari ruxsat berganlar. Sharti shuki, nazr qilingan narsani duch kelgan faqirga rozi bo‘lib bera olsin. Agar bunday qila olmasa, Allohni nomi bilan nazr qilganman degan so‘zi noto‘g‘ri bo‘ladi. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 10:35 | Savol-javoblar | 159 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar