Namozni kirish va chiqish vaqtlari

Assalomu alaykum! Men namoz o‘qishni yaqinda boshladim oldinroq namoz vaqtini ko‘rganimda Bomdod namozi 06:47da edi shu bo‘yicha o‘qib yurodim bugun qarasam 06:37da ko‘chgan har kuni namoz vaqtini ko‘rish iloji yo‘q bazilar namoz vaqti 5 daqiqayam kechikmasligi kerak deydi ayrimlar. Bomdodni quyosh chiqquncha Xuftonni kechqurun o‘qisang bo‘ldi deydi shu gap to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Har bir namozning o‘z vaqti bor. Har bir vaqtning boshlanish va tugash chegarali taqvimda ko‘rsatilgan. Mana shu boshlanish va tugash oralig‘ida namozni ado qilishingiz mumkin. MUSTAHAB VAQTLAR وَيُسْتَحَبُّ لِلْفَجْرِ الْبَدَاءَةُ مُسْفِرًا، بِحَيْثُ يُمْكِنُهُ تَرْتِيلُ أَرْبَعِينَ آيَةً، ثُمَّ الْإِعَادَةُ إِنْ ظَهَرَ فَسَادُ وُضُوئِهِ
وَيُسْتَحَبُّ تَأْخِيرُ ظُهْرِ الصَّيْفِ وَتَأْخِيرُ الْعَصْرِ مَا لَمْ تَتَغَيَّرْ، وَالْعِشَاءِ إِلَى ثُلُثِ اللَّيْلِ  وَالْوِتْرِ إِلَى آخِرِهِ، لِمَنْ يَثِقُ بِالْاِنْتِبَاهِ  وَتَعْجِيلُ ظُهْرِ الشِّتَاءِ وَالْمَغْرِبِ  وَيَوْمُ غَيْمٍ يُعَجَّلُ الْعَصْرُ وَالْعِشَاءُ وَيُؤَخَّرُ غَيْرُهُمَاBomdodni subh oqarganda boshlash mustahabdir. Toki qirq oyatni tartil qilishga va tahorati yo‘qligi zohir bo‘lib qolsa, yana qaytarishga imkon bo‘lsin.
Yozda peshinni kechga surish mustahabdir. Asrni ham, modomiki quyosh o‘zgarmasa. Shuningdek, xuftonni kechaning uchdan birigacha va uyg‘onishga ishonchi borlar uchun vitrni (kechaning) oxirigacha (surish mustahabdir).
Qishda peshin va shomni erta o‘qish mustahabdir. Bulutli kunda asr va xuftonni erta o‘qiladi. Ikkisidan boshqani kech o‘qiladi. 
MAKRUH VAQTLARوَلَا يَجُوزُ صَلَاةٌ، وَسَجْدَةُ تِلَاوَةٍ، وَصَلَاةُ جِنَازةٍ عِنْدَ طُلُوعِهَا وَقِيَامِهَا وَغُرُوبِهَا، إِلَّا عَصْرَ يَوْمِهِ
وَتُكْرَهُ إِذَا خَرَجَ الْإِمَامُ لِلْخُطْبَةِ
وَيُكْرَهُ النَّفْلُ فَقَطْ بَعْدَ الصُّبْحِ إِلَّا سُنَّتَهُ، وَبَعْدَ أَدَاءِ الْعَصْرِ إِلَى أَدَاءِ الْمَغْرِبِ
وَمَنْ هُوَ أَهْلُ فَرْضٍ فِي آخِرِ وَقْتِهِ، يَقْضِيهِ فَقَطْ، لَا مَنْ حَاضَتْ فِيهِQuyosh chiqayotganda, qiyomda turganda va botayotganda namoz o‘qish, tilovat sajdasi qilish va janoza namozi o‘qish joiz emas. Faqat o‘sha kunning asri bundan mustasno. Mazkurlar imom xutbaga chiqqanda ham makruhdir.
Subhdan keyin uning sunnatidan boshqa nafl makruhdir. Shuningdek, asr ado qilinganidan keyin, to shomni ado qilguncha ham shunday.
Kim namozning oxirgi vaqtida ahli farz bo‘lib qolsa, faqat o‘sha namozni qazo qiladi. Oxirgi vaqtda hayz ko‘rgan qazo qilmaydi.
Mana, «Muxtasar»da kelgan matnning tarjimasi bilan tanishib oldik. Keling, endi uning sharhini va har bir hukm qaysi shar’iy dalildan olinganini o‘rganib chiqaylik.
1. Bomdodning vaqti ufqda ko‘ndalang bo‘lgan fajrdan boshlab, to quyosh chiqqunchadir.
Tong otib, yangi kun boshlanishi bilan birinchi farz bo‘ladigan namoz bomdod bo‘lgani uchun, gap ayni shu namozning vaqtini bayon qilishdan boshlanmoqda.
Bu jumladagi «ufqda ko‘ndalang bo‘lgan fajr»dan murod subhi sodiqdir. Bundan oldin uzunasiga, bo‘rining dumiga o‘xshab ko‘rinadigan subhi kozib haqiqiy fajr emasligini shundan bilib olamiz.عَنْ سَمُرَةَ بْنِ جُنْدُبٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ  لَا يَغُرَّنَّكُمْ مِنْ سَحُورِكُمْ أَذَانُ بِلَالٍ وَلَا بَيَاضُ الْأُفُقِ الْمُسْتَطِيلُ هَكَذَا حَتَّى يَسْتَطِيرَ هَكَذَا  رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ  وَلَفْظُ التِّرْمِذِيِّ  لَا يَمْنَعَنَّكُمْ مِنْ سُحُورِكُمْ أَذَانُ بِلَالٍ وَلَا الْفَجْرُ الْمُسْتَطِيلُ، وَلَكِنِ الْفَجْرُ الْمُسْتَطِيرُ فِي الْأُفُقِ  رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّSamura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Saharliklaringizdan Bilolning azoni ham, ufqda bunday bo‘lib ko‘tarilgan oqlik ham sizni aldab qo‘ymasin. Toki mana bunday bo‘lib yoyilguncha 
(bo‘laveradi)», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Termiziyning lafzida:
«Saharliklaringizdan sizni Bilolning azoni ham, balandga ko‘tarilgan fajr ham man qilmasin. Lekin ufqqa yoyilgan fajr bo‘lsa (bo‘ladi)», deyilgan.
Tong otish payti ikki bosqichdan iborat bo‘ladi.
Birinchi bosqichda yorug‘lik pastdan yuqoriga ko‘tariladi, buni «subhi kozib» yoki «fajri kozib» deyiladi. Ya’ni «yolg‘onchi tong» degani. Ushbu hadisi sharifning hukmiga ko‘ra, o‘sha subhi kozib vaqtida saharlik vaqti hali tugamagan bo‘ladi.
Ikkinchi bosqich esa yorug‘likning ufq bo‘ylab ko‘ndalangiga tarqalishi bilan bo‘ladi. Buni «subhi sodiq» yoki «fajri sodiq», ya’ni «rost tong» deyiladi. Ana shunda og‘izni berkitish vaqti kirgan bo‘ladi. Undan keyin saharlik qilish mumkin emas. Chunki shunda bomdod namozining vaqti kirgan bo‘ladi.
Bomdod namozining oxirgi vaqti qachonligiga dalil:
Alloh taolo Toha surasida:وَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ قَبْلَ طُلُوعِ الشَّمْسِ«...Quyosh chiqishidan oldin... Robbingni hamd ila poklab yod et», degan (130-oyat).عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ أَنَّهُ قَالَ  سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ وَقْتِ الصَّلَوَاتِ، فَقَالَ  وَقْتُ صَلَاةِ الْفَجْرِ مَا لَمْ يَطْلُعْ قَرْنُ الشَّمْسِ الْأَوَّلُ  رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّAbdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan namozlarning vaqti haqida so‘raldi. Bas, u zot:
«Bomdod namozining vaqti quyoshning avvalgi shoxi chiqmaguncha…» dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
2. Peshinning vaqti zavoldan to har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lguncha. Zavol paytidagi soyadan boshqa. Bir rivoyatda bir barobar, deyilgan.
Peshinning avvalgi vaqtini belgilashda ulamolar ushbu oyatdan dalil olganlar: أَقِمِ الصَّلاَةَ لِدُلُوكِ الشَّمْسِ إِلَى غَسَقِ اللَّيْلِ«Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘isigacha namozni to‘kis ado et» (Isro surasi, 78-oyat).
Ko‘pchilik tafsirchi ulamolarimiz: «Ushbu oyati karimadagi «Quyosh og‘ishi» zavolga ketishini bildiradi va bu bilan peshin namozi vaqti kiradi», deganlar.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan uzun hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan namozlarning vaqti haqida so‘raldi. Bas, u zot:
«Bomdod namozining vaqti quyoshning avvalgi shoxi chiqmaguncha, peshin namozining vaqti quyosh osmon qornidan zavolga ketgandan», dedilar.
Zavolni bilish uchun tekis joydagi biror narsaning soyasiga nazar solish kerak. Agar soya qisqarib borsa, zavoldan oldingi vaqt bo‘ladi. Agar soya to‘xtab tursa, qiyom vaqti bo‘ladi. Agar soya uzaya boshlasa, zavol vaqti bo‘ladi.
Peshinning oxirgi vaqtini belgilashda ulamolarimiz ikki xil ijtihod qilganlar.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: «Zavol paytidagi soyani hisobga olmay, har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lguncha», deganlar.
Imom Abu Yusuf, Muhammad va Zufar rahmatullohi alayhim: «Zavol paytidagi soyani hisobga olmay, har bir narsaning soyasi o‘ziga bir barobar bo‘lguncha», deganlar.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining dalili imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan quyidagi hadisdir:عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ  إِذَا اشْتَدَّ الْحَرُّ فَأَبْرِدُوا بِالصَّلَاةِ، فَإِنَّ شِدَّةَ الْحَرِّ مِنْ فَيْحِ جَهَنَّمِ  رَوَاهُ الْخَمْسَةُAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Harorat shiddatli bo‘lgan paytda namozni sovutib o‘qinglar. Albatta, haroratning shiddati jahannamning qaynab chiqqan issig‘idandir», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Jumhurning dalili quyidagi hadis:
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Jabroil alayhissalom menga Baytning (Baytullohning) oldida ikki marta imomlik qildi. Bas, ulardan birinchisida peshinni soya kavushning tasmasicha bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra asrni har bir narsaning soyasi o‘z mislicha bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra shomni quyosh botib, ro‘zador iftor qiladigan paytda o‘qidi. So‘ngra xuftonni shafaq g‘oyib bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra bomdodni fajr yaraqlab, ro‘zadorga taom harom bo‘ladigan vaqtda o‘qidi.
Ikkinchi martada peshinni har bir narsaning soyasi o‘z mislicha bo‘lganda, kechagi asr vaqtida o‘qidi. So‘ngra asrni har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lganda o‘qidi. So‘ngra shomni birinchi o‘qigan vaqtida o‘qidi. So‘ngra xuftonni kechaning uchdan biri ketganda o‘qidi. So‘ngra bomdodni er yorishib ko‘ringanda o‘qidi. So‘ngra Jabroil menga o‘girilib qaradi-da:
«Ey Muhammad, mana shu sendan oldingi anbiyolarning vaqtidir. Vaqt ushbu ikki vaqtning orasidir», dedi», dedilar».
Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilishgan.
3. Asrning vaqti o‘shandan quyosh botguncha.
Asr namozi vaqtining kirishi har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lgandan to quyosh botguncha.
Bu hukmning dalili ham Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga namoz o‘qib o‘rgatganliklari haqidagi hadis.
4. Shomniki undan to shafaq g‘oyib bo‘lguncha. U qizg‘ishlikdir va bunga fatvo berilgandir.
Imom Muslim Ibn Umar roziyallohu anhumodan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Modomiki shafaq g‘oyib bo‘lmasa, shomning vaqti bor», deganlar.
Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga namozning vaqtlarini ko‘rsatganligi haqidagi hadisda: «So‘ngra shomni quyosh botib, ro‘zador iftor qiladigan paytda o‘qidi. So‘ngra xuftonni shafaq g‘oyib bo‘lganda o‘qidi», deyilgan. Demak, shom namozining vaqti ushbu ikki vaqt orasida bo‘ladi.عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ أَنَّهُ قَالَ  سُئِلَ رَسُولُ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ وَقْتِ الصَّلَوَاتِ فَقَالَ  وَوَقْتُ صَلَاةِ الْمَغْرِبِ إِذَا غَابَتِ الشَّمْسُ مَا لَمْ يَسْقُطْ الشَّفَقُ  رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّAbdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan namozlar vaqti haqida so‘raldi. Bas, u zot:
«…Shom namozining vaqti quyosh g‘oyib bo‘lgandan shafaq tushguncha», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
5. Xufton va undan keyin vitr – ikkisi ham mazkur vaqtdan to fajrgachadir.
«Mazkur vaqtdan» degani shom namozining vaqti tugagandan keyindan boshlab, deganidir.
Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga namozning vaqtlarini ko‘rsatganligi haqidagi hadisda «So‘ngra xuftonni shafaq g‘oyib bo‘lganda o‘qidi», deyilgan.
Bunda xuftonning avvalgi vaqtida o‘qilgani haqida so‘z bormoqda. Oxirgi vaqti esa bomdodning vaqti kirguncha davom etaveradi. Bunda xufton bilan birga vitr namozining vaqti bir xil.
Bomdodni subh oqarganda boshlash mustahabdir. Toki qirq oyatni tartil qilishga va tahorati yo‘qligi zohir bo‘lib qolsa, yana qaytarishga imkon bo‘lsin.
Ya’ni bomdod namozini o‘qishni tong oqarib qolganda boshlash mustahabdir. Bu vaqtni shunday tartibga solish kerakki, namozni niyat qilib, zam suraga qirq oyatni shoshilmay, tartil bilan o‘qib bo‘lgandan keyin ham tahoratsiz odam tahorat qilib kelib, namozni yangitdan boshlab, yana qirq oyatni tartil qilib, namozini tugatguncha quyosh chiqmaydigan bo‘lishi lozim.عَنْ رَافِعِ بْنِ خَدِيجٍ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ  أَسْفِرُوا بِالْفَجْرِ  رَوَاهُ النَّسَائِيُّRofe’ ibn Xadiyj roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bomdodni tong oqarganda o‘qinglar», dedilar».
Imom Nasoiy rivoyat qilgan.عَنْ مَحْمُودِ بْنِ لَبِيدٍ، عَنْ رَافِعِ بْنِ خَدِيجٍ قَالَ  سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ  أَسْفِرُوا بِالْفَجْرِ فَإِنَّهُ أَعْظَمُ لِلْأَجْرِ  رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَاحِبَاهُ وَأَحْمَدُMahmud ibn Lubayd Rofe’ ibn Xadiyjdan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Bomdodni subh oqarganda o‘qinglar, chunki uning ajri ulug‘dir», deganlarini eshitdim».
Termiziy, uning ikki sohibi va Ahmad rivoyat qilishgan.
Yozda peshinni kechga surish mustahabdir. Asrni ham, modomiki quyosh o‘zgarmasa.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ  إِذَا اشْتَدَّ الْحَرُّ فَأَبْرِدُوا بِالصَّلَاةِ، فَإِنَّ شِدَّةَ الْحَرِّ مِنْ فَيْحِ جَهَنَّمَ، وَاشْتَكَتِ النَّارُ إِلَى رَبِّهَا فَقَالَتْ  يَا رَبِّ، أَكَلَ بَعْضِي بَعْضًا، فَأَذِنَ لَهَا بِنَفَسَيْنِ  نَفَسٍ فِي الشِّتَاءِ، وَنَفَسٍ فِي الصَّيْفِ، فَهْوَ أَشَدُّ مَا تَجِدُونَ مِنَ الْحَرِّ وَأَشَدُّ مَا تَجِدُونَ مِنَ الزَّمْهَرِيرِ  رَوَاهُ الْخَمْسَةُAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Harorat shiddatli bo‘lgan paytda namozni sovutib o‘qinglar. Albatta, haroratning shiddati jahannamning qaynab chiqqan issig‘idandir. Do‘zax o‘z Robbiga shikoyat qilib:
«Ey Robbim, mening ba’zim ba’zimni eb yubordi», dedi. Bas, unga ikki nafasga izn berdi. Qishda bir nafasga, yozda bir nafasga. Siz duch keladigan eng shiddatli issiq va eng shiddatli sovuq ana o‘shandandir», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Shuningdek, xuftonni kechaning uchdan birigacha va uyg‘onishga ishonchi borlar uchun vitrni (kechaning) oxirigacha (surish mustahabdir).عَنْ أَنَسٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ  أَخَّرَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ صَلَاةَ الْعِشَاءِ إِلَى نِصْفِ اللَّيْلِ ثُمَّ صَلَّى ثُمَّ قَالَ  قَدْ صَلَّى النَّاسُ وَنَامُوا، أَمَا إِنَّكُمْ فِي صَلَاةٍ مَا انْتَظَرْتُمُوهَا  وَفِي رِوَايَةٍ  لَوْلَا أَنْ أَشُقَّ عَلَى أُمَّتِي لَأَمَرْتُهُمْ أَنْ يُصَلُّوهَا هَكَذَا  رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ وَالتِّرْمِذِيُّ، وَلَفْظُهُ  لَوْلَا أَنْ أَشُقَّ عَلَى أُمَّتِي لَأَمَرْتُهُمْ أَنْ يُؤَخِّرُوا الْعِشَاءَ إِلَى ثُلُثِ اللَّيْلِ أَوْ نِصْفِهِAnas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam xufton namozini kechaning yarmigacha kechiktirar, keyin o‘qirdilar. So‘ngra:
«Batahqiq, odamlar namozni o‘qib, uxladilar. Ammo sizlar, modomiki namozga intizor bo‘lib turdingizmi, namozdasizlar», dedilar».
Boshqa rivoyatda:
«Agar ummatimga mashaqqat bo‘lishini o‘ylamaganimda, shunday qilib o‘qishlariga amr qilgan bo‘lardim», deyilgan.
Uchovlari rivoyat qilishgan.
Termiziyning rivoyatida:
«Agar ummatimga mashaqqat bo‘lishini o‘ylamaganimda, ularga xuftonni kechaning uchdan birigacha yoki yarmigacha orqaga surishni amr qilgan bo‘lardim», deyilgan.عَنْ جَابِرٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ  مَنْ خَافَ أَنْ لَا يَقُومَ مِنْ آخِرِ اللَّيْلِ فَلْيُوتِرْ أَوَّلَهُ، وَمَنْ طَمِعَ أَنْ يَقُومَ آخِرَهُ فَلْيُوتِرْ آخِرَ اللَّيْلِ، فَإِنَّ صَلَاةَ آخِرِ اللَّيْلِ مَشْهُودَةٌ، وَذَلِكَ أَفْضَلُ  رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّJobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim kechaning oxirida tura olmaslikdan qo‘rqsa, uning avvalida vitr o‘qisin. Kim uning oxirida turishdan umidvor bo‘lsa, vitrni kechaning oxirida o‘qisin. Albatta, tungi namoz shohid bo‘lingandir. O‘sha afzaldir», dedilar».
Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.
Qishda peshin va shomni erta o‘qish mustahabdir. عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ  كَانَ رَسُولُ اللهِ  رَضِي اللهُ عَنْهُ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا كَانَ الْحَرُّ أَبْرَدَ بِالصَّلَاةِ، وَإِذَا كَانَ الْبَرْدُ عَجَّلَ  رَوَاهُ النَّسَائِيُّAnas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam issiqda namozni sovutib o‘qir va sovuqda tezlatib o‘qir edilar».
Imom Nasoiy rivoyat qilgan.
Shom namozini vaqti kirishi bilan tezda o‘qish sunnatdir. عَنْ مَرْثَدِ بْنِ عَبْدِ اللهِ قَالَ  لَمَّا قَدِمَ عَلَيْنَا أَبُو أَيُّوبَ غَازِيًا وَعُقْبَةُ بْنُ عَامِرٍ يَوْمَئِذٍ عَلَى مِصْرَ، فَأَخَّرَ الْمَغْرِبَ، فَقَامَ إِلَيْهِ أَبُو أَيُّوبَ فَقَالَ لَهُ  مَا هَذِهِ الصَّلَاةُ يَا عُقْبَةُ؟ فَقَالَ  شُغِلْنَا  قَالَ  أَمَا سَمِعْتَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ  لَا تَزَالُ أُمَّتِي بِخَيْرٍ  أَوْ قَالَ  عَلَى الْفِطْرَةِ مَا لَمْ يُؤَخِّرُوا الْمَغْرِبَ إِلَى أَنْ تَشْتَبِكَ النُّجُومُ  رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالْحَاكِمُ  Marsad ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi:
«Abu Ayyub huzurimizga g‘oziy bo‘lgan holda keldi. O‘sha kunlarda Uqba ibn Omir Misrga boshliq edi. U shomni kech o‘qidi. Abu Ayyub uning oldiga borib:
«Bu qanday namoz, ey Uqba?!» dedi.
«Mashg‘ul bo‘lib qoldik», dedi u.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Modomiki mening ummatim shomni yulduzlar aralashadigan bo‘lguncha kechga surmas ekan, yaxshilikda – yoki fitratda – bardavom bo‘ladi», deganlarini eshitmadingmi?!» dedi».
Imom Abu Dovud va Hokim rivoyat qilishgan.
Bulutli kunda asr va xuftonni erta o‘qiladi.
Asrni kech o‘qilsa, bulut sababidan makruh vaqtga kirib qolish xavfi bor. Xuftonni kechga surilsa, havo yog‘ishidan xavfsirab, jamoatga odam oz keladi.
Ikkisidan boshqani kech o‘qiladi.
Bulutli kunda bomdod, peshin va shomni kech o‘qiladi.
Bomdodni erta o‘qilsa, zulmat sababidan jamoat aldanib, ko‘pi jamoatga ulgurmay qolishi mumkin.
Peshin va shomni bulutli kunda erta o‘qilsa, vaqtidan oldin bo‘lib qolishi xavfi bor.
Quyosh chiqayotganda, qiyomda turganda va botayotganda namoz o‘qish, tilovat sajdasi qilish va janoza namozi o‘qish joiz emas.
Bu hukmning dalili quyidagicha:عَنْ عُقْبَةَ بْنَ عَامِرٍ يَقُولُ  ثَلَاثُ سَاعَاتٍ كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَنْهَانَا أَنْ نُصَلِّيَ فِيهِنَّ أَوْ أَنْ نَقْبُرَ فِيهِنَّ مَوْتَانَا  حِينَ تَطْلُعُ الشَّمْسُ بَازِغَةً حَتَّى تَرْتَفِعَ، وَحِينَ يَقُومُ قَائِمُ الظَّهِيرَةِ حَتَّى تَمِيلَ الشَّمْسُ، وَحِينَ تَضَيَّفُ الشَّمْسُ لِلْغُرُوبِ حَتَّى تَغْرُبَ  رَوَى الْجَمَاعَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّUqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni uch soatda namoz o‘qishdan va o‘lganlarimizni qabrga qo‘yishdan nahyi qilar edilar: quyosh chiqayotganda, hatto ko‘tarilib bo‘lguncha, kun tikkaga kelgan paytda, hatto quyosh moyil bo‘lguncha va quyosh botishga yo‘llanib, to botib bo‘lguncha».
Buxoriydan boshqalar rivoyat qilishgan.
Faqat o‘sha kunning asri bundan mustasno.
Uni quyosh botayotganda ham o‘qisa bo‘ladi. Kechga qoldirgani uchun gunoh yoziladi, ammo namozi namoz bo‘laveradi.
Ammo bir odam bomdod namoziga kech qolsa, quyosh chiqmay turib bir rak’atini o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqib qolsa, namozi buziladi.
Lekin bir kishi kech qolib, asrning bir rak’atini o‘qiganidan keyin quyosh botib qolsa, namozi botil bo‘lmaydi. U namozini o‘qishda davom etaveradi. Namoz tugal bo‘ladi.
Mazkurlar imom xutbaga chiqqanda makruhdir.
Ya’ni imom juma, iyd, haj, kusuf va xusuf namozlari xutbasiga chiqqanida namoz o‘qish, tilovat sajdasi qilish va janoza o‘qish makruhdir, chunki bu paytlarda mazkur narsalar bilan mashg‘ul bo‘lish xutbani eshitishga xalal beradi. Undan yuz o‘girishga o‘xshab qoladi.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ  إِذَا قُلْتَ لِصَاحِبِكَ يَوْمَ الْجُمُعَةِ أَنْصِتْ وَالْإِمَامُ يَخْطُبُ فَقَدْ لَغَوْتَ  رَوَاهُ الْخَمْسَةُAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Juma kuni imom xutba qilayotganida sherigingga «Jim tur», desang, lag‘v qilibsan», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Lag‘v – behuda, befoyda, maza-matrasiz gap-so‘zlar va xatti-harakatlar.
Mana shu hadis hanafiylarning «Imom xutba qilishi uchun minbarga chiqqanidan keyin namoz o‘qish harom», degan qavllariga eng kuchli dalillardan biridir. Birovga «Jim tur», deyish amri ma’ruf. Amri ma’ruf – farz. Farz amalni qilib bo‘lmaganidan keyin, sunnat o‘qish joiz bo‘lmasligi turgan gap.
Ba’zilar quyidagi rivoyatni dalil qilib, imom xutba qilib turgan bo‘lsa ham, tahiyyoti masjid namozini o‘qib olish zarur, degan tushunchaga boradilar.عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ قَالَ  جَاءَ سُلَيْكٌ الْغَطَفَانِيُّ يَوْمَ الْجُمُعَةِ وَرَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَخْطُبُ فَجَلَسَ، فَقَالَ لَهُ  يَا سُلَيْكُ قُمْ فَارْكَعْ رَكْعَتَيْنِ وَتَجَوَّزْ فِيهِمَا ، ثُمَّ قَالَ  إِذَا جَاءَ أَحَدُكُمْ يَوْمَ الْجُمُعَةِ وَالْإِمَامُ يَخْطُبُ فَلْيَرْكَعْ رَكْعَتَيْنِ وَلْيَتَجَوَّزْ فِيهِمَا  رَوَاهُ الْخَمْسَةُJobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Juma kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xutba qilib turganlarida Sulayk al Fatafoniy kelib o‘tirdi. Bas, u zot:
«Ey Sulayk, turib, ikki rak’at namoz o‘qib ol. Ularni engil qil, – dedilar. So‘ngra esa: – Qachon birortangiz juma kuni imom xutba qilib turganda kelsa, ikki rak’at namoz o‘qib olsin va ularni engil qilsin», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Bu rivoyatni ulamolar ikki xil ta’vil qilganlar.
Ba’zilari: «Bu namoz jumaning farzidan oldingi sunnat», desalar, boshqalari: «Bu namoz tahiyyoti masjid namozidir», deganlar.
Shu bilan birga, aytib o‘tish lozim bo‘lgan narsalar ham bor. Hanafiy mazhabida imom minbarga chiqqanidan keyin namoz o‘qish harom. U xutbani boshlaganda esa salomga alik olish, aksa urganga yaxshi tilak aytish, Qur’on o‘qish va shunga o‘xshagan narsalar ham mutlaqo mumkin bo‘lmaydi.
Hanafiylar bu hadisni Payg‘ambar alayhissalom haligi odamni namoz o‘qishga amr qilib, o‘zlari xutbadan to‘xtab turganlari bilan izohlaydilar.رَوَى الدَّارَقُطْنِيُّ عَنْ أَنَسٍ قَالَ دَخَلَ رَجُلٌ الْمَسْجِدَ وَرَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَخْطُبُ، فَقَالَ لَهُ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  يَا فُلَانُ، أَصَلَّيْتَ؟  قَالَ لَا، قَالَ  قُمْ فَصَلِّ  ثُمَّ انْتَظَرَهُ حَتَّى صَلَّى وَفِي رِوَايَةٍ وَأَمْسَكَ عَنِ الْخُطْبَةِ حَتَّى فَرَغَ مِنْ صَلَاتِهِDora Qutniy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xutba qilib turganlarida bir kishi masjidga kirib keldi. Shunda u zot:
«Ey Falonchi, namoz o‘qidingmi?» dedilar.
«Yo‘q», dedi.
«Tur! Namoz o‘qib ol!» dedilar va u namoz o‘qib bo‘lgunicha kutib turdilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«To u namozini o‘qib bo‘lgunicha xutbani to‘xtatib turdilar», deyilgan.
Subhdan keyin uning sunnatidan boshqa nafl makruhdir. Shuningdek, asr ado qilinganidan keyin, to shomni ado qilguncha ham shunday.عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ شَهِدَ عِنْدِي رِجَالٌ مَرْضِيُّونَ، وَأَرْضَاهُمْ عِنْدِي عُمَرُ، أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَهَى عَنِ الصَّلَاةِ بَعْدَ الصُّبْحِ حَتَّى تَشْرُقَ الشَّمْسُ، وَبَعْدَ الْعَصْرِ حَتَّى تَغْرُبَ رَوَاهُ الْخَمْسَةُIbn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. U kishi:
«Menga eng rozi bo‘lingan kishilar guvohlik berdilar. Ularning ichida eng rozi bo‘lingani Umardir:
«Albatta, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bomdod namozidan keyin to quyosh chiqquncha va asrdan keyin 
(quyosh) botguncha namoz o‘qishdan qaytarganlar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Bu ikki vaqtda nafl namoz o‘qish makruhdir. Tilovat sajdasi, janoza namozi va qazo namoz o‘qisa joiz. Lekin bu vaqtlarda tavofdan keyin vojib bo‘ladigan ikki rak’at namoz, shuningdek, nafl namozlarning qazosi va nazr qilingan namozlarni o‘qish tahriman makruhdir.
Ulamolarimiz mazkur dalillar va ulardan boshqa hujjatlaru qoidalarni ishga solib, namoz o‘qish harom yoki makruh bo‘lgan vaqtlarni tartibli ravishda bayon qilib berganlar.وَرُوِيَ أَنَّ عُمَرَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ طَافَ بِالْبَيْتِ سَبْعًا بَعْدَ الْفَجْرِ وَلَمْ يُصَلِّ حَتَّى خَرَجَ إِلَى ذِي طُوَى، فَصَلَّى رَكْعَتَيِ الطَّوَافِ بَعْدَ مَا ارْتَفَعَتِ الشَّمْسُ«Umar roziyallohu anhu bomdoddan keyin Baytni etti bor tavof qilib, Zu Tuvoga chiqmagunlaricha namoz o‘qimadilar. Tavofning ikki rak’at (namoz)ini quyosh ko‘tarilgandan keyin o‘qidilar» («Fathu babul inaya bi sharhi Niqoya»).
Hanafiy mazhabi bo‘yicha, quyidagi vaqtlarda barcha namozlarni o‘qish harom:
1. Quyosh chiqayotgan paytda.
2. Quyosh qiyomga kelgan vaqtda. (Juma kuni mustasno.)
3. Quyosh botayotgan paytda. (O‘sha kunning asri mustasno.)
Quyidagi vaqtlarda nafl o‘qish harom.
4. Bomdod namozining farzini o‘qigandan to quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilguncha.
5. Asr namozining farzini o‘qigandan to quyosh botguncha.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha quyidagi vaqtlarda ham nafl namozlari o‘qish makruhdir:
6. Tong otgandan so‘ng bomdodning sunnatidan boshqa nafl namozlarni o‘qish. Buning dalili:عَنِ ابْنِ عُمَرَ أَنَّ رَسُولَ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  قَالَ  بَعْدَ طُلُوعِ الْفَجْرِ إِلَّا رَكْعَتَيِ الْفَجْرِ  رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّIbn Umardan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Fajrdan keyin bomdodning ikki rak’at sunnatidan boshqa namoz yo‘q», dedilar».
Tabaroniy rivoyat qilgan.
7. Shom namozidan oldin nafl o‘qish. Chunki shom namozini tez o‘qishga amrlar bor. Undan oldin nafl o‘qish shomni kechiktirish bo‘ladi.
8. Juma, iyd, haj, nikoh, kusuf, xusuf va istisqo xutbalari bo‘lib turgan vaqtda. Bu vaqt imom minbarga chiqqanidan to namozni o‘qib bo‘lgunicha davom etadi.
9. Iyd namozidan oldin va keyin.
10. Farz namozga iqoma aytilganda. Faqat bomdodning sunnatini tezda, farzga ulgurish sharti bilan o‘qib olish joiz.
Kim namozning oxirgi vaqtida ahli farz bo‘lib qolsa, faqat o‘sha namozni qazo qiladi.Birorta shaxs namoz vaqtidan tahrimani aytgunchalik vaqt qolganda balog‘atga etdi yoki musulmon bo‘ldi yoki hayzning o‘n kuni, nifosning qirq kunidan pok bo‘ldi. Oz vaqt bo‘lsa ham, unga namoz farz bo‘ldi. Shuning uchun u o‘sha namozning qazosini o‘qiydi. Hayz va nifosning ozidan pok bo‘lganda esa g‘usl qilish va tahrima sig‘adigan vaqt qolganda pok bo‘lishi kerak.Chunki oldingi vaqtda ado qilinmagan narsa uchun oxirgi vaqt mo‘’tabar bo‘ladi. Kim oxirgi vaqtda farzni ado qilishga ahl bo‘lsa, unga o‘sha vaqtning farzini ado etish vojib bo‘ladi. Mazkur oxirgi vaqtda farzni ado etishga ahl bo‘lmasa, undan mazkur farz soqit bo‘ladi. Shuning uchun ham oxirgi vaqtda hayz ko‘rgan qazo qilmaydi.Ayol kishi namozni avvalgi vaqtida o‘qimay, orqaga surib yurdi. Ozgina vaqt qolganda hayzi kelib qoldi. U mazkur namozni qazo qilmaydi. Shuningdek, nifos ko‘rgan ayol ham. Vallohu a’lam!

12 May 2022, 15:51 | Savol-javoblar | 380 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar