Qarzlarini bermaganlarni ahvoli

Assalomu alaykum! Ustozlar meni yoshim 18da. Kompyuter xizmatlari do‘konini ochganman. Shu do‘kon orqali odamlarga o‘z xizmatimni ko‘rsataman. Men ayrim xizmatlarni qarzga xam qilib berganman. Qarz bo‘lgan insonlarni ayrimlari xozir yo‘q, qarzlarini to‘lamasdan unutib yuborishgan. Endi ularning xisob kitobi qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz imkon bo‘lsa albatta qarzlarini so‘rang. Kechib yuborsangiz ixtiyoringiz. Sizni so‘rashingiz ular uchun eng katta yaxshilik qilish hisoblanadi. Agar qarzdor bo‘lib vafot topsa quyidagi hadis hukmiga kirib qoladi:  وَلِلنَّسَائِيِّ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلًا قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ، ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُه   Nasaiy qilgan rivoyatda:
«Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas», deyilgan.
Sharh: 
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qasam ichib turib aytishlari ham bu ish qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.
Alloh taoloning yo‘lida shahid bo‘lish qanchalik ulug‘ maqom. Shahid uchun jannat eshiklari doimo katta ochiq. Lekin qarz ishi og‘ir. Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham, qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzining uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarzi uzilsa, jannatga kiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Chunki qarz bandaning haqqi, bu haqni faqat o‘z egasi kechadi, xolos. Alloh taolo kechmaydi. Qarz olib, uni uzmay yurganlar bu haqiqatni yaxshilab anglab olmoqlari lozim. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

12 May 2022, 19:18 | Savol-javoblar | 143 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar