Yashil rangning savobi

Assalomu alaykum! Ma’lumki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yashil rangni yaxshi ko‘rganlar. Bizlar ham turmush tarzimizda ishlatadigan narsa-buyumlarning yashil rangini tanlab faoliyat yuritsak, sunnat amalining savobi beriladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Imom Shavkoniy yashil libos kiyishni mustahab deganlar. Abu Dovud, Termiziy, Ahmad rahmatullohi alayhimlar rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yashil chiziqlari bor chopon kiyganlari kelgan. Jannat ahlining kiyimlari yashil ekanligi to‘g‘risida Alloh taolo “Kahf” surasida: أُوْلَئِكَ لَهُمْ جَنَّاتُ عَدْنٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهِمُ الْأَنْهَارُ يُحَلَّوْنَ فِيهَا مِنْ أَسَاوِرَ مِن ذَهَبٍ وَيَلْبَسُونَ ثِيَابًا خُضْرًا مِّن سُندُسٍ وَإِسْتَبْرَقٍ مُّتَّكِئِينَ فِيهَا عَلَى الْأَرَائِكِ نِعْمَ الثَّوَابُ وَحَسُنَتْ مُرْتَفَقًا۝ 31. Ana o‘shalarga adn jannatlari bordir. Ostlaridan anhorlar oqib turadi. U erda oltindan bo‘lgan bilakuzuklar ila bezanurlar, sundus (yupqa ipak) va istabraq(qalin ipak)dan yashil liboslar kiyarlar. Ular u erda pardali baland so‘rilarda yonboshlagan holdalar. Naqadar yaxshi savob va naqadar yaxshi huzurlanish joyi!” deb marhamat qilgan. Lekin hamma narsani yashil qilib olmaslik kerak. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْبَسُوا مِنْ ثِيَابِكُمُ الْبَيَاضَ، فَإِنَّهَا مِنْ خَيْرِ ثِيَابِكُمْ، وَكَفِّنُوا فِيهَا مَوْتَاكُمْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَاحِبَاهُ. وَلِأَبِي دَاوُدَ: لَا تَغَالَوْا فِي الْكَفَنِ، فَإِنَّهُ يُسْلَبُهُ سَلْبًا سَرِيعًا Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kiyimlaringizdan oqini kiying. Chunki u eng yaxshi kiyimingizdir. O‘liklaringizni ham o‘shanda kafanlang», dedilar». Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilganlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!
27 Aprel 2022, 12:58 | Savol-javoblar | 90 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar