Shom namozining 3 rakat farzidan keyingi zikr

Assalomu alaykum! Shom namozining 3 rakat farzidan keyingi zikr xaqida biz jamoat bo‘lib o‘qiganimizla ko‘pchilik shom namozining 3 rakat farzidan keyin bir oz o‘tirib zikr qilishadi. Bu zikrni savobi kuchli bo‘lib Ibroxim allayxisalom millatidan 10ta qul ozod qilganlik savobi berilar ekan. Bu to‘g‘rimi, sunnatmi yoki vojib? Biror xadisda yozilganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi: عَنْ أَبِي ذَرٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَالَ فِي دُبُرِ صَلَاةِ الْفَجْرِ وَهُوَ ثَانٍ رِجْلَيْهِ قَبْلَ أَنْ يَتَكَلَّمَ: لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ، يُحْيِي وَيُمِيتُ، وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ عَشْرَ مَرَّاتٍ كُتِبَتْ لَهُ عَشْرُ حَسَنَاتٍ، وَمُحِيَتْ عَنْهُ عَشْرُ سَيِّئَاتٍ، وَرُفِعَ لَهُ عَشْرُ دَرَجَاتٍ، وَكَانَ يَوْمَهُ ذَلِكَ فِي حِرْزٍ مِنْ كُلِّ مَكْرُوهٍ، وَحُرِسَ مِنَ الشَّيْطَانِ، وَلَمْ يَنْبَغِ لِذَنْبٍ أَنْ يُدْرِكَهُ فِي ذَلِكَ الْيَوْمِ إِلَّا الشِّرْكُ بِاللهِ تَعَالَى Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Bomdod namozidan keyin oyog‘ini yiqqan holida turib, gapirmasdan oldin o‘n marta «Laa ilaaha illallohu, vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu, yuhyi va yumiytu va huva ’ala kulli shayin qodiyr» desa, unga o‘n hasanot yozilur, uning o‘n xatosi o‘chirilur, uning o‘n darajasi ko‘tarilur. O‘sha kuni u barcha yoqimsiz narsalardan himoyada bo‘lur va shaytondan saqlanur. O‘sha kuni uni gunoh ham tutmas, magar Alloh taologa shirk keltirmagan bo‘lsa», dedilar».
Sharh: 
Duoning ma’nosi: «Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning O‘zi yolg‘izdir, Uning sherigi yo‘qdir, mulk va hamd Ungadir, tiriltirur va o‘ldirur, va U hamma narsaga qodirdir».
Deyarli ko‘pchilik mashoyixlar va o‘tgan azizlar ushbu rivoyatda kelgan duoni o‘zlariga kundalik vazifa qilib olganlar. Har bir kishi bunga amal qilmog‘i lozim. Chunki Bomdod namozidan keyin o‘rnidan turmay, oyoqlari yig‘ilgan holda, dunyoviy gaplarni gapirmay turib bu duoni o‘qigan odamga ko‘pgina yaxshiliklar va’da qilinmoqda:
1. Unga o‘n hasanot yozilur.
2. Uning o‘n xatosi o‘chirilur.
3. Uning o‘n darajasi ko‘tarilur.
4. O‘sha kuni u barcha yoqimsiz narsadan himoyada bo‘lur.
5. Shaytondan saqlanur.
6. O‘sha kuni uni gunoh ham tutmas, magar Alloh taologa shirk keltirmagan bo‘lsa. Agar Alloh taologa shirk keltirgan bo‘lsa, ishi chatoq bo‘ladi. عَنْ عُمَارَةَ بْنِ شُبَيْبٍ السَّبَإِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ، لَهُ الْمُلْكُ وَلَهُ الْحَمْدُ، يُحْيِي وَيُمِيتُ، وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ، عَشْرَ مَرَّاتٍ عَلَى أَثَرِ الْمَغْرِبِ بَعَثَ اللهُ مَسْلَحَةً يَحْفَظُونَهُ مِنَ الشَّيْطَانِ حَتَّى يُصْبِحَ، وَكَتَبَ اللهُ لَهُ بِهَا عَشْرَ حَسَنَاتٍ مُوجِبَاتٍ، وَمَحَا عَنْهُ عَشْرَ سَيِّئَاتٍ مُوبِقَاتٍ، وَكَانَتْ لَهُ بِعَدْلِ عَشْرِ رِقَابٍ مُؤْمِنَاتٍ. رَوَاهُمَا التِّرْمِذِيُّ Umora ibn Shubayb as-Saba’iy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Shomdan keyin o‘n marta «Laa ilaaha illallohu, vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu, yuhyi va yumiytu va huva ’ala kulli shayin qodiyr» desa, Alloh uni tong otguncha shaytondan muhofaza qiladigan silohlangan farishtani yuboradi. Alloh unga bu ila vojib bo‘lgan o‘n hasanot yozadir, uning o‘nta halok qiluvchi xatosini o‘chiradir va bu uning uchun o‘nta ozod qilingan qul barobarida bo‘lur», dedilar».
Ikkisini Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Bu zikr Shom namozini o‘qib bo‘lgandan keyin va dunyoviy gap gapirmasdan turib bo‘lishi kerak. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 08:22 | Savol-javoblar | 163 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar