Taxorat sabab gunohlar to‘kilishi

Assalomu alaykum! Agar mo‘min kishi tahorat qilib, yuzini yuvsa, yuzidan ikki ko‘zi qilgan barcha gunohlari suv bilan yoki suvning oxirgi tomchisi bilan o‘chiriladi. Agar qo‘lini yuvsa, ikki qo‘li ushlab sodir etgan hamma gunohlari suv bilan yoki suvning oxirgi tomchisi bilan o‘chiriladi. Agar oyog‘ini yuvsa, oyog‘i (bilan) yurib sodir etgan jamiki gunohlar suv bilan yoki suvning oxirgi qatrasi bilan o‘chiriladi. Shunday qilib u gunohlardan (butunlay) poklanadi..diyshadi shu torimi..deme xar doim taxoratda yurgan inson gunoxlardan poklanib yuradi shunakami?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadislarda gunohlardan poklanishi haqida bashorat kelgan.  عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ تَوَضَّأَ فَأَحْسَنَ الْوُضُوءَ خَرَجَتْ خَطَايَاهُ مِنْ جَسَدِهِ حَتَّى تَخْرُجَ مِنْ تَحْتِ أَظْفَارِهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim tahorat qilsa-yu, tahoratini chiroylik qilsa, uning xatolari jasadidan, hattoki tirnoqlari ostidan ham chiqib ketadi», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni yaxshi bilamiz va taniymiz. U kishidan rivoyat qilingan bu hadisda tahoratning fazli haqida so‘z bormoqda. Shu bilan birga, tahoratni yaxshilab qilish zarurligi ta’kidlanmoqda. Inson tahoratni yaxshilab qilsa, hatto tirnoqlari ostidagi gunohlari ham to‘kilishi bayon qilinmoqda.
Avval aytganimizdek, tahorat ham o‘ziga yarasha ibodat. Uni e’tiborsizlik, shoshma-shosharlik bilan, turli gap-so‘z, harakat va ishlarni aralashtirib emas, farz, sunnat va odoblarini o‘rniga qo‘yib, mukammal qilish lozim. Ana o‘shanda tahorat haqiqiy bo‘ladi va undan ko‘zlangan natijalarga erishiladi.
Tahorat qilganda to‘kiladigan gunohlar Allohning haqqiga taalluqli kichik gunohlar ekanligini unutmaylik.
Tahoratni doim yaxshilab qilaylik, toki kichik gunohlarimiz tirnoqlarimiz ostida ham qolmay, to‘kilsin, tahoratdan hosil bo‘ladigan savoblardan bahramand bo‘laylik! (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 11:04 | Savol-javoblar | 147 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar