Asrni qoldirsa hammma amali kuyib ketadimi

Assalomu alaykum! Hozrgi payta judayam ko‘p internet tarmog‘larda maruzalar qopayapti. Kim asr namozini bir mata qazo qilsa 20 yillik qilgan solih ammalari yo‘q bo‘lib ketadi deyapti. Shu to‘g‘risda xadis bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shu ma’nodagi hadis vorid bo‘lgan, lekin unda yigirma yillik deyilmagan. عَنْ أَبِي الْمَلِيحِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا مَعَ بُرَيْدَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ فِي غَزْوَةٍ فِي يَوْمٍ ذِي غَيْمٍ فَقَالَ: بَكِّرُوا بِصَلَاةِ الْعَصْرِ فَإِنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ تَرَكَ صَلَاةَ الْعَصْرِ فَقَدْ حَبِطَ عَمَلُهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالنَّسَائِيُّ Abul Maliyh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Burayda roziyallohu anhu bilan g‘azotda birga bo‘ldik. Kun bulutli edi. U kishi:
«Asr namozini tezroq o‘qinglar, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim asr namozini tark qilsa, amali behuda ketadi», deganlar», dedi».
Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilishgan.
Sharh: Burayda roziyallohu anhu bulutli kunda bilmay qolib Asr namozining vaqti chiqib ketishidan qo‘rqib, g‘azotdagi sheriklariga uni tezroq o‘qib olishni tavsiya qilibdilar va o‘zlarining bu ishlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan hadislarini dalil qilib keltiribdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim asr namozini tark qilsa, amali behuda ketadi», deganlar» ekan.
Bu ham asr namozining ahamiyati ulkan ekanidan darak beradi.
Ulamolarimiz asr namozini tark qilish ila amal behuda (habata) bo‘lishi haqida turli mulohaza qilganlar.
«habata» so‘zi aslida yoqmaydigan o‘t-o‘lan eb qo‘yib, qorni shishgan hayvonga ishlatiladi. Uning egan narsasi behuda ketadi, foyda berishning o‘rniga zarar beradi.
Qur’oni karimda:
«Kim iymonidan keyin kufr keltirsa, amali behuda bo‘ladi», deyilgan. Shundan kelib chiqqan umumiy qoidaga binoan, kufr amalni habata qiladi. Boshqa narsa habata qilmaydi.
Mazkur ulamolarning asr namozini tark qilish amalni habata etishi haqidagi mulohazalari ham namozni tark qilish kufrmi yo‘qmi ekanligi to‘g‘risidagi fikrlarga bog‘liq.
Namozni qasddan tark qilsa, kofir bo‘ladi, deganlar bu hadisda ham asr namozini qasddan tark qilsa, amali habata bo‘ladi, deyishgan.
Namozni qasddanmi, noqasddanmi, umuman tark qilgan odam kofir bo‘ladi, deganlar o‘z fatvolariga mana shu hadisni ham dalil qilib keltiradilar.
Namozni qasddan emas, umuman tark qilgan odam kofir emas, osiy bo‘ladi, deganlar ham bir namozni tark qilish yomon. Lekin asr namozini tark qilish hammasidan ham yomonligini bildirish uchun shu hadisda o‘ta shiddatli ibora keltirilgan. Aslida kofirlikkina amalni habata qiladi, deydilar. Nima bo‘lganda ham, asr namozini tark qilish juda ham katta gunohligi bilinib turibdi. Bu asrni o‘qisa bo‘ldi, boshqa namozlar unchalik ahamiyatli emas, degani emas. Har bir namozni o‘qimaslik, ulkan gunoh. Lekin asrni o‘qimaslik – yana ham ulkanroq gunoh. («Hadis va hayot» kitobidan). Vallohu a’lam!

10 May 2022, 23:23 | Savol-javoblar | 166 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar