Hadis sharxi

Assalomu alaykum Muxammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari. Hayit bayrami muborak bo‘lsin."Al-jomi’ as-sahih"ning (Toshkent 1997y) 3-jildi 16-saxifasida shunday hadis bor: "Payg‘ambarimizning jufti halollari - Oisha onamizdan rivoyat qilurlarki, Badr ishtirokchisi bo‘lmish Abu Huzayfa Solim degan yigitni asrab olib, unga jiyanlari Hind binti Valid ibn Utbani nikohlab berdilar. Solim ansoriylardan bo‘lgan bir ayolning quli bo‘lgan erdi. Shuningdek, Janob Rasululloh ham Zaydni asrab olgan erdilar. Johiliyat davrida asrandi bola asrab olgan kishining o‘g‘li deb hisoblanar va asrab olgan kishi o‘lsa, unga merosxur ham bo‘lardi. Qachonki, Alloh taolo "Asrandilarni o‘z otalari nomi bilan atanglar!" degan oyatni tushurgandan keyin, Abu Huzayfaning xotini Janob Rasulullohning huzurlariga keldi va: "Ey Allohning Rasuli! Erim Abu Huzayfa meni asrandi o‘g‘lim Solimdan rashk qilyapti", -dedi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: "Unday bo‘lsa, Solimni emizgil!"- dedilar. Xotin: "Solimning soqoli chikib yotibdi-ku!"- deb e’tiroz bildirdi. Janob Rasululloh: "Uni emizgil, mahram bo‘lib qolgaysan, ering ham rashk qilmagay!" -dedilar. Shundan so‘ng, Abu Huzayfaning chehrasi yorishdi."Mazkur hadisni sharxlab bersangiz."Emizish" deganda ayol ko‘kragini surishni uzi kifoyami yoki surganida og‘ziga sut kelsa kifoyami yoxud sutdan qonib emish shartmi? Hali tug‘magan, lekin birinchi marta homilador bo‘lgan ayolni "emish"(ko‘kragidan surish)ning hukmi qanday bo‘ladi? Chunki yana bir hadis bor: "Masruq raziyalloxu anxu rivoyat qiladilar: "Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Oishaning hujrasiga kirib kelganlarida uning huzurida bir kishi o‘ltirgan erdi. Shunda ul zotning yuzlari o‘zgargandek bo‘ldi, guyoki uni yoktirmagandek boldilar. Oisha buni sezib: "Bu mening (emishgan) ukam!"- dedi. Janob Rasululloh: "Ukalarimdan biri deb hisobladingmi? Emishganlik ochlikdan sut emadigan gudaklik chog‘idadur!"-dedilar."
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Yo‘llagan savolingiz uchun tashakkur. Juda muhim masalani ko‘taribsiz. Sizning savolingizdan bir necha foydalar topishimiz mumkin.1. Oddiy odamlar oyat yoki hadisni o‘qib o‘zicha hukm chiqarishga harakat qilishi xatarli ekani. Agar siz ushbu o‘qigan hadisingizni odamlar ichida gapira boshlaganingizda ko‘p va katta ixtiloflar chiqishi mumkin edi. Ikkinchidan, bilib bilmay ommaga har xil tarjimalarni taqdim qilish ham foydali emasligini. Ushbu siz o‘qib mulohaza qilgan kitob tarjimasidan juuda ko‘p ixtiloflar va tushunmovchiliklar chiqqanini ulamolarimiz qayta-qayta ta’kidlashmoqda. Bunday ma’lumotlarni kishilarning saviyasiga qarab, iyzoh va sharhlar ila chiqarilishi kerak edi.Siz o‘qigan hadisni «Abu Huzayfaning mavlosi Solimning hadisi» deyiladi. Bundagi hukm faqat o‘sha kishining o‘ziga xos.Asl hukm esa quyidagi maqolada aks ettirilgan.EMIZIShLIK HAQIDAGI FASLBegona ayolni emish tufayli halol haromga bog‘liq o‘ta ahamiyatli hukmlar kelib chiqadi.Odatda emizishlik masalasi asosan hadis va fiqh kitoblarimizda doimo nikohga qo‘shib zikr qilinadi. Emizishlik faqat ikki yarim yil ichida bir so‘rishlik bilan sobit bo‘ladi.Bu muddatni Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Va uning homilasi va ko‘krakdan ajratishi o‘ttiz oydir», degan oyat bilan belgilab qo‘ygan. Bu Abu Hanifa rahmatullohi alayhning ijtihodlari.Ammo imom Abu Yusuf va Muhammadlar ikki yil deganlar. Ularning dalili «Volidalar bolalarini ikki to‘liq yil emizurlar. Kim emizishni batamom qilishni xohlasa», degan oyatdir.Xuddi shu ma’no Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir necha hadisi shariflarida ham ta’kidlangan. Demak, bola ikki yoshidan keyin emsa, shar’iy emizish sobit bo‘lmaydi.Demak, bola ikki yoshidan keyin emsa, shar’iy emizish sobit bo‘lmaydi. Ushbu ma’noni yaxshi tushunib olmoq kerak. Oddiy kishilar ichida bu borada tushunmovchilik bor. Suti yo‘q kampir ko‘krak solib qo‘ysa ham, emizish sobit bo‘ldi, deb yurishadi. Kattaroq yoshdagi bolalar ko‘krakni og‘ziga olib qo‘ysa ham, emizish sobit bo‘lib qoldi, deb yurishadi.Ba’zi savodli kishilarning xato qilishlariga esa, Buxoriy va Muslimlarning «Sahih»larida kelgan bir rivoyat sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Unda aytilishicha Abu Huzayfa roziyallohu anhuning xotinlari Sahla binti Suhayl roziyallohu anho Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, ey Allohning Rasuli, Abu Huzayfaning mavlosi Salim uyimizda yurib erkaklikka etdi, erkaklar biladigan narsani bildi, dedi. Shunda U zot: «Uni emizgin, unga harom bo‘lib qolasan»-dedilar.Bilmagan kishilar bu rivoyatni sharhsiz, ustidan o‘qib qachon bo‘lsa ham, kim bo‘lsa ham, qandoq qilib bo‘lsa ham bir ayolni emsa unga mahram bo‘lib qolar ekan, deb tushunadi. Eng qizig‘i Islomiy hukm bundoq emasligini qayta-qayta bayon qiluvchi oyatlar va ko‘plab hadislar turib bitta shu rivoyatni noto‘g‘ri tushunishga ergashadilar.Avvolo, Sahla roziyallohu anhoning Solim bilan bo‘lib o‘tgan qissalari shar’iy emizishlikning muddati bola ikki yoshga kirguncha muddat ichida bo‘lishi haqidagi hukm joriy qilinishidan oldin bo‘lib o‘tgan. Ikkinchidan, bu ish Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amrlariga binoan Sahla va Solim roziyallohu anhumolarga xos bo‘lgan. Uchinchidan, Sahla roziyallohu anho sutlarini sog‘ib berganlar, Solim ichgan. Chunki, balog‘atga etgan odam begona ayolning ko‘kragini og‘ziga olishi mutlaqo mumkin emas. Ushbu masaladagi tushunmovchilik behuda gap va muammolar keltirib chiqarmasligi kerak.Shuningdek, emuvchi uchun emizuvchining onaligi va uning sutiga sabab bo‘lgan erining otaligi sobit bo‘ladi. Bas ikkovlari o‘z qavmlari bilan unga xuddi nasabdagi kabi harom bo‘ladilar. Emgandan tarqalganlar va emganning er va xotini ham ikkovlariga harom bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu borada: «Nasab jihatidan (nikohi) harom bo‘lganlar emish jihatidan ham harom bo‘ladilar», deganlar. Ya’ni, nasab jihatidan qaysi toifadagi ayollarning nikohi harom bo‘lsa, emish tufayli ham o‘sha toifalarning nikohi harom bo‘ladi.Emish sobit bo‘lganda emizgan ayol bolaning onasiga, eri esa, otasiga, bolalari aka-ukasi va opa-singillariga aylanadilar. Shuningdek, boshqa qarindoshlar ham emgan bolaga xesh bo‘ladilar.Shu e’tibordan quyidagilar harom bo‘ladi:1. Emizgan ona. Bunga momolar ham kiradi.2. Emikdosh qiz.Bir odamning xotini begona qizni emizsa, o‘sha qiz emizgan ayolning eriga ham qiz bo‘ladi.Bunga emish tufayli bo‘lgan qizning qizi ham, o‘g‘ilning qizlari ham kiradi. Ya’ni, kishiga uning emikdosh qiz nabiralari nikohi ham haromdir.3. Emikdosh opa-singillar.4. Emikdosh ammalar.5. Emikdosh xolalar.6. Emikdosh aka-ukalarning qizlari.7. Emikdosh opa-singillarning qizlari.8. Emikdoshlik qaynonalar.Bunda xotinining emizgan onasi va momosi ko‘zda tutilgan. 9. Emikdoshlik bo‘yicha o‘gay ona va momolari.Boshqacha qilib aytganda bir kishiga uni emizgan ayolning erining boshqa xotinlari va ularning onalari ham harom bo‘ladi.10. Emikdoshlik farzandlarning xotinlari.11. Xotinining emizgan qizi.Xuddi nasabdagi kabi birodarining singlisi unga halol bo‘ladi.Nasabda bir kishining ota bir aka yoki ukasi bo‘lsa-yu, o‘sha birodarining ona bir ota boshqa singlisi bo‘lsa, mazkur kishiga mazkura singil halol bo‘ladi.Xuddi shuningdek, birovning emikdosh ukasi yoki akasi bo‘lsa-yu, uning emikdosh bo‘lmagan, nasabdan bo‘lgan singlisi bo‘lsa, mazkur kishiga halol bo‘ladi.Igna yordamida yuborilgan sut, erkakning suti va taomga aralashtirilgan sut ila haromlik sobit bo‘lmaydi. Taomdan boshqaga aralashtirilganda g‘olib taraf e’tiborga olinadi.Misol uchun, bir ayolning sutini suvga, doriga, qo‘yning yoki boshqa bir ayolning sutiga aralashtirib berilganda g‘olib taraf e’tiborga olinadi. Mazkura ayolning suti ko‘p bo‘lsa, o‘sha aralash narsani emgan yoki ichgan bola uning emuzukli bolasiga aylanadi, bo‘lmasa yo‘q.Burundan kirgan, bikrning va o‘lik ayolning suti ila haromlik sobit bo‘ladi.Bir ayol o‘zining go‘dak kundoshini emizsa, ikkisi ham uning eriga harom bo‘ladilar.Bu farazan olingan masala bo‘lib, go‘dak ayolni emgandan keyin ular ona bola bo‘lib qolib ikkisi ham ayolning eriga nikohi harom holga kelishlari aytilmoqda.Kattasiga, agar uning bilan jinsiy yaqinlik bo‘lmagan bo‘lsa, mahr berilmaydi. Emganga mahrning yarimi beriladi.Ya’ni, katta xotin bilib turib o‘zining emuzukdagi kundoshini yomonlikni iroda qilib emizib qo‘ygan bo‘lsa, kichkina xotinga mahrning yarimi beriladi. Agar emizgan fasodni iroda qilgan bo‘lsa, uni emizgandan to‘latib oladi.Emizish arabchada «razo’» deyiladi. U lug‘atda ayol kishining ko‘kragini, sigir, qo‘y kabi hayvonlarning elinini og‘izga olib so‘rishga aytiladi.Shar’iy istilohda esa: «Ikki yoshga to‘lmagan bolaning qorniga ayol kishining sutini etib borishidir».Ushbu qoidaga xilof bo‘lgan narsa shar’iy emizish hisoblanmaydi va u tufayli hech qanday shar’iy hukm ham sobit bo‘lmaydi.Nikohni harom qiluvchi darajada emizish sobit bo‘lishi uchun bir necha shartlar bo‘lishi kerak. U shartlarning ba’zilari emizuvchiga, ba’zilari emuvchiga va yana ba’zilari sutga bog‘liqdir:1. Emizuvchiga bog‘liq shartlar ikkitadir:Birinchisi–emizuvchi ayol kishi bo‘lishi shart. Boshqani kim va nima emizsa ham, nikohni harom qiluvchi shar’iy emizish sobit bo‘lmaydi. Misol uchun, bir go‘dak o‘g‘il bola va bir go‘dak qiz bola bitta qo‘yni yoki echkini emsalar, sutini ichsalar emikdosh aka-singil bo‘lib qolmaydilar.Ikkinchisi–emizuvchi ayol to‘qqiz yoshdan katta yoshda bo‘lishi kerak.2. Emuvchiga bog‘liq bitta shart bor:U ham bo‘lsa emuvchi ikki yoshdan kichik bo‘lishi kerak. Imom Abu Hanifa ikki yarim yosh, deganlar. Lekin, boshqa hamma imomlar, jumladan, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar ham ikki yosh, deganlar. Hanafiy mazhabida ham amal ikki yosh, degan qavlga muvofiqdir.3. Sutga bog‘liq shartlar beshtadir:Birinchisi–sut suyuq holatda bo‘lishi shart. Chunki, bola emdi, deyishga loyiq bo‘lishi kerak. Shuning uchun farazan ayolning sutidan quyiltirib bir narsa tayyorlansa, uni go‘dak bolaga edirilsa nikohni harom qiluvchi emish sobit bo‘lmaydi. Chunki, undoq narsani edi, deyiladi, emdi, deyilmaydi. Ikkinchisi–sut bolaning qorniga ko‘krakni so‘rish orqali yoki tomog‘idan va burnidan quyish orqali etib borishi kerak. Boshqa tomondan va boshqa yo‘l bilan qoringa sut etib borsa ham, emizish sobit bo‘lmaydi.Uchinchisi–mazkur sut bolaning qorniga bola ikki yoshdan kichik bo‘lgan muddatda etib borishi shart. Bu muddatdan keyin bo‘lsa, har qancha emsa ham nikohni harom qiluvchi emish sobit bo‘lmaydi.Ammo, ikki yoshdan kichiklik muddatida bo‘lsa, bir qatra sut qorniga etsa ham shar’iy emizishlik sobit bo‘ladi. To‘rtinchisi–sut bolaning qorniga aniq etib borishi kerak. Bu holatga qarab aniqlanadi. So‘rab surishtiriladi. Agar ayol kishi bir bolaning og‘ziga ko‘kragini solsayu, ko‘kragimda sut bor edi, desa, bu gapni qabul qilinadi.Beshinchisi–sut taom bilan aralashgan bo‘lmasligi shart. Misol uchun, ayol kishining suti pishirilayotgan taomga qo‘shilib ketsayu, uni yosh bola esa, emish sobit bo‘lmaydi. Shuningdek, suyuqmas narsalarga qo‘shilsa ham.Ammo ayolning suti suyuq narsaga qo‘shilsa, teshirib ko‘riladi. Agar ayol kishining suti g‘olib bo‘lsa, emizish sobit bo‘ladi, bo‘lmasa yo‘q.Payg‘ambarimiz alayhissalom esa, bu borada: «Nasab jihatidan (nikohi) harom bo‘lganlar emish jihatidan ham harom bo‘ladilar», deganlar. Ya’ni nasab jihatidan qaysi toifadagi ayollarning nikohi harom bo‘lsa, emish tufayli ham o‘sha toifalarning nikohi harom bo‘ladi. Bunday hukmlar ostiga kiradigan emish shuki, ikki yoshdan kichik bo‘lgan go‘dakning onasidan boshqa, sutli ayolni to‘yib emishidir. Ana o‘shanda u ayol bolaning onasiga, eri esa, otasiga, bolalari aka-ukasi va opa-singillariga aylanadilar. Shuningdek, boshqa qarindoshlar ham emgan bolaga xesh bo‘ladilar. Bu hukmning hikmati to‘laligicha Allohning O‘ziga ma’lum. Ammo ba’zi hikmatlari ushbu oyati karima nozil bo‘lganidan bir necha asrlar o‘tib, ma’lum bo‘ldi. Go‘dakning suyagi va eti ona sutidan shakllanar ekan. Bir onaning sutini emib katta bo‘lgan insonlarning fiziologik xususiyatlari bir xil shakllangani tufayli ular orasida nikoh aloqasi bo‘lsa, o‘zlariga ham, ulardan bo‘lgan bolalarga ham katta zarar bo‘ladi. Buni musulmonlardan boshqalar endi-endi tushunib kelmoqdalar.Bas, emikdosh qizga uylangan shaxs o‘zining singlisiga uylangandek bo‘ladi. Bu esa katta gunohdir. Boshqa qarindoshlarni ham shunga taqqoslash kerak.

27 Aprel 2022, 13:52 | Savol-javoblar | 302 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar