Savdolashish haqida

Assalomu alaykum! Men savdogarman. Xaridorlar savdolashayotganda savdolashish sunnatku deyish holatlari uchraydi. Savdolashish sunnatmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng xulqi go‘zali va xushmuomalasi edilar. U zotning tashvishlari va g‘amlari dunyo va uning boyliklari va oldi-sotdi ishlari emas edi. Shu bilan birga ummatlariga savdo-sotiqda mo‘min kishi qanday o‘zini tutish kerakligini ta’lim berganlar, bozorlarda yurganlar, savdo qilganlar, savdolashganlar. U zot sollallohu alayhi vasallamning narxda savdolashishlari dunyoga bo‘lgan muhabbat va molga bo‘lgan hirs, qizg‘anchilik sababidan bo‘lmagan. Bu bilan savdolashish mashru’, ya’ni shariatda ijozat berilgan ish, muboh amal ekanini bildirganlar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda shuni ko‘rishimiz mumkin. حدثني جابر رضي الله عنه أنه كان يسير على جمل له قد أعيا فمر النبي صلى الله عليه وسلم فضربه فدعا له فسار بسير ليس يسير مثله ثم قال بعنيه بوقية قلت لا ثم قال بعنيه بوقية فبعته فاستثنيت حملانه إلى أهلي فلما قدمنا أتيته بالجمل ونقدني ثمنه ثم انصرفت فأرسل على إثري قال ما كنت لآخذ جملك فخذ جملك ذلك فهو مالكJobir roziyallohu anhu bunday so‘zlab berdi:
“Men o‘zimning xorigan tuyamda ketayotgan edim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘tib qolib, uni urdilar va duo qildilar. U shunday yurib ketdiki, sira bunday yurmas edi. So‘ngra u zot: “Uni menga bir uvqiyaga sot”, dedilar. Men: “Yo‘q”, dedim. Keyin yana: “Uni menga bir uvqiyaga sot”, dedilar. Men uni sotdim va meni ahlimgacha olib borishini istisno qildim. Etib kelgach, tuyani u zotga olib bordim. Menga uning pulini naqd berdilar. So‘ng qaytib ketdim. Ortimdan: “Men sening tuyangni olmoqchi emasdim, bu tuyangni ol, u sening moling” deb, odam yubordilar”. Vallohu a’lam!

13 May 2022, 12:53 | Savol-javoblar | 152 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar