Bu voqelini shu hadisga bog‘lash o‘rinlimi?

Assalomu alaykum! 1.Shu kunlarda O‘zbekistonning juda ko‘p hududlarida chang bo‘roni bo‘lmoqda. Avvali hamma narsa Allohdan. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda "daraxtlar ko‘p kesilganligi uchun, atmosfera yomonlashib shu holatga kelib qoldi" fikrlari ham uchrab turibdi. Bu Allohga kufr keltirish bo‘lib qolmaydimi? Bu savolni berganimning sababi bir hadis o‘qigan edim. Zayd ibn Xolid Juhaniy roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz bilan bomdod namozini o‘qidilar. Tuni bilan yomg‘ir yog‘ib chiqqan edi. Namozni o‘qib bo‘lgach, odamlarga yuzlanib: «Rabbingiz nima deganini bilasizlarmi?» dedilar. Ular: «Allohning Rasuli bilguvchiroq», deb javob berishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «U zot aytdiki: «Bandalarimdan ayrimlari menga iymon keltirib, ayrimlari kufr keltirib tong ottirdi. Kimki: «Allohning fazli va rahmati ila bizga yomg‘ir yog‘di», desa, u Menga iymon keltirib, yulduzlarga kufr keltiribdi. Ammo kimki: «Bu va u hodisalar (shamol, bulut), bo‘lib bizga yomg‘ir yog‘di», desa, u Menga kufr keltirib, yulduzlarga iymon keltiribdi» (Muttafaqun alayh). 2. Bu erda yulduzlar deb aynan nima nazarda tutilgan? Shuni ham tushuntirib o‘tsangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi: عَنْ زَيْدِ بْنِ خَالِدٍ الْجُهَنِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: صَلَّى لَنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ صَلَاةَ الصُّبْحِ بِالْحُدَيْبِيَةِ عَلَى إِثْرِ سَمَاءٍ كَانَتْ مِنَ اللَّيْلِ، فَلَمَّا انْصَرَفَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَقْبَلَ عَلَى النَّاسِ فَقَالَ: هَلْ تَدْرُونَ مَاذَا قَالَ رَبُّكُمْ؟ قَالُوا: اللهُ وَرَسُولُهُ أَعْلَمُ، قَالَ قَالَ: أَصْبَحَ مِنْ عِبَادِي مُؤْمِنٌ بِي وَكَافِرٌ، فَأَمَّا مَنْ قَالَ: مُطِرْنَا بِفَضْلِ اللهِ وَرَحْمَتِهِ، فَذَلِكَ مُؤْمِنٌ بِي وَكَافِرٌ بِالْكَوْكَبِ، وَأَمَّا مَنْ قَالَ: بِنَوْءِ كَذَا وَكَذَا، فَذَلِكَ كَافِرٌ بِي وَمُؤْمِنٌ بِالْكَوْكَبِ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ.
وَلِمُسْلِمٍ: أَلَمْ تَرَوْا إِلَى مَا قَالَ رَبُّكُمْ؟ قَالَ: مَا أَنْعَمْتُ عَلَى عِبَادِي مِنْ نِعْمَةٍ إِلَّا أَصْبَحَ فَرِيقٌ مِنْهُمْ بِهَا كَافِرِينَ يَقُولُونَ: الْكَوَاكِبُ وَبِالْكَوَاكِبِ
 Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Hudaybiyada kechasi yoqqan yomg‘irdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga Bomdod namozini o‘qib berdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam namozdan chiqqanlaridan keyin odamlarga yuzlandilar va:
«Robbingiz nima deganini bilasizmi?» dedilar.
«Alloh va Uning Rasuli bilguvchidir», de¬yishdi.
«Mening bandalarimdan (ba’zisi) Menga mo‘min bo‘lib, 
(ba’zisi) kofir bo‘lib, tong ottirdi. Kim «Allohning fazli va rahmati ila yomg‘irga erishdik», desa, Menga mo‘min, yulduzga kofirdir. Ammo kim «Falon, piston yulduz ila», desa, bas, u Menga kofir, yulduzga mo‘mindir», dedi», dedilar».
Ikki Shayx rivoyat qilganlar.
Muslimning rivoyatida:
«Robbingiz nima deganiga qaramaysizmi? (U Zot:) «Bandalarimga qaysi bir ne’matni bersam, albatta, ulardan ba’zilari u (ne’mat)ga kofir bo‘lurlar. «Yulduzlar va yulduzlar tufayli», derlar», dedi», dedilar».
Sharh: Demak, mo‘min-musulmon odam «Yomg‘ir Allohning fazli va rahmati ila yog‘di», deb aytishi va e’tiqod qilishi lozim.
Yomg‘ir falon yulduz tufayli, bunday sababdan yog‘di, deyish esa kufrga sabab bo‘ladi. Bu iymonga taalluqli masala ekanligini hech kim hech qachon unutmasligi kerak. Zotan, dunyodagi har bir narsa Alloh taoloning ilmi, xohish-irodasi va tadbiri ila sodir bo‘ladi.
Lekin, barcha ishlarning musabbibi Alloh ekaniga iymon keltirgan holda, “Alloh taolo shu narsani sabab qilib qo‘ydi”, desa, ziyoni yo‘q. “Bu ish faqat falon hodisa sababligina bo‘ldi, buni Allohga aloqasi yo‘q”, desa, iymonga zid gap aytgan bo‘ladi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 13:46 | Savol-javoblar | 206 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar