Tuberkulyozda ro‘za

Assalomu alaykum! Men 6 oy oldin o‘pka tuberkulyozi bilan kasallandim. Endigina 6 oylik DOTS programma bo‘yicha dorilarim tugadi. O‘zim 43 kg man. 2 ta 1 yarim yashar qizlarim bor. Ramazon ro‘zasini tutishlikni juda hohlayapman. Lekin uyimdagi barcha oila a’zolarim bunga qattiq qarshilik ko‘rsatishyapti. Hali to‘liq tuzalmaganimni, kasalim qaytalanishi mumkin ekanligini, kichik yoshdagi bolalarim bilan charchashimmi, ro‘za tutsam o‘zimga zug‘um qilgan bo‘lishimni ta’kidlashyapti. Ro‘za tutmasam bu uzrli sabab hisoblanadimi? Tuberkulyoz bilan kasallanganda ro‘za tutish mumkin emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ro‘za tutib ko‘ring, agar qodir bo‘lsangiz oxirigacha tutishingiz farz. Agar zaiflashib, sog‘lig‘ingizga zarar etishi mumkin bo‘lgan holat paydo bo‘lsa ochib yuborasiz. Bunday holatda kafforot vojib bo‘lmaydi, faqat qazo tutib beriladi. Har kuni tutishga qodir bo‘lmasangiz oralatib, ya’ni bir kun tutib bir kun tutmasdan bo‘lsa ham ramazon oyi ro‘zasini tuting. Orada qoldirgan kunlaringizni qazosini ramazondan keyin yoki qishning qisqa kunlarida bo‘lsa ham tutib beraverasiz. Agar yilning birorta kunida ham ro‘za tutishga qodir bo‘lmaydigan darajaga tushib qolgan bo‘lsangiz va keyinchalik ro‘za tutishga qodir bo‘lishingiz umid qilinmasa, ramazon ro‘zasi uchun fidya bersangiz bo‘ladi. Fidya berganingizdan keyin Alloh shifo berib ro‘za tutishga qodir bo‘lib qolsangiz qazolarini tutasiz. Vallohu a’lam!

13 May 2022, 16:40 | Savol-javoblar | 132 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar