Ijmo’ va qiyos haqida

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, qilayotgan xizmatlaringizni Alloh ajrini bersin! Men Turkmanistonlik shayx Hazratning(rahimahulloh) muxlisiman. Men sizlarning saytlaringizning yaqinda topib oldim, biz dinda savodimiz izda qolib ketganlarga juda kerakli sayt ekan. Savolim shundan iborat: Men ijmo va qiyos degan so‘zlarning ma’nosiga tushunmayapman. Shuni batafsil tushuntirib bersangiz iltimos. Xato kamchiliklar uchun oldindan uzr so‘rayman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! "Kifoya" kitobida quyidagicha keladi. FIQH MANBALARI Mazkur fiqh ilmi ulamolari o‘z ilmiy ishlarida fiqhiy ijtihodlariga to‘rtta narsani asosiy manba qilib olganlar. Birinchisi: Qur’oni Karim. Ya’ni faqih Islomda biror narsaning hukmi qanday ekanligini bilmoqchi bo‘lsa, avvalo Qur’onga murojaat qiladi. Unda nima hukm bo‘lsa, hech qanday ikkilanishsiz qabul qiladi. Ikkinchisi: Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlari. Agar faqih o‘sha mazkur masalaga javobni Qur’ondan topa olmasa, Sunnatga murojaat qiladi. Uni topib, hukmini bayon ham qiladi. Uchinchisi: Ijmo’. Ijmo’ – bir davrning ijtihod ahli bo‘lgan ulamolarining biror masalani bir ovozdan qabul qilishlaridir. Misol uchun, Qur’oni Karimni kitob shakliga keltirish zarurligi Qur’onning o‘zida ham, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ham ta’kidlanmagan. Ammo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin urushlarda Qur’onni yod biladigan ko‘plab qorilar shahid bo‘layotganidan tashvishlangan hazrati Umar roziyallohu anhuning takliflari bilan xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Qur’onni jamlashga amr berdilar. Bunga hamma rozi bo‘ldi, hech kim qarshi chiqmadi. Mana shu ish ijmo’ orqali amalga oshdi. To‘rtinchisi: Qiyos. Ya’ni avvalgi manbalarda hukmi kelmagan masalani mazkur manbalarda hukmi bor shunga o‘xshash narsaga qiyoslab hukm chiqarish. Misol uchun, Qur’onda xamr, ya’ni o‘sha vaqtda uzum, arpa, asal, xurmo kabi narsalarni achitish yo‘li bilan olinadigan mast qiluvchi ichimlik harom qilingan. Ulamolar shunga qiyoslab, ulardan boshqa mast qiluvchi ichimliklarni ham harom deb ataganlar. Faqihlarimiz suyanadigan yana boshqa manbalar ham bor bo‘lib, ular «masolihi mursala», «urf», «shar’u man qoblana shar’un lana», «istihson», «istishob» va «mazhabi sahobiy»lardir. Fuqaholarimiz mazkur to‘rtta asosiy va qolgan yordamchi manbalarga suyangan holda ko‘p masalalarni hal qilganlar. Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 14:35 | Savol-javoblar | 254 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar