Gaz nasos

Assalomu alaykum! Mahallamizda biznikida gaz kelib turgandi uzilishlar bilan bo‘lsa ham, qo‘shnilarni aytishi bo‘yicha ularda uzilish ko‘proq ekan. Shunga qo‘shni ko‘chadagilar bizni nasosga ulangan liniyamizga ulaninglar deyishdi. Kecha ulashdi. Man hali ulanmadim. Hammaga gaz keldi deyishdi. Lekin savollarni qarab chiqdim. Joiz emas deyilgan. Elektr bilan isitish juda qimmatga tushyapti. Shu qo‘shnilarni liniyasiga ulansam bo‘ladimi balki bu holat oldingi savollarga tushmas. Suv nasoslarga berilgan javoblarda qo‘shniga zarar berilmasa joiz degan javoblar ham bor ekan. Bizni holatda faqat bizni uyda gaz yo‘q hozir.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Mumkin emas. Harom ish hamma qilishi bilan halol bo‘lib qolmaydi. Allohga taqvo qiling.
Alloh taolo “Taloq” surasining 2-3 oyatlarida shunday shunday marhamat qiladi:
«Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir. Albatta, Alloh O‘z ishini etkazuvchidir. Haqiqatan, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygandir.
Ya’ni kim Alloh taoloning buyurganini qilib, qaytarganidan qaytsa, bu dunyo va u dunyoning qiyinchiliklaridan chiqadigan yo‘lni Alloh taoloning O‘zi ko‘rsatib qo‘yadi. Taqvodor shaxsning mushkulini doimo Alloh taoloning O‘zi engil qilib turadi. Shu bilan birga, unga o‘zi o‘ylab xayoliga ham kelmagan tomondan rizqi ro‘z etkazib beradi. Odatda kishilar rizqi ro‘zim serob bo‘lsin, degan maqsadda taqvodan voz kechishadi. Bu esa aksincha natijaga olib keladi. Ushbu oyati karimaning ma’nosidan kelib chiqadigan qoidaga binoan, taqvodorlik qiyinchiliklarning osonlashishi va rizqning o‘ylamagan tarafdan kelishiga sabab bo‘ladi.
Yuqorida zikr etilgan ishlarda hiyla-nayrang ko‘p ishlatiladi. Hiyladan qo‘rqishning o‘zi yangi hiylaga olib boradi. Shuning uchun Qur’oni Karim musulmonlarni Allohga tavakkul qilishga undab, «Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoya¬dir. Albatta, Alloh O‘z ishini etkazuvchidir. Haqiqatan, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygandir», deydi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu «Qur’ondagi eng katta umidbaxsh oyat, ushbu «va man yattaqillaha yaj’al lahu maxrajan va yarzuqhu min haysu laa yahtasib» degan ekanlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom: «Albatta, banda qilgan gunohi tufayli rizqdan mahrum bo‘ladi. Qadarni duodan o‘zga hech narsa rad qila olmaydi, umrni yaxshilikdan o‘zga hech narsa ziyod qila olmaydi», deganlar.
  «Kim Allohga tavakkul qilsa, unga U Zotning O‘zi kifoyadir», jumlasi tafsiriga ulamolarimiz quyidagi hadisni keltiradilar. Payg‘ambar alayhissalom Abdulloh ibn Mas’udga qilgan nasihatlarida, jumladan: «...Va bilki, agar ummatning barchasi yig‘ilib senga manfaat etkazmoqchi bo‘lsalar ham, Alloh sen uchun taqdir qilib qo‘ygan narsadan o‘zga hech bir narsa qila olmaydilar. Agar senga zarar etkazish uchun to‘plansalar ham, Alloh sen uchun taqdir qilib qo‘ygan narsadan o‘zga hech bir narsa qila olmaydilar», deganlar. («Tafsiri Hilol» kitobi). Vallohu a’lam!

13 May 2022, 20:04 | Savol-javoblar | 181 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar