Xijobda Umar roziyallohu anhu maslaxati

Assalomu alaykum! Juma namozda amri maruf mavzusi Umar roziyallohu anhudan xaqida edi. Imomning aytishicha xijobning farz bo‘lishini Umar roziyallohu anhu maslaxat bergan ekanlar. Va bu maslaxatlarini Alloh maqullagan ekan. Bu qanchalik to‘g‘ri?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi: عَنْ أَنَسٍ قَالَ: قَالَ عُمَرُ: وَافَقْتُ اللهَ فِي ثَلَاثٍ - أَوْ وَافَقَنِي رَبِّي فِي ثَلَاثٍ - قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، لَوِ اتَّخَذْتَ مَقَامَ إِبْرَاهِيمَ مُصَلًّى؟ وَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، يَدْخُلُ عَلَيْكَ الْبَرُّ وَالْفَاجِرُ، فَلَوْ أَمَرْتَ أُمَّهَاتِ الْمُؤْمِنِينَ بِالْحِجَابِ، فَأَنْزَلَ اللهُ آيَةَ الْحِجَابِ. قَالَ: وَبَلَغَنِي مُعَاتَبَةُ النَّبِيِّ  بَعْضَ نِسَائِهِ، فَدَخَلْتُ عَلَيْهِنَّ قُلْتُ: إِنِ انْتَهَيْتُنَّ أَوْ لَيُبَدِّلَنَّ اللهُ رَسُولَهُ   خَيْرًا مِنْكُنَّ. حَتَّى أَتَيْتُ إِحْدَى نِسَائِهِ، قَالَتْ: يَا عُمَرُ، أَمَا فِي رَسُولِ اللهِ  مَا يَعِظُ نِسَاءَهُ حَتَّى تَعِظَهُنَّ أَنْتَ فَأَنْزَلَ اللهُ: عَسَى رَبُّهُ إِنْ طَلَّقَكُنَّ أَنْ يُبْدِلَهُ أَزْوَاجًا خَيْرًا مِنْكُنّ Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Umar bunday dedi: «Uch narsada Allohga muvofiq keldim [yoki uch narsada Robbim menga muvofiqlik bildirdi]:
«Ey Allohning Rasuli, Maqomi Ibrohimni namozgoh qilib olsangiz bo‘lardi», degan edim;*
Yana: «Ey Allohning Rasuli, huzuringizga yaxshi ham, fojir ham kiraveradi. Shu bois, mo‘minlarning onalarini hijobga buyursangiz bo‘lardi», degan edim. Shunda Alloh hijob oyatini* nozil qilgan;
Menga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ba’zi ayollaridan achchiqlanganlari haqida xabar etganda ularning huzuriga kirib, «Yo bas qilasiz, yo o‘rningizga Alloh O‘z Rasuli sollallohu alayhi vasallamga sizlardan ko‘ra yaxshirog‘ini beradi», deganman. Hatto ayollarining yoniga borganimda ulardan biri: «Hoy Umar! Nega endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollariga u zot haqlarida o‘zlari eslatma qilmay, sen eslatma qilasan?» degan. Shunda Alloh: «U sizlarni taloq qilsa, ajab emaski, Robbi sizdan yaxshiroq, muslima, mo‘mina, itoatkor, tavbakor, ibodatli, ro‘zador juvon va qizlarni o‘rningizga juft qilib bersa»ni* nozil qilgan».
* Ushbu taklifga ko‘ra qaysi oyat nozil bo‘lgani bu rivoyatda aniq aytilmagan bo‘lsa-da, gapning oqimidan bu erda Baqara surasining 125-oyati nazarda tutilganligi ko‘rinib turibdi. Sarlavhada ham bunga ishora borligi e’tiboridan muallif ushbu rivoyatni aynan shu bobda keltirgan bo‘lishi ham, yoki hadisni qisqartirgan bo‘lishi ham mumkin.
* Hijob oyati – hijobni farz qilgan oyat. U Ahzob surasining 59-oyatidir: «Ey Nabiy! Jufti halollaringga, qizlaringga va mo‘minlarning ayollariga ayt, jilboblarini o‘zlariga yaqin tutsinlar. Mana shu ularning tanilmoqlari va ozorga uchramasliklari uchun yaqinroqdir. Alloh ko‘p mag‘firatli va o‘ta rahmlidir».
* Tahrim surasi, 5-oyat. (Oltin silsila kitobidan "Sahihul Buxoriy").

Vallohu a’lam!

13 May 2022, 22:04 | Savol-javoblar | 273 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar