Onlayn ish

Assalomu alaykum! Hozirda men onlayn platformada ish yuritadigon marketing kompaniyasida ishchiman. Kompani katta onlayn marketlardan masalan Amazon, ebay, best bay kabi onlayn ishlaydigon marketlardan zakaz oladi. Bizning vazifamiz, onlayn xarid qilish platformalarida savdogarlarga o‘z mahsulotlarining sotilishi va bahosini oshirishga yordam berish va ularga platformadan tavsiyalar olishga yordam berish. Men o‘zim ishlaydigon kompaniyani vebsaytiga kirib o‘z saxifamdan kunlik ajratilgan 20~100 gacha zakaz bo‘ladi. Aytaylik bugun menga Amazondan 50 ta zakaz bor. Men kompaniya saxifasidan Amazondi tanliman va kirib menga yoqqan 50 mahsulotni tanlayman. Yani bular amazonda sotilayotgan mahsulotlar masalan naushnik, kompyuter, ruchka va hokazolar. Men 50 tasini tanlab ularga virtual buyurtma beraman yani men ularni sotib olgandek bo‘laman. Aslida menga u maxsulotlarni manzilimga jo‘natishmaydi. Faqatgina men virtual buyurtma berish orqali mahsulotni sotilishi va bahosini oshirishga yordam bergan bo‘laman. Aslida aniq olgan hisoblanmiman lekin maxsulot bazasida olgan bo‘laman. Bu maxsulotni savdosini oshiradi. Pulni esa shu Amazondagi savdogarlar har bir bergan virtual buyurtmaga qarab haq to‘laydi. Yani men o‘z kompaniyamdan emas asli klientlardan haq olinadi. Va umumiy tushgan summadan 5% ni o‘z kompaniyamga to‘layman. Chunki ular o‘rtakash vazifasini bajaradi. Yani bizga zakaz ob beradi va o‘z vebsaytiga joylaydi. Biz o‘sha erdan olib buyurtma beramiz. Shu ishim joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu ishingiz joiz emas. Siz xaridorlarni aldanishiga xizmat qilar ekansiz. Shu kabi aldovlar haqida hadisi sharifda shunday deyilgan: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: نَهَى رَسُولُ اللهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنْ يَبِيعَ حَاضِرٌ لِبَادٍ، وَلَا تَنَاجَشُوا، وَلَا يَبِيعُ الرَّجُلُ عَلَى بَيْعِ أَخِيهِ، وَلَا يَخْطُبُ عَلَى خِطْبَةِ أَخِيهِ، وَلَا تَسْأَلُ الْمَرْأَةُ طَلَاقَ أُخْتِهَا لِتَكْفَأَ مَا فِي إِنَائِهَا Abu Hurayra roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erlik odamning chetdan kelganga sotib berishidan qaytardilar. Najsh* qilmanglar. Kishi birodarining savdosi ustiga savdo qilmaydi, uning sovchiligi ustiga sovchi qo‘ymaydi va ayol o‘z dugonasining idishidagini ag‘darib olish uchun uning talog‘ini so‘ramaydi». (“Sahihi Buxoriy” kitobidan).
* «Najsh» so‘zi lug‘atda «qo‘zg‘atish», «avrash», «shishirib ko‘rsatish» ma’nosini anglatadi. Savdoda esa boshqalarni qiziqtirish uchun molni baland bahoga savdolashishdir. Bunda xaridor bo‘lib ko‘rinayotgan shaxs sotuvchi bilan kelishib olgan bo‘ladi. Molni maqtab, baland narxga savdolashadi. Ularning qizg‘in savdosini ko‘rgan boshqa kishilar ham molni o‘sha narxga sotib ola boshlaydilar. Bu ish qat’iyan mumkin emas, bu tarzda topilgan mablag‘ harom bo‘ladi.
Izoh: «Dugonasining idishidagini ag‘darib olish» deganda eriga yolg‘iz xotin bo‘lib, nafaqaning faqat o‘ziga bo‘lishi uchun eridan kundoshini taloq qilishni so‘rash tushuniladi. Shuningdek, er ikkinchi yoki uchinchi xotin qilish uchun bir ayolga sovchi qo‘ysa, o‘sha kundosh bilan yashashni istamay, taloq so‘rashidir. Vallohu a’lam!

14 May 2022, 04:57 | Savol-javoblar | 167 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar