Ishni bitirib hadya olish haqida hadis

Assalomu alaykum! Paygambarimiz: Kim o‘rtada turib, birodariga ishini bitirib bersa va bu ishiga hadya berilganida, uni qabul qilsa, demak, ribo eshiklaridan katta eshikni ochibdi. Abu Dovud rivoti (Abu Umoma roziyallohu anhudan). Agar shunday bo‘lsa qanaqa tushunimiz misol keltirsangiz?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي أُمَامَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ شَفَعَ لِأَخِيهِ شَفَاعَةً فَأَهْدَى لَهُ هَدِيَّةً عَلَيْهَا فَقَبِلَهَا: فَقَدْ أَتَى بَابًا عَظِيمًا مِنْ أَبْوَابِ الرِّبَا Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kimki birodariga (savob umidida qilinadigan ishda) vositachi bo‘lsa-yu, u esa buning uchun unga hadya bersa va u buni qabul qilsa, riboning katta eshiklaridan biriga kiribdi».
Kishi o‘zining egallab turgan lavozimi taqozosiga ko‘ra biror ishni bajarishi lozim bo‘lsayu, hojati chiqarilishiga muhtoj bo‘lgan odamdan uning muqobiliga  haq talab qilsa bu u uchun halol bo‘lmaydi. Chunki lavozim egasining zimmasiga o‘sha ish yuklatilganligi sababli boshqalardan evaz talab qilmay bajarib berishi lozim edi.
Agar kishi o‘zining zimmasida bo‘lmagan ishni bajarib bersa, bu uchun mehnati va vaqtini sarflasa, buning evaziga haq olishi joiz. Bu ijara hisoblanadi. Ammo bajariladigan ish birodariga o‘z sha’ni va obro‘si bilan ko‘maklashish kabi aslida savob umidida qilinishi lozim bo‘lgan amallardan bo‘lsa buning evaziga haq olishi joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam!

14 May 2022, 08:56 | Savol-javoblar | 185 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar