To‘lov tizimi dasturini yasash

Assalomu alaykum! Men dasturchi bo‘lib ishlayman. Hozirda bizga to‘lov tizimini loyihasi yasash taklif qilinyapti. Bu loyihada turli xildagi xizmatlarga to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Buyurtmachi biz yasab bergan dastur orqali o‘zi istagan xizmat(to‘lov qilish mumkin bo‘gan narsa)larni dasturga qo‘shishi mumkin. Masalan uyali aloqa operatorlari, internet provaederlari, kommunal to‘lovlar, hayriya fondlari va boshqa xizmatlar. Buyutmachi dasturga sug‘urta yoki kreditni so‘ndirish va shunga o‘xshash xizmatlarni ham qo‘sha oladi. Biz dasturda barcha xizmatlarni ishlashi uchun umumiy algoritm yozib chiqamiz. Bu algoritm orqali istangan xizmatini dasturga qo‘shish imkoniyati bor. Shu dasturni yasab berish joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz qolipini yasab bersangiz va asosoan muboh mahsulotlarni ishlatib bersangiz, joiz. Islomda, “Dinda yaxshilikda hamkor bo‘linglar, yomonlik va gunohda hamkor bo‘lmanglar” degan qoida aytilgan. Har bir inson o‘z ishini shunga solib ko‘rishi kerak. Ishlab chiqariladigan narsalar uch turga bo‘linadi. Faqat gunoh uchun ishlab chiqariladiganlar, faqat yaxshilik uchun ishlab chiqariladiganlar va umumiy maqsadda ishlab chiqariladiganlar. Ammo kimdir ularni yaxshi maqsadda va kimdir uni yomon maqsadda ishlatadi. Masalan oddiy pichoq. Kimdir undan oshxonalarda yaxshi ishlarga foydalanadi. Kimdir u bilan jinoyat sodir qiladi. Hozirgi kundagi telefon, radio, internet kabilar ham xuddi shunday. Sizni narsangizni ham kimlardir yaxshi maqsadda va kimlardir yomon maqsadda ham foydalanadigan bo‘lib, yuqoridagiga tushsa qilish joiz. Yomon maqsadda foydalanishini ochiq-oydin aytsa, unga bu narsani qilib berishingiz joiz emas. Bu xuddi bilib turib qotilga pichoq yasab bergandek bo‘ladi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 15:50 | Savol-javoblar | 139 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar