Shayton xakida

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, men "shayton xar kun ertalab xammani boshiga 3ta tugun bog‘leydi va uni echish uchun turganda Allohni zikr kilishi, taxorat qilish va 2 rakat nomoz o‘qishi kerak ekan, shundek qilsagina boshdagi tugunlar echiladi" deb eshitgan edim. Shu rostmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يَعْقِدُ الشَّيْطَانُ عَلَى قَافِيَةِ رَأْسِ أَحَدِكُمْ إِذَا هُوَ نَامَ ثَلَاثَ عُقَدٍ يَضْرِبُ كُلَّ عُقْدَةٍ: عَلَيْكَ لَيْلٌ طَوِيلٌ فَارْقُدْ، فَإِنِ اسْتَيْقَظَ فَذَكَرَ اللهَ انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَإِنْ تَوَضَّأَ انْحَلَّتْ عُقْدَةٌ، فَإِنْ صَلَّى انْحَلَّتْ عُقَدُهُ فَأَصْبَحَ نَشِيطًا طَيِّبَ النَّفْسِ، وَإِلَّا أَصْبَحَ خَبِيثَ النَّفْسِ كَسْلَانَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sizdan birortangiz uxlasa, shayton uning boshining orqasiga uchta tugun tugadi. Har bir tugunni urib: «Senga uzun kecha bor, uxla!» deydi. Agar u uyg‘onib, Allohni zikr qilsa, bir tugun echiladi. Agar tahorat qilsa, yana bir tugun echiladi. Agar namoz o‘qisa, tugunlari echilib, o‘zi tetik, ruhi pok bo‘ladi. Agar unday qilmasa, ruhi chirkin, o‘zi dangasa bo‘lib, o‘rnidan turadi», dedilar».
Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan.
Sharh: Bu hadisi sharifda har bir inson uchun Allohning zikri, tahorat, namoz qanchalar kerakli ekanligi ajoyib uslub bilan vasf qilinmoqda. Inson uxlagani yotganda hamma narsani unutadi. Qayta uyqudan turish, ayniqsa, uyqu kelib turgan bo‘lsa, juda ham qiyin. Buning uchun zarurat, kuchli turtki yoki iymon bo‘lishi kerak.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uyqudan turishning qiyinligini shayton boshning orqasiga tukkan uch tugun sababidan, deb bayon qilmoqdalar.
Albatta, bu moddiy ma’nodagi tugun emas. Kishini shayton ta’sirida ushlab turuvchi ushbu uch tugunning echilishi uchun avvalo Allohning zikri, so‘ng tahorat va nihoyat, namoz o‘qilishi kerak ekan. Ana o‘sha amallarni qilgan inson ruhi engil va pok bo‘lib, o‘zi harakatchan bo‘lib qoladi.
Allohni zikr qilmagan, tahorat olmagan va namoz o‘qimagan kishida esa buning teskarisi bo‘ladi. Bunday fosiq odam ruhi chirkin, o‘zi dangasa bo‘lib uyqudan turadi.
haqiqatda ham hayotda xuddi shu holni ko‘ramiz. Namozxon insonlar juda erta turadilar, o‘zlari tetik, ruhlari engil, ko‘ngillari xush yuradilar. Tavfiqsizlar esa uxlab-uxlab, o‘rnidan zo‘rg‘a turadi.
Shuning uchun ham ushbu hadisi sharifni yaxshi o‘zlashtirib olishimiz kerak. Uxlashdan oldin tahorat qilib, sunnatga muvofiq duolarni o‘qib yotishimiz kerak.
Kechasi uyg‘onganda esa darhol Allohni zikr qilib, uyqudan uyg‘onganda o‘qiladigan duoni o‘qishimiz lozim. Keyin turib, tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qisak, shaytonning tugunlari batamom echilgan bo‘ladi. Bu ayniqsa tahajjud namozi o‘qimoqchi bo‘lganimizda kerak bo‘ladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:43 | Savol-javoblar | 200 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar