Masjidga kirganda o‘qiladigan duo va namoz

Assalomu alaykum! Masjidga kirganda o‘qiladigan duo va namoz haqida aytib bersangiz iltimos!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom!عَنْ أَبِي حُمَيْدٍ أَوْ أَبِي أُسَيْدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا دَخَلَ أَحَدُكُمُ الْمَسْجِدَ فَلْيُسَلِّمْ عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ثُمَّ لِيَقُلِ اللَّهُمَّ افْتَحْ لِي أَبْوَابَ رَحْمَتِكَ، فَإِذَا خَرَجَ فَلْيَقُلِ اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ مِنْ فَضْلِكَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ  Abu Humayd yoki Abu Usayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qachon birortangiz masjidga kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom bersin. So‘ngra:
«Allohumma iftah liy abvaba rohmatika», desin.
Agar chiqadigan bo‘lsa, «Allohumma inniy as’aluka min fazlika», desin», dedilar».
Muslim, Abu Dovud va Nasaiylar rivoyat qilganlar.
Sharh: Avvalo hadisning roviyci Abu Usayd roziyallohu anhu bilan tanishib olaylik.
Abu Usayd kunyasi bilan mashhur bo‘lgan bu sahoba Abdulloh ibn Sobit al-Ansoriydirlar.
U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xizmatkorlaridan bo‘lganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir nechta hadislar rivoyat qildilar. Bu zot rivoyat qilgan hadislarni uch «Sahih» sohiblari o‘z kitoblariga kiritganlar.
Ushbu hadisi sharifda masjidga kirish va chiqish odobi haqida so‘z bormoqda.
1. Masjidga kiradigan odam Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga «Assalomu alayka yaa Rasulalloh», deb salom berishi kerak.
2. Shu bilan birga, masjidga kirayotib: «Allohumma iftah liy abvaba rohmatika» – «Allohim, menga rahmating eshiklarini ochgin» degan duoni o‘qish kerak.
3. Masjiddan chiqayotganda esa «Allohumma inniy as’aluka min fazlika» – «Allohim, men Sendan fazlingni so‘rayman» degan duoni o‘qish lozim.
Oldin bilmagan bo‘lsak, endi bilib oldik. Doimo ushbu duolarni  o‘qib yuraylik. («Hadis va Hayot» kitobidan). Namozxon masjidga kirganida agar farz namozlari ado etilmayotgan bo‘lsa, masjid bilan salomlashish niyatida o‘qiydigan namozi «tahiyyatul masjid» deyiladi. Bu namozni ikki yoki to‘rt rakat o‘qisa bo‘ladi. Afzali to‘rt rakat o‘qishdir. Agar masjidga kirgan kishi jamoatning ravotib sunnatlarni yoki farzni o‘qiyotganini ko‘rsa, tahiyyatul masjid namozini shu sunnat yoki farzlarga qo‘shib niyat qiladi. Shu bilan u sunnat va yoki farzga qo‘shib tahiyyatul masjidni o‘qiganlik savobini oladi. Ammo niyatni qilmay, sunnat yoki farzning o‘zini o‘qisa, undan tahiyyatul masjid namozini o‘qiganlik savobiga erishmaydi. Tahiyyatul masjid namozini masjidga kirgan kishi o‘tirmasdan oldin o‘qishi sunnat hisoblanadi.
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz masjidga kirsa, o‘tirishdan oldin ikki rakat namoz o‘qisin», deganlar» (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy, Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilgan). Bu ikki rakatli namoz «tahiyyatul masjid» (masjid salomi) namozi deyiladi.
Shofe’iy va hanbaliy mazhabida tahiyyatul masjidni qay vaqtda bo‘lsa ham: namoz o‘qish makruh yoki imom xutba o‘qiyotgan paytda ham o‘qish kerak, deyiladi. Molikiy va hanafiy mazhablarida esa, imom xutba qilayotgan bo‘lsa, tahiyyati masjid o‘qilmaydi. Shuningdek, hanafiy mazhabida namoz o‘qish makruh paytlarda ham tahiyyatul masjid o‘qilmaydi. Namozxon masjidga kirishi bilan farz namozni yoki boshqa bir namozni o‘qisayu, tahiyyatul masjidni o‘qishni niyat qilsa, tahiyyati masjid o‘rniga kifoya qiladi. Bordi-yu masjidga bir kunda bir necha bor kiradigan bo‘lsa, bir marta o‘qisa kifoya qiladi.
Bu namozning hukmidan Masjidul harom istisno qilingan. Bu masjidning tahiyyati tavof bilan bo‘ladi.
Masjidga kirganda biror uzr bilan tahiyyatul masjid namozini o‘qiy olmasa, «Subhanallohi, valhamdu lillahi, va laa ilaha illallohu vallohu akbar»ni aytsa kifoya qiladi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 16:18 | Savol-javoblar | 171 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar