Tahoratdan keyin kalima aytish

Assalomu alaykum! Namoz va duolar degan kitobda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim tahorat qilib bo‘lib "Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu la sharika lah va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluh" desa unga qiyomat kuni jannatning barcha eshiklari ochiladi va u xohlagan eshigidan kiradi” deyilganini ko‘rdim. Agar adashmayotgan bo‘lsam shunday yozilgan edi yoki sal boshqacharoq, lekin manosi shunday edi. O‘ylanib qoldim kitobdagi shu gaplar haqiqatmi yoki to‘qib chiqarilganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda bor عَنْ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَا مِنْكُمْ مِنْ أَحَدٍ يَتَوَضَأُ فَيُحْسِنُ الْوُضُوءَ ثُمَّ يَقُولُ حِينَ يَفْرُغُ مِنْ وُضُوئِهِ: أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّداً عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ إِلَّا فُتِحَتْ لَهُ أَبْوَابُ الْجَنَّةِ الثَّمَانِيَةُ يَدْخُلُ مِنْ أَيِّهَا شَاءَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ وَزَادَ التِّرْمِذِيُّ: اللَّهُمَّ اجْعَلْنِي مِنَ التَّوَّابِينَ وَاجْعَلْنِي مِنَ الْمُتَطَهِّرِينَ Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Agar sizlardan birortangiz tahorat qilsa-yu, tahoratini yaxshilab qilsa, so‘ngra tahoratidan forig‘ bo‘lishida: «Ashhadu allaa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu. Va ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rosuluhu», deb aytsa, albatta, unga jannatning sakkiz eshigi ochilur va u xohlaganidan kirur», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.
Termiziy esa:
«Allohumma ij’alniy minat-tavvabiyna va ij’alniy minal mutatohhiriyn»ni ziyoda qilgan.
Sharh: Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinayotgan bu hadisi sharifda ham tahoratni tugatgandan so‘ng o‘qiladigan duo eslatilmoqda. Oxirida esa mazkur ikki amalga beriladigan mukofot – jannatning sakkiz eshigi ochilishi-yu, tahoratni yaxshilab qilib, hadisda kelgan duoni o‘qigan odamning o‘zi xohlagan eshikdan jannatga kirishi aytilmoqda. Bu ham tahoratni yaxshilab qilish va shahodat kalimasini ixlos bilan aytishning qanchalar fazilatli ekanligini yana bir bor ko‘rsatib turibdi.
Ulamolarimizning aytishlaricha, tahorat qilib, a’zolarni turli kir va iflosliklardan poklab bo‘lgandan keyin shahodat kalimalarini aytish Allohga ixlos ila amal qilganlikka va qalbning riyo va shirklardan pok bo‘lganiga ishoradir.
Imom Termiziy ushbu hadisni rivoyat qilganlarida shahodat kalimalaridan keyin:
«Allohumma ij’alnii minat tavvabiyn va ij’alnii minal mutatohhiriyn» degan duoni ham o‘qigan ekanlar. Bu duoning mazmuni «Allohim! Meni ko‘p tavba qiluvchilardan va poklanuvchilardan qilgin»dir.
Bu bilan kishi tahorat qilib, badanini suv bilan poklagach, Alloh taolodan tavba qilinmasa, kechirilmaydigan gunohlari uchun o‘sha duo bilan tavbaga muyassar etishini so‘raydi. Alloh taoloning Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam ana shu toifa kishilarga jannatning sakkiz eshigi ochilib, xohlaganidan kirishlari mumkinligini bashorat etmoqdalar.
Shunday ekan, doimo tahoratimizni maromiga etkazib, mukammal qilaylik, so‘ngra ixlos bilan kalimai shahodatni va ushbu hadisda kelgan duoni o‘qishga odatlanaylik. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 18:12 | Savol-javoblar | 145 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar