Humo qushi

Assalomu alaykum! Ustozlar, bugun test savollarida humo qushini baxt tinchlik ramzi qaysi dindan olingan savolga islomdan deb yubordim. Keyin xato qildim deb qoldim tavba qildim endi men islomdan deganim uchun kofir bo‘lganmanmi? O‘zimga o‘zim qushku deb aytib qoldim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Sizning insofingiz bor ekan. Og‘zingizga kelganini gapirganingizni tushunib etibsiz. Bu ham bir ne’mat. Aslida bilmagan yoki eshitib olgan tag-tugi yo‘q gaplarni dindan deb gapirib yuruvchilar hamda  Alloh taolo farz qilgan dindan bo‘lgan amallarni bekor gap deguvchilar Alloh taolodan qo‘rqsinlar. Alloh taolo “A’rof” surasida marhamat qiladi : فَمَنْ أَظْلَمُ مِمَّنِ افْتَرَى عَلَى اللّهِ كَذِبًا أَوْ كَذَّبَ بِآيَاتِهِ أُوْلَئِكَ يَنَالُهُمْ نَصِيبُهُم مِّنَ الْكِتَابِ حَتَّى إِذَا جَاءتْهُمْ رُسُلُنَا يَتَوَفَّوْنَهُمْ قَالُواْ أَيْنَ مَا كُنتُمْ تَدْعُونَ مِن دُونِ اللّهِ قَالُواْ ضَلُّواْ عَنَّا وَشَهِدُواْ عَلَى أَنفُسِهِمْ أَنَّهُمْ كَانُواْ كَافِرِينَ۝ 37. Allohga nisbatan yolg‘on to‘qigan yoki Uning oyatlarini yolg‘onga chiqargan kimsadan ko‘ra zolimroq kim bor?! Ana o‘shalarga kitobdan nasibalari etadir. Nihoyat, elchilarimiz kelib, ularning jonlarini olayotib: «Allohdan o‘zga iltijo qilayotgan narsalaringiz qani?» – derlar. Ular: «Bizdan g‘oyib bo‘lishdi», – derlar va kofir bo‘lganlarini aytib, o‘zlariga qarshi guvohlik berarlar. Dunyodagi eng zolim odam Alloh taologa nisbatan yolg‘on to‘qigan, Alloh taolo aytmagan narsani aytdi, deb, buyurmagan narsani buyurdi, deb yurgan, o‘zining zaif aqli bilan joriy qilib olgan qonun, urf-odatlariga ilohiy qonunlar maqomini beradigan odamdir. Dunyodagi eng zolim odam Alloh taoloning oyatlarini yolg‘onga chiqaruvchi odamdir. Bu ikki zulmdan birini qilgan ikkinchisini ham qiladi. Bilingki, dunyoda ulardan zolimroq odam yo‘q! Ammo, ming zolim bo‘lsalar ham, bu dunyoda yashab o‘tadilar. «Ana o‘shalarga kitobdan nasibalari etadir». Qazoi qadar kitobida nima yozilgan bo‘lsa, shuni tatib, yashab ko‘radilar, Alloh taolo sabab qilib qo‘ygan ishlarni qilib, undan hosil bo‘lgan natijalarga guvoh bo‘lib o‘tadilar. Ammo ajallari etib, bu dunyoni tark etish onlari kelganda, g‘aroyib bir sahna vujudga keladi. O‘lim farishtalari, ya’ni: «Nihoyat, elchilarimiz kelib, ularning jonlarini olayotib: «Allohdan o‘zga iltijo qilayotgan narsalaringiz qani?» – derlar». Joni xalqumiga kelib, o‘limi oldidan hamma narsa ayon bo‘lib qolgan kofiru mushriklar nima deya oladilar? Ularni o‘lim farishtalaridan kim qutqarib oladi? Dardlariga kim malham bo‘ladi? Umr bo‘yi Allohga nisbatan yolg‘on to‘qidilar. Mana endi Allohning elchilari – o‘lim farishtalari kelib, jonlarini olmoqqa shay bo‘lib turibdilar. Juda noqulay holga tushib qolishdi-ku. Bu dunyoda ishongan tog‘laridan birortasi yo‘q. Bo‘lganda ham, nima qilib berar edi. Yomon bo‘ldi-da. Dunyo hayotida Allohning oyatlarini yolg‘onga chiqarmasa bo‘lar ekan. Mana endi u oyatlar haq ekani namoyon bo‘ldi. Ammo endi so‘nggi lahzalarda iymon keltirsa ham, samarasi yo‘qqa o‘xshaydi. O‘lim farishtalarining avzoylari buzuq. Savol berib, taqalib turishibdi. Ular «Allohdan o‘zga sig‘inganlaring, aytganiga yurganlaring qani?» deyishmoqda. Nima deb javob qilsalar ekan? Bor haqiqatni aytadilar-da. Na iloj?! «Ular: «Bizdan g‘oyib bo‘lishdi», – derlar...» G‘oyib bo‘lmasdan, ne qilsinlar?! O‘zlari hech nimaga arzimaydigan narsalar edi. Mana endi yo‘q bo‘lishdi. Zarracha foydalari tegmadi. Ularga ishonganlarning holi xarob. Endi kofirliklariga iqror bo‘lib, o‘zlariga qarshi guvohlik berdilar. Ayblarini tan oldilar. ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 20:24 | Savol-javoblar | 187 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar