Konkurentsiya

Assalomu alaykum! Men shu oyning boshida bir tijorat firmasiga ishga kirdim. Bu erda 40-50 ta sotuvchilar bo‘lib, maxsulotni odamlarga reklama qiladi. Agar ularga yoqsa sotiladi. Bu erda sotuvchilar guruxlarga bo‘lingan. Gurux sardorlari shu oy uchun baxs boylashibdi. Ya’ni agar oyning oxirigacha qaysi gurux kam maxsulot sotsa yutgan guruxga mexmondorchilik qilib beradi. Shunday qilish mumkinmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Garov o‘ynash shar’an joiz emas. Bu ishlaringiz qimor. Alloh taolo "Moida" surasida marhamat qiladi:  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالأَنصَابُ وَالأَزْلاَمُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ۝ 90. Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochar) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, zafar topsangiz.
Arab tilida «xamr» so‘zi «to‘sish», «berkitish» ma’nolarini anglatadi. Tanovul qilgan kishining aqliga ta’sir etadigan, uning aqlini to‘sadigan, berkitadigan, boshqacha qilib aytganda, mast qiladigan har bir narsaga «xamr» deyiladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarida «Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir, har bir xamr haromdir», deyilgan. Bundan anglashiladiki, «Aroqdan boshqa narsalarni ichsa bo‘laveradimi?», «Ichmasa-yu, cheksa nima bo‘ladi?» kabi savollar, shuningdek, «Aroqning o‘zi harom emas ekan-u, mast qilishi harom ekan», deganga o‘xshash «sharh»lar hammasi o‘rinsiz va mantiqsiz gaplardir.
«Qimor» aslida arabcha so‘z, ammo oyatda aynan «qimor» so‘zi emas, balki uning murodifi – «maysir» so‘zi keltirilgan. Bu esa osonlik bilan mol topish ma’nosini bildiradi. Ya’ni qimorning haqiqiy ma’nosiga dalolat qiladi.
But va fol ochadigan cho‘plar haqida avvalgi oyatlar tafsirida etarli ma’lumotlar berilgan.
Alloh taolo ushbu oyatda xamr tanovul qilish va qimor o‘ynash kabi amaliy gunohlarni butga cho‘qinish va folbinga ishonish kabi kufr va shirk sanalgan ulkan ma’naviy jinoyatlarga tenglashtirmoqda. Ba’zi odamlar butga cho‘qinishdan qattiq hazar qiladilar, o‘lib ketsa ham bu ishni qilishga ko‘nmaydilar. Ammo aroqni ichaveradilar, qimorni o‘ynayveradilar. Folbinga borish haqida ham shu fikrni aytish mumkin. Alloh taolo bu ishlarning barchasini qo‘shib-jamlab turib, bir xil baho bermoqda:
«Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochar) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir», – demoqda.
So‘ngra iymon keltirgan bandalariga xitob qilib:
«Bas, undan chetda bo‘ling», – demoqda.
Ya’ni «Shoyadki, ushbu ifloslikdan va shaytonning ishidan chetda turish mo‘min bandalarning najot topishlariga sabab bo‘lsa», – demoqda. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:25 | Savol-javoblar | 147 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar