Tibbiyotga oid ma’lumotlar

Assalomu alaykum! Muhtaram ustozlar Qur’onda va hadisi shariflarda shifokor insonlarga taalluqli qanday xabarlar kelgan?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ayni shu mavzuda bir kitob tayyorladik. Duo qiling, ommaga etib borishini nasib qilsin. Quyida o‘sha kitobdan iqtibos keltiramiz. Tib ilmining ahamiyati  Shariat inson salomatligiga qattiq ahamiyat qaratib sog‘likni saqlashni  vojib qilgan. Chunki, sog‘lik insonga berilgan omonatlar ichida eng qadrlilaridan sanaladi. Shuning uchun jamiyatda tabib va doktorlarning bo‘lishi eng muhim ishlardan hisoblanadi. Holatga qarab ahamiyat va zarurati oshib boraveradi. Tibbiyotga bee’tiborlik xatarli ishlardandir.  Ushbu zaruratni e’tiborga olib shariatimiz tib ilmini o‘rganishga targ‘ib qilgan. Imomi Navaviy rohmatullohi alayh : “Aqliy ilmlarga kelsak, ulardan tib va hisob kitoblar kabi ba’zilari farzi kifoyadir” deganlar. (Rovdotut tolibiyn).
Imomi G‘azoliy ham tib ilmini farzi kifoya deganlar.   (Rovdotut tolibiyn).
Tibning ahmiyatli ekanligiga e’tiboran musulmonlar yashaydigan jamiyatlar ham bunga qattiq ahamiyat berishlari kerak. Bu ilm ham muslim va muslimalar zimmasiga farzi kifoyadir. Bemor xojatmand va dard alamdan qiynalib turganida bu ilmga bo‘lgan zarurat qanchalik yuqori ekani yanada namoyon bo‘ladi. Qolaversa,   Alloh taolo “Zoriyat” surasida وَفِي الأَرْضِ آيَاتٌ لِّلْمُوقِنِينَ 20. Va erda aniq ishonuvchilar uchun oyat(belgi)lar bor.وَفِي أَنفُسِكُمْ أَفَلاَ تُبْصِرُونَ 21. Va o‘zlaringizda ham bor. Ko‘rmayapsizlarmi?! deb inson o‘zini yaratilishi va tuzilishi haqida fikr qilishiga chaqirgan.
Inson er yuzidagi eng ulkan ilohiy mo‘’jiza hisoblanadi. Uning har bir a’zosi, bu a’zolarning vazifalari, ishlashini o‘ylab ko‘rgan kishi dahshatga tushadi. Lekin inson g‘ofil, o‘zining qiymatini o‘zi bilmaydi. O‘zidagi sirlardan bexabar. Uning jismi bitmas-tuganmas mo‘’jiza, jasadi mo‘’jiza, ruhiy holati mo‘’jiza, ichki va tashqi olamlari hadsiz-hisobsiz mo‘’jizalardan iborat. Yuragi yoki o‘pkasining ishlashi, ko‘zining ko‘rishi, qulog‘ining eshitishi, dimog‘ining hid bilishi, miyasining o‘ylashi, ruhiyatining xursand yoki xafalik holatlari – bular hammasi esli-hushli odamni hayratga solmasdan, Allohning qudratiga qoyil qoldirmasdan iloji yo‘q. Tib ilmini o‘rgangan inson ushbu oyatga to‘laqonli amal qilganlardan hisoblanadi.
Shuning uchun islom ulamolari shariat ilmlaridan tashqari tibni ham o‘rganishga qattiq ahamiyat berishgan.
Imomi Shofeiy rohmatullohi alayh: “Men halol va haromlarni  ilmidan keyin tibdan ko‘ra sharaflisini bilmayman” deganlar. Imomi Shofeiy rohmatullohi alayh o‘zlari tib ilmiga mohir bo‘lganlar.
 Imomi Suyutiy rohmatullohi alayh Almanhajun Nabaviy nomli kitoblarida Imomi Shofeiy zamonalaridagi tabiblarning ba’zilari: “Imomi Shofeiy rohmatullohi alayh Misrga kelganlarida u kishi men bilan tibdan munozara qildi. Shunda men bu zot hammasidan ko‘ra  tibni yaxshi bilar ekan deb o‘yladim” degan. (Holbuki u zot fiqhda mujtaxid mutlaq, hadis, tafsir va boshqa ilmlarda o‘z zamonasida tengi yo‘q olimligi hammaga ma’lum ).
Muvaffaquddin Bag‘dodiy rohmatullohi alayh aytadilar: “Imomi Shofeiy rohmatullohi alayh shariat ilmida ulug‘ martabada va mohir ekanligi bilan birga tib ilmida ham tengi yo‘q edilar”. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:30 | Savol-javoblar | 175 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar