Sakson ming yil

Assalomu alaykum! Hurmatli uztozlar, agar banda farz namozini tahoratli va ruknlarini qo‘ldan kelganicha joy-joyiga qo‘yib o‘qisa(qalb holati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar), hadisda kelgan bir marta tark etilgan farz namozi uchun beriladigan 80 ming yillik azobdan qutulganiga 100 foiz ishonch hosil qilsa bo‘ladimi? Garchi savob olmasa ham? Yoki bu namozning qabul bo‘lib, bo‘lmaganiga bog‘liqmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Allohning fazlu karamidan qilgan harakatni zoe bo‘lmasligini umid qilinadi. Chunki hech kim hech qachon Allohning ulug‘ligiga loqiy ibodat qilolmaydi.
Jaloliddin Rumiy o‘z masnaviylarida keltiradilar: Bir qishlog‘da nihoyatda g‘arib kambag‘al kishi bor edi. Uning qishlog‘ida qattiq qahatchilik bo‘lib, quduqlar, hovuzlar barchasi qurib qolgan edi. Bir kuni xotini unga: Bag‘dod xalifasini nihoyatda karamli, sahovatli deb eshitganman, uning oldiga boring, shoyadki bidan mana bu kambag‘alik zoyil bo‘lsa dedi. Eri unga: Xalifaning huzuriga sovg‘a salomlar bilan borish kerak, bizda esa arzigulik hech narsa yo‘q dedi. Shunda xotini unga: Bizning falon chuqurimizda biroz shaffof chuchuk suv yig‘ilib qolgan. Bunday shirin suv xalifaning huzurida qayoqdan ham bo‘lsin. O‘sha suvni bir idishga solib olib boring dedi. Bu fikr eriga ham ma’qul bo‘ldi. Er suv solingan ko‘zachani ko‘tarib yo‘lga tushdi. Xotin esa joynamozni solib olib, eri suvni olib xalifaning huzuriga sog‘ salomat etib olishini duosini qila boshladi.  Eri esa yo‘l bo‘yi “Robbim meni va ko‘zamni salomat etkaz, biror joyda qoqilib, sindirib qo‘ymay” deb tinmay duo qilib borardi. Chunki u bechorada hammasi bo‘lib shu narsasi bor edi xolos. Allohning izni bilan sog‘ salomat Bag‘dodga etib bordi. Darvozabon ijozat berilgach, uni saroyga xalifa huzuriga olib kirdi. Xalifa: Qo‘lingdagi nima? deb so‘radi. Badaviy: Bu jannat suvi, bunday suvni hech kim hech qachon ichgan emas, dedi. Xalifa ancha muddatdan beri ochilmagan ko‘zaning og‘zini ochishga buyurdi. Uning og‘zini ochishlari hamono badbo‘y hidi  butun saroyni tutib ketdi.
Do‘stlarim! Bu holat bizning amallarimizning holatidir. Amallarimiz judayam badbo‘y.
Lekin xalifaning qanchalik karamli va saxovatliligini qarangki, suvning hididan ozorlanganini haligi badaviyga ozgina bo‘lsa ham sezdirmadi. Balki uning suvini nihoyatda latif va shirin suv ekan deb maqtab, suvini ikrom bilan chiroyli idishga solib yuqori bir joyga qo‘ydirib qo‘ydi va badaviy ketgach, uni to‘ktirib yubordi.
Alloh taolo ham bizning badbo‘y amallarimizga nisbatan xuddi shunday muomalani qiladi. U zot faqat o‘zining fazlu karami bilangina bunday amallarimizni yuqori qadrlaydi. Aslida esa bu amallarimiz hech narsaga arzimaydi.
So‘ngra xizmatkorlariga ko‘zasini to‘ldirib oltin berib yuborishga va uni Dajla daryosi orqali qayiqda kuzatib qo‘yishga buyurdi. Toki uning charchog‘i chiqsin, qalbiga xursandchilik kirsin va unga o‘zining qilgan hadiyasining qiymatiyu va bizning unga qilgan karamimizning yuksakligini mushohada qilishiga imkon bo‘ladi dedi. Uni Dajlaning qirg‘og‘iga olib borishgach, uning suvining ko‘pligi, latifligi va shirinligini ko‘rib hijolatdat suv-suv terga botib ketdi. Alloh-Alloh bu xalifa qandayam saxovatliya! Unga mening badbo‘y va loyqa suvimning nima zarurati bor edi. Uning shaharida shaffof, shirin suv daryo bo‘lib oqib yotgan ekan-ku! - dedi. Xalifa unga qilgan bu muomalasi bu fazlu karami faqatgina uning dilini shod qilish uchungina bo‘lgani badaviyga ma’lum bo‘ldi. Aslida esa undan hech narsaga xalifaning muxtojligi yo‘q. O‘zining huzurida unikidan chandon-chandon yaxshi narsalar daryo bo‘lib oqib yotibdi.
Do‘stlarim! Xuddi shunday muomala bizlarga ham bo‘ladi. Biz yaxshilik deb o‘ylab qilayotgan amallarimiz aslida yomonliklardan iborat. Ammo Alloh taolo faqat o‘zining fazlu karami bilangina bu amallarimizni yaxshi amallar deb qabul qiladi va bizlarni o‘ziga itoat qilguvchilar safiga qo‘shib qo‘yadi. Alloh taolo: “Ularning sayyiotlarini hasanotlarga almashtirib qo‘yamiz” degan oyatning ma’nosi aslida shunday.
Xalifa badaviyning sasib qolgan suvi evaziga oltinlar hadya qilganidek, biz ham Alloh taologa qurbonliklarimiz tufayli o‘z jonimizni tortiq qilamiz. Aslida esa bu jonimizning haqiqati badbo‘yliklardangina iborat edi. Chunki bizning jonimiz razil sifatlar va yomon axloqlar bilan sifatlangandir. Lekin Alloh taolo bizlarning bu jonimiz evaziga yaxshi sifatlar egasi bo‘lgan jon hadya qiladi. Mana shuning otini fano va baqo deyiladi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 20:33 | Savol-javoblar | 139 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar