"Tavba" surasi

Assalomu alaykum! Hurmatli Ustozlar, “Tavba” surasini “Basmala”siz o‘qir ekan. Nima uchun shunday sababini tushuntirsangiz. Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! «Tavba» surasining ajralib turadigan yana bir xususiyati – uning avvalida «Bismillahir rohmanir rohiym» lafzining yozilmaganligidir. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam buni aytmaganlar. Ma’lumki, Qur’oni Karimning har bir oyatini qaerga va qay tarzda yozishni Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlari aytib, tushuntirib borar edilar. «Tavba» surasining avvaliga «Bismillahir rohmanir rohiym»ni nima uchun aytmaganlar?» degan savolga ulamolar har xil javob berganlar. Masalan, «Kashshof» tafsirida keltirilishicha, Ibn Uyayna: «Allohning ismi Salom (tinchlik) va omonlikdir, urush va uloqtirib tashlash haqida gap borganda yozilmaydi», – degan ekanlar. Ya’ni bu surada kofirlarga qarshi urush qilish haqida so‘z ketadi, urush esa ularga nisbatan shafqatsiz bo‘lish demakdir. Binobarin, «Bismillahir rohmanir rohiym» bu erga to‘g‘ri kelmaydi, deganidir. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 19:44 | Savol-javoblar | 210 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar