Qo‘y go‘shti narxida oldi-berdi qilish

Assalomu alaykum! Sinfdoshlar bilan to‘y-marosimlarimizga to‘rt kilo qo‘y go‘shti puli hadya qilishga kelishganmiz. Ya’ni bir necha yillar oldin marosim qilgan do‘stimizga 80.000 so‘m bergan bo‘lsak, bugungi kunda 100.000 so‘mdan yig‘amiz. Buning hukmi qanday? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! PULNING QADRI TUShIShI YoKI OShIShI TUFAYLI PAYDO BO‘LADIGAN MUAMMOLAR QANDAY HAL QILINADI? Yuqorida ta’kidlanganidek, katta faqih va ulamolar davrida pulning qiymati o‘zgarishi degan gapning o‘zi bo‘lmagan. Ularning davrida pul tilla va kumush tangalardan iborat bo‘lgan. Bu ikki pul birligi qimmatbaho ma’dan sifatida ham o‘zining doimiy qiymatiga ega bo‘lgan. Shuning uchun dinor va dirhamlarning o‘zgarmasligi haqida ixtiloflar bo‘lmagan. Shu bilan birga, o‘sha vaqtlarda arzon ma’danlardan qilingan, «fulus» deb atalgan mayda pullar bo‘lgan. Ana o‘shalarning qiymati o‘zgarganda, zimmadagi keyin to‘lanishi lozim bo‘lgan moliyaviy majburiyatlar – qarzlar, ijaralar, mahrlarda nima qilish borasida ulamolar ixtilof qilganlar. • Jumhur, ya’ni ko‘pchilik ulamolar: «Bunda arzonlashish yoki qimmatlashishning e’tibori yo‘q, nimani olsa, o‘shani beradi», deyishgan. Chunki asosiy qoida shuni taqozo qiladi. • Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayhi: «Qarzni qaytarib berish paytida ularning qiymati o‘zgargan bo‘lsa, fuluslarning (mayda pullarning) qiymati ado qilinadi», degan. Bu haqda alloma Ibn Obidiyn rahimahulloh shunday deydi: «Abu Yusuf: «Qarzdor bay’ voqe bo‘lgan (kuchga kirgan) kundagi qiymatga yoki qabz voqe bo‘lgan kundagi qiymatga teng dirham berishi lozim bo‘ladi», degan». Qadimdan moliyaviy majburiyatlarni ado qilishda nimani olsa, shunga o‘xshashni berish asl va umumiy qoida bo‘lib kelgan. Zamondosh ulamolar ham ushbu qoidani ushlab turishgan. Ammo oxirgi paytda pul qadrining tez-tez tushib yoki ko‘tarilib turishi yoxud bir yo‘la bekor qilinishiga o‘xshash holatlar ko‘paydi. Bunday holatlarda «Qiymat e’tiborga olinsa bo‘lmaydimi?» degan savollar o‘rtaga tashlandi. Ularga turli javoblar ham berildi. Biz o‘zimizni qoniqtirgan javobni doktor Ali Muhyiddin Qoradog‘iy janoblarining o‘n ikki juzli «Haqiybatu tolibil ilmi al-iqtisodiya» nomli entsiklopediyasidan topdik. Doktor Ali Muhyiddin Qoradog‘iy janoblari bu muammoni hal qilish uchun to‘rtta yo‘lni taklif qiladilar. Ammo bizning sharoitimizga ulardan bittasi mos tushadi. U ham bo‘lsa, pulning qiymatini hisobga olish. Bunda ma’lum muddatdan keyin berilishi lozim bo‘lgan moliyaviy majburiyatlar haqidagi shartnoma tuzilayotgan paytda ikki taraf qarzdor qarzni ado qilayotganda e’tiborga olinadigan qiymatni kelishib oladilar. Bu esa bir necha xil bo‘lishi mumkin: 1. Ma’lum muddatga moliyaviy muomala shartnomasini tuzayotganlar odatda narxi kam o‘zgaradigan iste’mol mollaridan birining qiymatiga kelishib olishlari mumkin. Bunday narsalarga go‘shtning narxi misol bo‘la oladi. Ma’lum muddatni belgilab qarz berilayotganda, nasiyaga narsa sotilayotganda, mahr belgilanayotganda, uzoq muddatli ijara shartnomasi tuzilayotganda va bularni ado qilish paytida go‘shtning narxiga qarab qaytarishga kelishib olinadi. Buning dalili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida kelgan. عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ، عَنْ أَبِيهِ، عَنْ جَدِّهِ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلي الله عليه وسلم قَالَ: «مَنْ قَتَلَ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا دُفِعَ إِلَى أَوْلِيَاءِ الْمَقْتُولِ، فَإِنْ شَاءُوا قَتَلُوا وَإِنْ شَاءُوا أَخَذُوا الدِّيَةَ، وَهِيَ ثَلَاثُونَ حِقَّةً وَثَلَاثُونَ جَذَعَةً وَأَرْبَعُونَ خَلِفَةً، وَمَا صَالَحُوا عَلَيْهِ فَهُوَ لَهُمْ، وَذَلِكَ لِتَشْدِيدِ الْعَقْلِ». رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ Amr ibn Shu’aybdan, u otasidan, u bobosi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, u o‘lganning yaqinlariga topshiriladi. Ular xohlasalar, uni qatl qiladilar, xohlasalar, xun oladilar: u esa o‘ttizta hiqqa (uch yoshli urg‘ochi tuya), o‘ttizta jazu’a (besh yoshli urg‘ochi tuya) va qirqta xalufa(bo‘g‘oz tuya)dan iboratdir. Yana nimaga sulh qilsalar, u o‘zlarigadir. Bu xunni og‘irlashtirish uchundir», dedilar». Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilishgan. Qasddan odam o‘ldirgan kishiga ikki xil jazodan biri joriy qilinadi. Qaysi bir jazoni tanlash esa o‘ldirilgan shaxsning ahli ixtiyoridadir. Qotil ularga topshiriladi. Agar mayyitning ahli «Qotildan qasos olamiz, u ham qatl etilsin», deb talab qilsalar, qotildan qasos olib, o‘ldiriladi. Mabodo «O‘lgan o‘lib ketdi, biz qotilni afv etamiz, u bizga xun bersin», desalar ham o‘z ixtiyorlari. U paytda ular qotildan xun uchun yuz dona tuya oladilar. Lekin to‘g‘ri kelgan tuyani emas, qanday tuyadan necha adad bo‘lishini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari belgilab berganlar. Mazkur holatda xunga uch xil tuya olinadi: 1. O‘ttiz dona uch yoshli urg‘ochi tuya. 2. O‘ttiz dona besh yoshli urg‘ochi tuya. 3. Qirq dona bo‘g‘oz tuya. عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ، عَنْ أَبِيهِ، عَنْ جَدِّهِ قَالَ: كَانَتْ قِيمَةُ الدِّيَةِ عَلَى عَهْدِ رَسُولِ اللهِ صلي الله عليه وسلم ثَمَانَمِائَةِ دِينَارٍ أَوْ ثَمَانِيَةَ آلَافِ دِرْهَمٍ، وَدِيَةُ أَهْلِ الْكِتَابِ يَوْمَئِذٍ النِّصْفُ مِنْ دِيَةِ الْمُسْلِمِينَ، قَالَ: فَكَانَ ذَلِكَ كَذَلِكَ حَتَّى اسْتُخْلِفَ عُمَرُ رَحِمَهُ اللهُ، فَقَامَ خَطِيبًا فَقَالَ: أَلَا إِنَّ الْإِبِلَ قَدْ غَلَتْ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ Amr ibn Shu’ayb roziyallohu anhudan, u o‘z otasidan, u bobosi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida xunning qiymati sakkiz yuz dinor yoki sakkiz ming dirham bo‘lib, ahli kitobning xuni o‘sha kunlarda musulmonlar xunining yarmiga teng edi. Ko‘p yillar shunday holda davom etib keldi. Nihoyat, Umar xalifa bo‘lganidan keyin u xutba qilib: «Bilib qo‘yinglar, tuya qimmat bo‘lib ketdi», dedi. Imom Abu Dovud va Nasoiylar rivoyat qilishgan. So‘ngra diyani oltin egalariga ming dinor, kumush egalariga o‘n ikki ming dirham, qoramol egalariga ikki yuzta qoramol, qo‘y egalariga ikki mingta qo‘y va kiyim egalariga ikki yuzta kiyim etib belgiladi. Ahli zimmalarning xunini ko‘tarmay, o‘z holida qoldirdi». Ushbu rivoyatdan ko‘plab foyda, qoida va shar’iy dalillarni tushunish uslublarini o‘rganib olamiz: • Xunning qiymatini berish ham mumkinligi; • Xunning qiymati yuzta tuyaning qiymati ekani. Chunki hazrati Umar roziyallohu anhu dinor va dirhamning miqdorini oshirishga tuyaning narxi qimmatlashib ketganligini sabab qilib ko‘rsatdilar; • Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida xunning qiymati oltin pul ila sakkiz ming dirham bo‘lganligi; • Ahli kitobning xuni musulmon shaxsning xunining yarmiga teng bo‘lishi; • O‘sha vaqtda pulning kuchi tuyaning narxi bilan o‘lchanganligi (Albatta, Arabiston yarim oroli sharoitida); • Hazrati Umarning pul qiymatining o‘lchovi bo‘lgan tuyaning narxi oshib, pulning qadri pasayganligi uchun xunning qiymatini ziyoda qilganliklari; • Hazrati Umarning davrlarida xunning qiymati oltin pul bilan ming dinor, kumush pul bilan o‘n ikki ming dirhamga chiqqanligi; • Xunning qiymatini Payg‘ambar alayhissalomning davrlarida bo‘lmagan qiymatlar bilan ham belgilash mumkinligi. Misol uchun, hazrati Umar roziyallohu anhu xunning qiymatini ikki yuz sidirg‘a kiyim-kechak deb belgilaganlar. O‘sha vaqtlarda biror narsaning qiymatini kiyim-bosh bilan beradigan tomonlar ham bo‘lgan, chunki ularning kasbi-korlari shu bilan bo‘lgan. Ularning boshqa mol-mulki bo‘lmagan. Bir sidirg‘a kiyim bitta ko‘ylak va bir ishtondan iborat bo‘lgan. Mana shu gaplardan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xunni tuya bilan belgilaganlarining hikmati yuzaga chiqadi. Hattoki tilla yoki kumush bilan ham belgilamaganlar. 2. Ma’lum muddatga moliyaviy muomala shartnomasini tuzayotganlar tillaning qiymatiga kelishib olishlari mumkin. Bu gapning dalili sifatida qog‘oz pullardan zakot berishda nisobni belgilash uchun tillaning qiymati e’tiborga olinishini keltirishimiz mumkin. Kumush xalqaro miqyosda umuman pul o‘rnida qabul qilinmay qo‘ydi. Tilla esa pul o‘lchovi sifatida dunyo bo‘yicha maqbul bo‘lib turibdi. Shuning uchun ulamolar: «Qog‘oz pulni tillaning qiymati bilan o‘lchash kerak», deganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida yigirma dinor pulning, ya’ni tillaning og‘irligi yigirma misqol edi. Yigirma misqol tilla esa sakson besh grammga teng bo‘ladi. Demak, har yili sakson besh gramm tillaning bahosi qog‘oz pulning nisobi bo‘ladi. Kimda 85 gramm tillaning qiymatiga teng yoki undan ko‘p qog‘oz pul bo‘lsa, unga zakot berish farz bo‘ladi. U odam pulini hisoblab turib, ikki yarim foizini zakotga berishi kerak. 3. Ma’lum muddatga moliyaviy muomala shartnomasini tuzayotganlar qiymati uncha o‘zgarmay turadigan pul birligi qiymatiga kelishib olishlari mumkin. Misol uchun, dollarning qiymatiga kelishib olish mumkin bo‘ladi. 4. Ma’lum muddatga moliyaviy muomala shartnomasini tuzayotganlar sulh tuzish orqali o‘zaro rozi bo‘lib, kelishib olishlari mumkin. Shariatda bunga dalillar ko‘p. Quyida ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz: عَنْ عَمْرِو بْنِ عَوْفٍ: أَنَّ النَّبِيَّ صلي الله عليه وسلم قَالَ: «الصُّلْحُ جَائِزٌ بَيْنَ الْمُسْلِمِينَ إِلَّا صُلْحًا حَرَّمَ حَلَالًا أَوْ أَحَلَّ حَرَامًا، الْمُسْلِمُونَ عَلَى شُرُوطِهِمْ إِلَّا شَرْطًا حَرَّمَ حَلَالًا أَوْ أَحَلَّ حَرَامًا». رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ وَالبُّخَارِيُّ Amr ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonlar orasida sulh joizdir. Magar haromni halol qilgan yoki halolni harom qilgan mustasno. Musulmonlar shartlarining ustidan chiqurlar. Magar halolni harom qilgan yoki haromni halol qilgan shart mustasno», dedilar». Termiziy, Abu Dovud va Buxoriy rivoyat qilishgan. Musulmonlar orasida ko‘proq nizo va kelishmovchiliklar kelib chiqadigan ishlardan biri moliyaviy muomalalar bo‘lganligi uchun sulh haqidagi ushbu hadisi sharif savdo kitobiga bog‘liq mavzularda keltiriladi. Nizolarni sulh bilan tinchitish yaxshi, ammo sulh halolni harom, haromni halol qiladigan bo‘lmasligi kerak. Bunday narsa hech qachon sulh bo‘la olmaydi, balki kufrdir. Bunga hech bir musulmon rozi bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, musulmonlar o‘zlari kelishgan har bir shartni bajaradilar. Lekin halolni harom yoki haromni halol qiladigan shartni hech qachon bajarmaydilar. Shuning uchun musulmonlar bunday gunoh aralashgan sulh va shartnomalarda qatnashmaydilar ham. عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ كَعْبِ بْنِ مَالِكٍ، عَنْ كَعْبٍ رضي الله عنه: أَنَّهُ تَقَاضَى ابْنَ أَبِي حَدْرَدٍ دَيْنًا كَانَ لَهُ عَلَيْهِ فِي الْمَسْجِدِ، فَارْتَفَعَتْ أَصْوَاتُهُمَا حَتَّى سَمِعَهَا رَسُولُ اللهِ صلي الله عليه وسلم وَهْوَ فِي بَيْتِهِ، فَخَرَجَ إِلَيْهِمَا، حَتَّى كَشَفَ سِجْفَ حُجْرَتِهِ فَنَادَى: «يَا كَعْبُ»، قَالَ: لَبَّيْكَ يَا رَسُولَ اللهِ، قَالَ: ضَعْ مِنْ دَيْنِكَ هَذَا»، فَأَوْمَأَ إِلَيْهِ أَيِ الشَّطْرَ، قَالَ: لَقَدْ فَعَلْتُ يَا رَسُولَ اللهِ، قَالَ: «قُمْ فَاقْضِهِ Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U masjidda Ibn Abu Hadraddan qarzini to‘lashni talab qilibdi. Keyin ikkovining ovozi ko‘tarilib ketib, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni uylarida turib eshitibdilar. Shunda u zot hujralarining darpardasini ochib, ularning oldiga chiqdilar-da: «Ey Ka’b!» deb chaqirdilar. U «Labbay, ey Allohning Rasuli!» dedi. U zot: «Qarzingdan bunchasini – ya’ni yarmini – o‘t», deya unga ishora qildilar. «Shunday qilganim bo‘lsin, ey Allohning Rasuli», dedi. U zot (Ibn Abu Hadradga qarab): «Tur, uni (qolganini) to‘la», dedilar». Ibn Abu Hadrad roziyallohu anhu Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan qarzdor ekan. Ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida uchrashib qolib, oralarida qarz haqida gap chiqibdi. Ikkovlari qizishib ketganlaridan ovozlari ham baland ko‘tarilib ketibdi. Shunda gapga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aralashibdilar. U zot hujralarining pardasini ochib, Ka’b ibn Molikni chaqirib: «Qarzning yarmini kechib yubor», deb ishora qilibdilar. Ka’b ibn Molik darhol rozi bo‘libdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qarzdor Ibn Abu Hadradga: «Tur, qarzingni ado et», debdilar. Bu erda qarz borasidagi nizo sulh bilan hal qilindi. Xuddi shuningdek, biz so‘z yuritayotgan mavzudagi barcha nizo va kelishmovchiliklarni ham sulh va o‘zaro rozilik yo‘li bilan hal qilish juda ham oson. Bunday holatlar avval kelishib olinmagan, favqulodda holatlar paydo bo‘lganda ikki taraf tortishib qolishlari oqibatida ko‘proq yuzaga chiqadi. Shunda ikki taraf ham insof qilib, vaziyatni hisobga olib, bir-birlarini rozi qilsalar, juda ham yaxshi bo‘ladi. Alloh taoloning O‘zi to‘g‘ri yo‘lga boshlovchidir! Vallohu a’lam. Benihoya ehtirom ila Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

27 Aprel 2022, 21:51 | Savol-javoblar | 172 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar