Yozmasam bo‘lmadi Oxiri portladim
Assalomu alaykum! Men bir oddiy, dinni o‘rganishga chanqoq, ilmga intiluvchan insonman. Garchi men o‘zimni shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohni shogirdiman deyishga haqqim bo‘lmasada men u kishini o‘z ustozim deb bilaman. U kishining kitoblarini sevib mutolaa qilaman, audio yozuvlarini diqqat bilan eshitaman, video materiallarini ko‘raman. Meni otam olamdan o‘tganlar (Alloh otamni O‘z rahmatiga g‘arq qilsin! Amiyn!). Men ustoz, fazilatli shayx, hazrat Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohni o‘z otamdek qadrlayman, hurmat qilaman. U kishi haqida yomon gaplar gapirishsa, u kishiga tuhmatlar qilishsa jahlim chiqadi, o‘zimni tutib turolishim qiyin. Inson u kishini yomonlashdan, u kishiga tuhmat qilishdan oldin bir o‘ylab ko‘rishi va o‘ziga: «Men o‘zi kimman?! Men dinim, davlatim ravnaqi, yurtim tinchligi, xalqim farovonligi uchun nima qildim? Shu inson haqida gapirishga aslida mening haqqim bormi?», deya savol berishi shart! Bir necha kun muqaddam norasmiy kanallarda hazratimizga tegishli bo‘lmagan «fatvo»lar tarqaldi. Bundan kimga nima naf?! Buni kim qildi?! Xo‘p, shu berilgan savolni ko‘chirib olibsiz, lekin nega uning tagiga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf deb yozib qo‘yasiz?! Hazratning bu «fatvo»laringizga bergan javoblarini keltirmaysizmi?! Tuhmatdan qo‘rqmaysizmi?! El sevgan, xalq qattiq hurmat qilgan, Islom ulamolari tan olgan insonga tuhmat qilishdan avval zarracha fikrlamadingizmi!? Alloh taolo sizga ham fikrlash imkonini berganku! Men bu «fatvo»ni ko‘rdimu asabiylashdim(agar juda qo‘pol yozayotgan bo‘lsam uzr so‘rayman, ustozlar). Ancha paytgacha buni hazm qila olmadim. Men har gal namozlarimdan keyingi duolarimda ulamolarimizga, otamga va albatta shayximizga Allohdan mag‘firat so‘rashga odatlanganman. Buni riyo uchun aytmayapman. Men u insonni qattiq hurmat qilaman. Lekin bu kabi tuhmatlarni chiqarayotgan insonlar bir o‘ylab ko‘ring! Mushohada qiling! Ana shu qilgan tuhmatingizning ham o‘z javobi bo‘ladiku. Mana shu yozgan harflaringizning ham javobini Alloh subhanahu va taoloning huzurida berasizku! Nahotki, buni o‘ylamaysiz?! Allohdan qo‘rqing! Mayli hazratni yomon ko‘ring (yomon ko‘radigan jihatlari yo‘q bo‘lsa kerak, menimcha), u kishini kitoblarini o‘qimang, lekin u kishi haqida yomon so‘z aytmang! Alloh taolo u kishining hayotini barakotli qildi. Qisqa umrlari davomida 100 dan ziyoda kitob yozdilar, shuncha audio va video materiallar qoldirdilar. Hali nashrga chiqmagan, endi nashrga tayyorlanayotgan kitoblari 15-20 ta ekan (mana bu videoda Ozod aka aytib o‘tibdilar https://www.uza.uz/oz/sosiety/shaykh-mu-ammad-sodi-mu-ammad-yusufning-eng-yakhshi-k-rgan-a-16-05-2019?m=y&ELEMENT_SODE=shaykh-mu-ammad-sodi-mu-ammad-yusufning-eng-yakhshi-k-rgan-a-16-05-2019&SESTION_SODE=sosiety). Sizchi, ey hazratga tuhmat qilayotgan inson! Siz nima qildingiz?! Kitob yozishni, xalqning g‘amida bo‘lishni, musulmonlarning ilmu ma’rifatini oshirishga intilishni qo‘ya turaylik, siz shu kungacha nechta kitob o‘qidingiz?! Ustozingiz kim?! Kimdan ta’lim olyapsiz?! Qaysi «shayx»ingizga ergashgansiz?! Nega ulamolarga toshlaringizni otasiz?! Inson insofini yo‘qotmasligi kerak, noinsof bo‘lmaslik kerak! Siz qaysi mazhabdasiz?! «Shayx»ingiz qaysi mazhabda?! Sizning o‘z «mazhab»ingiz bormi? To‘rt mo‘’tabar fiqhiy mazhablardan birini mahkam tutgan inson bunday yomon ishlarga qo‘l urmaydi, menimcha. Bir necha o‘n yillar muqaddam Alloh taoloning fazli ila, hazratimizning sa’yi harakatlari sababchi bo‘lib, qiyin bir davrda yurtimizga Saudiya Arabistoni Qirolligidan bir million dona Qur’oni Karim - Mushafi sharif keltirildiku. Sobiq SSSR davrida xalqimiz dindan yiroqlashib ketgan, xudosizlik yoyilgan bir davrda Alloh taolo O‘z fazli ila shu insonni yurtimizga Islomni qaytarishga sababchi qilmadimi?! Shu insonning «Tafsiri Hilol», «Hadis va Hayot», «Kifoya», «Ruhiy tarbiya», «Sunniy aqiydalar» kabi kitoblarini o‘qib Alloh taoloning Kalomini, Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadisi shariflarini, fiqh ilmini, qalbni poklashni, tiklanishni, xulqlanishni, ahli sunna val jamoaning aqiydasini o‘rganmadimi?! Sof Islom aqiydasi uchun kurashgan, ahli sunna val jamoani tark qilish toyilish va azob ekanligini dalillar bilan kitoblarida keltirgan shu inson emasmi?! Hayotlik paytlarida yurtimiz aholisini qiynagan nozik fiqhiy masalalarga qisqa, lo‘nda, oddiy inson tushunadigan tilda javoblarni bergan shu inson emasmi?! Hozir xalqqa ilm tarqatishda u kishining ishlarini davom ettirayotgan «Hilol nashr» nashriyotiga ham shu inson asos solganlarku! Shu nashriyotda chiqadigan kitoblarchalik arzon kitob qaysi nashriyotda chiqadi? Insof bilan o‘ylab ko‘raylik. Shu nashriyot sababli qanchadan-qancha Allohning Kalomiga tashna bo‘lgan yurtimiz musulmonlari arzon va sifatli bo‘lgan Qur’oni Karim - Mushafi sharifga ega bo‘ldi. Albatta, bularning barchasi Alloh taoloning fazli ila bo‘ldi. O‘ziga hamdlar bo‘lsin! Zero, hech bir ish U Zotning xohish va inoyatisiz bo‘lmaydi. Hazrat esa bu ishlarda bir sababchilar. Lekin siz nimani qoyillatib qo‘ydingizki, hazratga tuxmat qilasiz?! Uyaling! Ilmni kimdan okayotganingizga bir nazar soling. Chet elda turib olib tasavvufni inkor qiladigan, Baroat kechasini bid’atga chiqaradigan, mazhabsizlikni targ‘ib qilayotgan, men "hanafiy"man deb aldab, mujtahid ulamolarimizni inkor qiluvchi, o‘zlarining mazhabsiz ulamolariga ergashuvchi, imom Moturudiyni «mantiqchi» deya haqoratlovchi insondan ilm olasizmi?! Sizning «shayx»ingiz kimning shogirdi?! Ustozlari silsilada Payg‘ambarimiz alayhissalomga etib boradimi?! Ergashayotgan insoningiz mujtahid ulamo ekanligiga ishonchingiz komilmi?! Bu savollarni o‘zingizga bir berib ko‘ring. Xalqimiz fitnadan charchagan. Bizga yana fitnalar kerak emas! Bir necha yildirki, yurtimizda diniy sohada katta (boshqa sohalarda ham) o‘zgarishlar bo‘ldi, bo‘lmoqda va inshaalloh, Alloh taoloning xohishi ila davom etadi. Xalq orasida adovat urug‘ini sochmang, fitna qo‘zg‘amang, biz musulmonlarmiz unutmang. Islom ummatini to‘g‘ri yo‘lga boshlagan, bizga ta’lim bergan, ko‘pchilikning hidoyatiga sababchi bo‘lgan ulamolarimizni yomonlamang, ularga tuxmat qilmang! Aql bilan ish tuting! Yana qaytaraman! Dinni kimdan o‘rganayotganingizga e’tibor bering. Ustozlar, aytadigan gaplarim juda ko‘p edi lekin qisqaroq qilishga qaror qildim. Ortiqcha gaplar yozgan bo‘lsam, asabiy jumlalar bo‘lgan bo‘lsa sizlardan uzr so‘rayman. Alloh taolo bizning buyuk ajdodlarimiz, ulamolarimiz, faqihlarimiz, barchamizdan o‘tgan ota-bobo, buvilarimiz, shu jumladan hazratimizni O‘z rahmati ila o‘rab olsin, jannatning oliy darajalari bilan siylasin! Sizlardan iltimos men gunohkor bandani ham duo qilinglar. Alloh meni haq dinida sodiq, hidoyatida mustahkam, ibodatida qoim, zikrida bardavom qilsin! Alloh taolo sizlarni ikki dunyoda aziz qilsin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Alloh siz kabilarning safini ko‘paytiraversin. Vallohu a’lam!
27 Aprel 2022, 22:04 | Savol-javoblar | 157 | Dolzarb savollar
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Alloh siz kabilarning safini ko‘paytiraversin. Vallohu a’lam!
27 Aprel 2022, 22:04 | Savol-javoblar | 157 | Dolzarb savollar