Sunnati muakkada amalini qilmasa gunohmi?

Assalomu alaykum! 4 mo‘tabar mazhabimzda sunnati muakka bo‘lgan amalni qilmaslik gunoh hisoblanadmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Gunoh hisoblanadi. Alloh taolo qanday amalni yaxshi ko‘rsa, o‘sha amallarni farishtalarga vazifa qilib yuklagan. Shuning uchun ularning ba’zisi qiyomda, ba’zisi ruku’da va ba’zisi sajdada bo‘ladi. Ammo insonlar uchun Robbimiz bu amallarni payg‘ambar alayhimussalomlarga sunnat qilib joriy qildi. Binobarin, payg‘ambar alayhimussalomlarning har bir sunnatlari Alloh taologa eng mahbub bo‘lgan amallardir. Kim qanchalik ko‘p sunnatga amal qilsa, shunchalik anbiyolarning sifatlariga yaqinlashib boraveradi va natijada Allohning huzurida muqarrab bo‘lib boraveradi. Xuddi shuningdek, Alloh taolo O‘zi yomon ko‘rgan amallarni shaytonga odat qilib berdi. Kimning tabiati shaytonning amallariga moyil bo‘lsa, shayton qilgan amallarni qiladi va Allohdan uzoqlashib, shaytonning do‘stlariga aylanib boraveradi. Shunday ekan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari biz uchun oddiy amallar emas, balki jannatga kalit bo‘ladigan, Parvardigorimizning roziligiga erishtiradigan fazilatlar hisoblanadi. Biz bu amallarni nafaqat Nabiy alayhissalom qilgan ishlar deb, balki Alloh taolo suygan amallar deb bilishimiz va ularga shu nuqtai nazardan yondashishimiz kerak. Vallohu a’lam!
27 Aprel 2022, 22:46 | Savol-javoblar | 188 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar