Rahmat nabiysining duolari

Assalomu alaykum! Yaqinda bir ma’ruzaga ko‘zim tushgan edi. Bu ma’ruzada Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v oldilariga ko‘zlari ojiz bo‘lgan inson kelib duo qilishini so‘raydi. Shunda Nabiyimiz u insonga yaxshilab tahorat olib, 2 rak’at namoz o‘qib duo qilishlarini so‘raydi, ya’ni duoda o‘zlarini Rahmat nabiysi ekanligi keladi. Men mana shu duoni to‘liq shaklini bilib yodlamoqchi edim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! عَنْ عُثْمَانَ بْنِ حُنَيْفٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَجُلًا ضَرِيرَ الْبَصَرِ أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: ادْعُ اللهَ أَنْ يُعَافِيَنِي، قَالَ: إِنْ شِئْتَ دَعَوْتُ، وَإِنْ شِئْتَ صَبَرْتَ فَهُوَ خَيْرٌ لَكَ، قَالَ: فَادْعُهُ، فَأَمَرَهُ أَنْ يَتَوَضَّأَ فَيُحْسِنَ وُضُوءَهُ، وَيَدْعُوَ بِهَذَا الدُّعَاءِ: اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ وَأَتَوَجَّهُ إِلَيْكَ بِنَبِيِّكَ مُحَمَّدٍ نَبِيِّ الرَّحْمَةِ، إِنِّي تَوَجَّهْتُ بِكَ إِلَى رَبِّي فِي حَاجَتِي هَذِهِ لِتُقْضَى لِيَ، اللَّهُمَّ فَشَفِّعْهُ فِيَّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ  Usmon ibn Haniyf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir ko‘zi ojiz kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Allohga duo qiling, menga ofiyat bersin», dedi.
«Xohlasang, duo qilaman. Xohlasang, sabr qil. Bu sen uchun yaxshidir», dedilar».
«Duo qiling», dedi.
Bas, uni tahorat qilishga, tahoratini mukammal qilishga va ushbu duoni o‘qishga amr qildilar:
«Allohim! Albatta, men Nabiying Muhammad – rahmat Nabiysi ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, men sen ila Robbimga ushbu hojatim yuzasidan uni chiqsin, deya yuzlandim. Allohim! Uning mening haqimda shafoatini qabul qil».
Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilganlar.
Sharh: Boshqa rivoyatda «Bas, ko‘zi ochilgan holda qaytib ketdi» deyilgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duolari doimo qabul bo‘lishini bilgan ba’zi kishilar o‘zlari uchun u zotdan duo so‘rab turar edilar. Bunga misollar juda ko‘p. Sahobai kiromlar tomonidan oxirat saodati haqida duo so‘ralgani ham ma’lum va mashhur.
Ushbu hadisda esa ko‘zi ojiz kishi ko‘zi ochilishi haqida duo qilishlarini so‘ramoqda. Odatda Payg‘ambar alayhissalom doimo bemorlikni davolashga amr qilganlar. Ammo bu kishiga u haqda so‘z ochmaganlaridan uning ko‘zi qattiqroq bemorlikka uchragan bo‘lsa kerak.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Ahli fazl kishidan bemorlikka ofiyat bo‘lishi uchun duo so‘rash joizligi.
2. Birovning dardiga ofiyat so‘rab duo qilish yaxshi ekanligi.
3. Ko‘zi ojiz bo‘lib, davo topa olmagan inson sabr qilsa, katta ajrlarga, hatto ko‘zi ochilgandan ham yuqoriroq darajaga erishishi.
4. Duo so‘ragan kishiga ikki narsadan birini: duo qilish yoki duo qilmaslikni tanlashni taklif qilish joizligi.
5. Duo qilishdan oldin yaxshilab tahorat qilish ahamiyatli ekanligi.
6. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni vasila, shafoatchi qilib, duo qilish mumkinligi.
Ushbu hadisni bu faslga qo‘shish ila tavassul joiz ekanligiga hujjat keltirilmoqda. Duo¬ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Alloh taoloning O‘ziga qilavermasdan, oraga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni shafoatchi etgan holda duo qilishga ishora etilmoqda. Shu bilan birga, birovdan duo so‘rab turavermay, inson o‘zi ham ixlos bilan duo qilishi kerakligini ko‘rib turibmiz.
Gohida kishi o‘zi duo qilganida duosi qabul bo‘lmayotganini mulohaza qilib qoladi. Shunda qandaydir biror vasilaga ehtiyoj sezadi. Ana shunday paytda vasila ila duo qilish joiz bo‘ladi.
Imom Tabaroniy ushbu hadisdan oldin bir qissani keltirganlar. Unda quyidagilar zikr qilingan:
«Bir odam Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning huzuriga hojati yuzasidan kirib, chiqib yurar edi. Usmon unga iltifot ham qilmas, hojatini ham chiqarmas edi. Haligi odam Usmon ibn Haniyfga uchrashib, mazkur holat haqida shikoyat qildi.
Shunda Usmon ibn Haniyf unga «Tahoratxonaga borgin-da, yaxshilab tahorat qil. Keyin masjidga borib, ikki rak’at namoz o‘qi va «Allohim! Albatta, men Payg‘ambaring Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, men sen ila Robbimga ushbu hojatim yuzasidan uni chiqsin, deya yuzlandim. Allohim! Uning mening haqimda shafoatini qabul qil», deb turib, hojatingni so‘ra. So‘ng oldimga kelsang, men ham sen bilan birga boraman», dedi.
Haligi odam borib, uning aytganini qildi. Keyin Usmon ibn Affonning eshigiga bordi. Bas, eshik og‘asi kelib, uning qo‘lidan ushlab, ichkariga olib kirdi va Usmon ibn Affon o‘tirgan joyga, uning yoniga o‘tirg‘izdi. U «Nima hojating bor?» deb so‘radi. U hojatini aytdi. Uning hojatini chiqarib, «Bundan keyin qanday hojating bo‘lsa, kelaver», dedi.
Keyin haligi odam uning oldidan chiqib, Usmon ibn Haniyfning oldiga bordi va:
«Alloh senga xayr bersin. Sen aytib qo‘ymaganingda, u menga iltifot qilmas edi», dedi.
Shunda Usmon ibn Haniyf:
«Allohga qasamki, men unga hech narsa deganim yo‘q. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir ko‘r odam kelganini ko‘rdim. Haligi odam u zotga ko‘zi ko‘r bo‘lib qolganidan shikoyat qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:
«Sabr qila olmaysanmi?» dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, etaklovchim yo‘q. Juda qiynalib ketdim», dedi.
«Tahoratxonaga bor. Tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qi. Keyin ushbu duolarni qil», dedilar.
Keyin biz tarqalmasimizdan oldin haligi odam oldimizga kirib keldi. Allohga qasamki, u xuddi ko‘r bo‘lmagandek edi», dedi». ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 21:59 | Savol-javoblar | 169 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar