Taroveh nomozi

Assalomu alaykum! Taroveh namoziga borish majburiymi yoki uyda nafl namozlar o‘qisa bo‘ladimi? Chunki ba’zi insonlar ishlaydi, o‘qiydi, kechga og‘izni ochgandan keyin charchab uxlab qoladi yoki joniga yoqmaydi. Shunday vaqtda nima qilish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Ro‘zaning mukammal bo‘lishi uchun taroveh va iyd namozlari o‘qilishi kerak. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُرَغِّبُ فِي قِيَامِ رَمَضَانَ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَأْمُرَهُمْ فِيهِ بِعَزِيمَةٍ، فَيَقُولُ: مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ. فَتُوُفِّيَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَالْأَمْرُ عَلَى ذَلِكَ، ثُمَّ كَانَ الْأَمْرُ عَلَى كَذَلِكَ فِي خِلَافَةِ أَبِي بَكْرٍ وَصَدْرًا مِنْ خِلَافَةِ عُمَرَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat ila bedor o‘tkazishga targ‘ib qilar, ammo qat’iy buyruq bermas edilar. Bas, u zot:
«Kim Ramazonda iymon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur», der edilar. Ish shundayligida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etib ketdilar. So‘ngra Abu Bakrning xalifaligida va Umarning xalifaligi boshida ham ish shunday edi».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, Ramazon oyi kechalarida ibodat qilish juda ham fazilatli ish. Gunohlarning mag‘firat bo‘lishi ham shu ish tufayli bo‘ladi.
Ammo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu ishga targ‘ib qilish bilan birga, ma’lum bir ibodatga qat’iyan amr qilmaganlar. Balki umumiy targ‘ib qilish bilan kifoyalanganlar.
Xuddi shu holat hazrati Abu Bakrning xalifalik davrlarida ham davom etgan. Kishilarga Ramazon kechalarida ma’lum ibodatni tayin qilmaslik hazrati Umari odil xalifaliklarining dastlabki davrida ham davom etgan. Keyin nima bo‘lganini navbatda keladigan rivoyatlardan bilib olamiz. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 22:15 | Savol-javoblar | 165 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar