Yolg‘on xabar tarqatish

Assalomu alaykum! Shu kunlarda Qozog‘iston davlatida yurtimizga qaytayotgan avtobus halokatga uchrab 10 nafar yo‘lovchi halok bo‘lganini internet tarmog‘ida o‘qidik, afsuslandik. Bu xabarda vafot etgan 10 nafar inson O‘zbekistonliklar deb ko‘p tarmoqlar yozishdi. Aslida bunday bo‘lmadi. Yolg‘on xabar tarqatishning gunohi haqida aytib bersalaring. Halokatda vafot etgan insonlarni oilalariga Alloh sabr bersin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Alloh taolo mo‘minlarni biror kishi haqida yolg‘ondan hukm chiqarib qo‘ymasliklari uchun “Hujurot” surasida quyidagicha marhamat qilgan:  يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِن جَاءكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَأٍ فَتَبَيَّنُوا أَن تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ۝ 6. Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan, bir qavmga musibat etkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar.
Kelinglar, oyati karimani chuqurroq tushunish uchun avval uning nuzuli sababini o‘rganaylik. Imom Ahmad ibn Hanbal o‘zlarining «Musnad» kitoblarida ummul mo‘minin Juvayriya binti Horis roziyallohu anhoning otalari – Banu Mustalaq qavmi podshosi Horis ibn Abi Ziror Xuzo’iy roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, u kishi debdirlar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borganimda, u kishi meni Islomga da’vat qildilar, men Islomga kirdim va iqror bo‘ldim. So‘ngra meni zakotga chaqirdilar, unga ham iqror bo‘ldim. So‘ngra: «Ey Allohning Rasuli, ruxsat bersangiz, borib, qavmimni Islomga va zakot berishga chaqirsam, kim ko‘nsa, zakotlarini jamlab qo‘ysam, falon vaqtda bir vakil yuborsangiz, men jamlagan zakotlarni olib kelsa», – dedim».
So‘ngra Horis roziyallohu anhu o‘ziga ergashganlarning zakotini jamlab qo‘yib, kutdi, Nabiy alayhissalom vakil yuborishlari lozim bo‘lgan vaqt keldi, lekin vakil kelmadi. Horis, mendan Allohning va Nabiysining achchig‘i chiqdi, shekilli, deb gumon qildi va o‘z qavmining a’yonlarini jamlab:
«Rasululloh menga vakil yuborish uchun vaqt belgilagan edilar. Vakil kelib, mendagi zakotni olishi kerak edi. Rasululloh va’daga xilof qilmaydilar, vakillarining ushlanib qolishini achchiqlari chiqqanligidan deb bilaman. Kelinglar, o‘zimiz Rasulullohning huzurlariga boraylik, – dedi.
Bu orada Rasululloh alayhissalom Valid ibn Uqba ismli kishini Horisning oldiga zakotni olib kelish uchun vakil qilib yuborgan edilar. Ammo Valid bir joyga etib, negadir qo‘rqib, orqaga qaytdi va Rasulullohning huzurlariga kelib:
– Ey Allohning Rasuli, Horis zakotni bermasdan, meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, – dedi. Nabiy alayhissalomning g‘azablari chiqdi va Horisga guruh yubordilar. Yuborilgan kishilar endi Madinai Munavvaradan chiqqan edilar, oldilaridan Horis roziyallohu anhu odamlari bilan chiqib qoldilar. Yuborilganlar:
– Ana, Horisning o‘zi kelyapti, – dedilar. Horis roziyallohu anhu yaqinlashib kelib:
– Kimga yuborildingiz? – deb so‘radilar. Ular:
– Senga, – deyishdi. U kishi:
– Nima uchun?, – dedilar. Ular:
– Rasululloh alayhissalom senga Valid ibn Uqbani yuborgan edilar, uning aytishicha, sen unga zakotni bermay, uni o‘ldirmoqchi bo‘libsan, – dedilar. Shunda Horis roziyallohu anhu:
– Yo‘q, Muhammad alayhissalomni haq din bilan yuborgan Zotga qasamki, uni hech ko‘rganim yo‘q va u mening oldimga kelgani ham yo‘q, – dedilar. Horis roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomning oldilariga kirgan edilar, u zoti sharif:
– Zakotni bermay, vakilimni o‘ldirmoqchi bo‘ldingmi? – dedilar. Horis roziyallohu anhu:
– Yo‘q, sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, uni ko‘rmadim va u mening oldimga kelgani ham yo‘q, mening oldimga Rasulullohning vakili bormagani uchun, Allohning va Uning Rasulining mendan achchig‘i chiqdimikin, deb bu erga o‘zim keldim, xolos, – dedilar. Shu payt «Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar…» oyati nozil bo‘ldi».
Shu erda imom Ahmad ibn Hanbalning rivoyatlari tugaydi. Mazkur rivoyatda kishini ajablantiradigan holatlardan biri – Rasulullohning vakillari Valid ibn Uqbaning aytilgan erga bormasdan, qo‘rqib, orqaga qaytib kelib, yolg‘on so‘zlashidir. Odatda, sahobiylardan bunday ish sodir bo‘lishi amri mahol. Bu haqda avvalgi ulamolar ham ko‘p fikr yuritganlar, turli mulohazalarni bildirganlar. Lekin qissani yaxshilab o‘rganib chiqsak, ajablanishimizga o‘rin qolmaydi, deb o‘ylayman. Nega Rasulullohning vakillari kelmayapti, deb tashvishlanib, qavmi bilan o‘zi borishga ahd qilgan Horis ibn Abi Ziror Xuzo’iy roziyallohu anhu ot-ulovni hozirlab, kiyinib, qurollanib, yo‘lga chiqmoqchi bo‘lib turganlarida, Valid roziyallohu anhu bu holni uzoqdan ko‘rib yoki birovdan eshitib, bular dindan qaytishgan ekan, bilmabmiz-da, mana, qurollanib chiqishyapti-ku, deb qo‘rqqan bo‘lishi turgan gap. U orqasiga qaytgan, Horis roziyallohu anhu ham o‘z yo‘llarida davom etganlar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz yuborgan ikkinchi guruh Madinai Munavvaradan chiqar-chiqmas, ular etib kelishgan.
Bu oyati karima musulmonlar hayotidagi eng muhim masalani muolaja qiladi. U ham bo‘lsa, xabarni qabul qilish masalasi. Agar xabar Allohdan va Nabiy alayhissalomdan bo‘lsa, so‘zsiz qabul qilish vojibdir. Qabul qilmaganlar gunohkori azim, kofir bo‘ladilar. Endi odamlardan xabar qabul qilishga kelsak, bu bir necha turga bo‘linadi. Avvalo, xabarchi dinda, so‘zida o‘ta ishonchli kishi bo‘lsa, uning xabari qabul qilinadi. Xabarchi fosiq bo‘lsa, ya’ni umrida biror marta yolg‘on gapirgan, shariat hukmlaridan birortasiga biror marta amal qilmagan bo‘lsa yoki uning ishonchli-ishonchsizligi ma’lum bo‘lmasa, deylikki, notanish odam yoki xabari sinab ko‘rilmagan kimsa bo‘lsa va hokazo, uning xabari tekshirilmay turib, qabul qilinmaydi. Boshqa ishonch¬li manbalardan xabarning to‘g‘riligi sobit bo‘lsagina, qabul qilinadi.
«Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan, bir qavmga musibat etkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar».
Ushbu surai karimada Alloh taolo mo‘min-musulmonlarga xitob qilarib, uchinchi marta:
«Ey iymon keltirganlar!» – demoqda. Demak, ular uchun juda ham muhim bo‘lgan bir xabarni etkazmoqchi.
«Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...»
Oyati karimada Alloh taolo «fosiq xabar keltirsa, aniqlab», xabarning sobitligini tekshirib ko‘rishga amr qilmoqda. Allohning amriga bo‘ysunish vojib. Afsuski, musulmonlar ushbu oyatga amal qilmaganlari oqibatida katta musibatlarga duchor bo‘lmoqdalar. Bir xabarni eshitishi bilanoq, surishtirmay, biror ish qilinsa, keyin xabarning yolg‘onligi yoki xatoligi ayon bo‘lsa, haqiqatan, afsus-nadomatga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo:
«...bilmasdan, bir qavmga musibat etkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar», – demoqda.
«Nadomat» afsuslanishdir. Afsuslanish bo‘lganda ham, doimiy, bardavom afsuslanishdir. Misol uchun, sababi nuzuldagi hodisani olsak. Agar Validning gapiga ishonib, surishtirib, aniqlamasdan turib, kofir bo‘libdi, deb Horis o‘ldirib qo‘yilganida, haqiqatni bilgandan so‘ng hamma doimiy nadomatda qolgan bo‘lar edi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!
25 May 2022, 22:27 | Savol-javoblar | 130 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar