Oisha roziyallohu anhu haqida

Assalamu alaykum! Din yo‘lida qilayotgan xizmatlaringizni Alloh ajrini ziyoda qilib bersin. Savolim shundan iboratki : Rosululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin Oisha onamizning ahvollari qanday kechgan va qay holatda vafot topganlar? Shu haqida bilmoqchi edim. Javobingiz uchun oldindan rahmat. Alloh ilmingizni ziyoda qilsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘n sakkiz yoshlarida ajrab qolgan Oisha onamiz roziyallohu anho u zotdan keyin yana qariyb yarim asr umr ko‘rdilar. U kishi bu muborak umrlari davomida butun Islom olamining diqqat markazida mo‘minlarning onalari bo‘lib hayot kechirdilar. Oisha onamiz roziyallohu anho doimiy ravishda ilm, fatvo, taqvo, zuhd, tarbiya, odob, mehr va boshqa fazilatlar markazi bo‘lib turdilar. Hijriy ellik sakkizinchi sananing Ramazon oyida Oisha onamiz roziyallohu anho bemor bo‘ldilar. Bu ulug‘ zot bemorlik chog‘larida o‘zlarini Baqiy’ qabristoniga, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning boshqa azvoji mutohharalari dafn qilingan joyga dafn qilishlarini vasiyat qildilar. Ramazondan o‘n sakkiz kun o‘tganda, dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi Oisha onamiz roziyallohu anho dorul fanodan dorul baqoga rihlat qildilar. U kishi o‘sha kechasi vitr namozidan keyin dafn qilindilar. Janozaga juda ko‘p odam keldi. Madinai Munavvarada o‘sha kechadagi kabi ko‘p odam yig‘ilmagan edi. Oisha onamiz roziyallohu anhoning janozalarini buyuk sahobiy Abu Hurayra roziyallohu anhu o‘qidilar. U kishining qabrlariga mahramlaridan Abdulloh ibn Zubayr, Urva ibn Zubayr, Abdulloh ibn Muhammad ibn Abdurrohman ibn Abu Bakr, Abdulloh ibn Abdurrohman ibn Abu Bakr va boshqalar tushdilar. O‘sha paytda Oisha onamiz roziyallohu anhoning yoshlari oltmish oltida edi. Alloh taolo Oisha onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin! "Hadis va Hayot" 25-juz "Nubuvvat xonadoni xonimlari". Vallohu a’lam.

27 Aprel 2022, 23:21 | Savol-javoblar | 183 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar