Farz namozini jamoat bilan o‘qish

Assalomu alaykum! Men ko‘picha uyda o‘zim yolg‘iz namoz o‘qiyman. Kecha quyida keltirilgan fatvoga duch keldim. «43-FATVO Farz namozlarni jamoat bilan ado etish ta’kidlangan sunnatlar sirasiga kiradi. Uni uzrsiz tark etish gunoh hisoblanadi. Lekin bir necha uzr sanalgan ishlar borki, ular bois masjidga va jamoatga chiqmaslik joiz hisoblanadi. Masalan, bemor, oyoqlari shol bo‘lgan, keksalik sababli bedarmonlikka uchragan, ko‘zi ojiz kishilar jamoatga chiqmasdan, uylarida o‘qishlari mumkin. Shuningdek, yomg‘ir, yo‘lning loyligi, qattiq sovuq havo, qalin qorong‘ilik, tundagi shamol kabilar ham uzr hisoblanadi. «Olamgiriya», «Sirojul-vahhoj». Aytingchi yuqoridagilardan kelib chiqib uzrsiz uyda farz namozini o‘qish gunoxmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Jamoat bilan namoz o‘qish ba’zilar nazdida ta’kidlangan sunnat, ba’zilar nazdida vojib ham deyilgan. Bizning mazhabda muakkada sunnatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoatga chiqmaydiganlar haqida quyidagilarni aytganlar. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَدَ نَاسًا فِي بَعْضِ الصَّلَوَاتِ فَقَالَ: لَقَدْ هَمَمْتُ أَنْ آمُرَ رَجُلًا يُصَلِّي بِالنَّاسِ، ثُمَّ أُخَالِفَ إِلَى رِجَالٍ يَتَخَلَّفُونَ عَنْهَا، فَآمُرَ بِهِمْ فَيُحَرِّقُوا عَلَيْهِمْ بِحُزَمِ الْحَطَبِ بُيُوتَهُمْ، وَلَوْ عَلِمَ أَحَدُهُمْ أَنَّهُ يَجِدُ عَظْمًا سَمِينًا لَشَهِدَهَا يَعْنِي الْعِشَاءَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.
وَفي رِوَايَةٍ: إِنَّ أَثْقَلَ صَلَاةٍ عَلَى الْمُنَافِقِينَ صَلَاةُ الْعِشَاءِ وَصَلَاةُ الْفَجْرِ، وَلَوْ يَعْلَمُونَ مَا فِيهِمَا لَأَتَوْهُمَا وَلَوْ حَبْوًا، وَلَقَدْ هَمَمْتُ أَنْ آمُرَ بِالصَّلَاةِ فَتُقَامَ، ثُمَّ آمُرَ رَجُلًا فَيُصَلِّيَ بِالنَّاسِ ثُمَّ أَنْطَلِقَ مَعِي بِرِجَالٍ مَعَهُمْ حُزَمٌ مِنْ حَطَبٍ إِلَى قَوْمٍ لَا يَشْهَدُونَ الصَّلَاةَ فَأُحَرِّقَ عَلَيْهِمْ بُيُوتَهُمْ بِالنَّارِ
 Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ba’zi namozlarda bir qancha odamlarning yo‘q bo‘lganini bilib:
«Batahqiq, men bir kishini odamlarga namozga o‘tib berishini, namozga kelmay, orqada qolayotganlarga o‘zim borib, ularning uylariga o‘tin bog‘lamlarini qalab turib, ustilaridan yoqib yuborishlarini amr qilishga qasd qildim. Agar birlari semiz go‘shtli suyak topsalar, unga hozir bo‘lar edilar», dedilar. Ya’ni, Xuftonga, demoqchilar.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Boshqa rivoyatda:
«Munofiqlarga eng og‘ir namoz Xufton va Bomdod namozlaridir. Agar u ikkisidagi narsani bilganlarida, emaklab bo‘lsa ham kelar edilar. Batahqiq, namozga amr qilib, u qoim qilinganda bir kishini odamlarga namoz o‘qib berishini buyurib, so‘ngra o‘zim o‘tin bog‘lamlarini ko‘targan odamlar bilan namozga hozir bo‘lmagan odamlarning oldiga borib, ustilaridan uylariga o‘t qo‘yib yuborishni qasd qildim», deganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifdan jamoat namoziga bormaslik qanchalar yomon ekanligi ko‘rinib turibdi. Aks holda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam undaylarni uyiga qamab turib, ustidan o‘t qo‘yib yuborishga qasd qilmas edilar. Xufton va Bomdod jamoatlariga hozir bo‘lmaganlar bir o‘rinda munofiq deb atalishi ham jamoat namozining shariatimizdagi ahamiyatini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Emaklab bo‘lsa ham kelar edilar», deyishlari ham qattiq gapdir.
Buni Xufton va Bomdod namozlarini jamoat bilan o‘qiganlarga beriladigan savobni bilganlarida yoxud bu ikki namoz jamoatini tark etganlarning gunohi va uning oqibati nima bo‘lishini bilganlarida, emaklab bo‘lsa ham kelar edilar, deb tushunmoq lozim. عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَا مِنْ ثَلَاثَةٍ فِي قَرْيَةٍ وَلَا بَدْوٍ لَا تُقَامُ فِيهِمُ الصَّلَاةُ إِلَّا قَدِ اسْتَحْوَذَ عَلَيْهِمُ الشَّيْطَانُ، فَعَلَيْكَ بِالْجَمَاعَةِ، فَإِنَّمَا يَأْكُلُ الذِّئْبُ الْقَاصِيَةَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ وَصَحَّحَهُ  Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qishloqdami, sahrodami, uch kishi bo‘lsa-yu, ular ichida jamoat namozi qoim qilinmasa, albatta, shayton ularga ega chiqar. Jamoatni lozim tut. Ayrilganni bo‘ri er», dedilar».
Abu Dovud, Nasaiy va Ahmad rivoyat qilganlar. Hokim sahih degan.
Sharh: Demak, qaerda uchta va undan ko‘p musulmon odam to‘plansa, o‘sha erda jamoat namozi o‘qilishi kerak. Hatto ikki kishi bo‘lsa ham, namozlarni jamoat bo‘lib o‘qishlari lozim. Jamoat namozi o‘qimaganlarga shayton ega chiqib, ularni o‘z qullariga aylantirib oladi. Jamoat namoziga qo‘shilmagan odam musulmonlarning jamoatidan ayriladi. Jamoatdan ayrilish hech qachon yaxshilik keltirmaydi. Qo‘radagi qo‘ylardan ajragan qo‘y bo‘riga em bo‘ladi, jamoatdan ajragan odam esa shaytonga qul bo‘ladi.
Bu hikmat doimo yuzaga chiqib kelgan. Musulmonlar ichidagi obro‘-e’tibor ularning jamoat namoziga qatnashishlariga qarab bo‘lgan. Jamoat namoziga qatnashmaydiganlar esa xonasalot (uyda namoz o‘quvchi) laqabini olib, obro‘siz kishilar hisoblanganlar.
Musulmonlar qaerda bo‘lmasinlar, ikki-uch kishi bo‘lsalar ham, hamisha jamoat namozi o‘qishga harakat qilganlar. O‘zlari qanday holatda yashamasinlar, birinchi galda jamoat namozi o‘qish uchun masjid qurishni o‘zlarining muqaddas burchlari deb bilganlar.
Ushbu satrlar muallifi Gana davlatiga qilgan safarida o‘rmonlarda eski holda yashab kelayotgan qabilalar bilan uchrashganida o‘sha vasaniylar (butparastlar) bir kichik xonachani ko‘rsatishdi. U erdagi po‘stak va tasbeh o‘sha joyning masjid ekanligidan darak berar edi. Erlik aholi avvallari bu erda bir necha musulmon yashaganligi, keyinchalik ko‘chib ketganliklari haqida so‘zladilar. O‘sha kichik masjid bepoyon o‘rmondagi eng ko‘rkam bino edi. O‘sha ikki-uch nafar musulmon o‘zlari yashashlari uchun uy qurmagan bo‘lsalar ham, namoz o‘qiydigan masjid qurgan edilar…
Misrning bepoyon cho‘llari... Katta tezlikda         borayotgan avtomashina oynasidan ahyon-ahyonda to‘kilib tushgan kichik uylarning xarobalari ko‘rinadi. Ularning o‘rtasida esa kichik, ammo butun masjid ko‘rindi. Sahroviy musulmonlar ushbu hadisi sharifga amal qilib, uch-to‘rt kishi bo‘lsalar ham jamoat namozi o‘qish uchun masjid qurgan ekanlar.
Aksincha, ba’zi joylarda shahar-qishloqlar oralab bir necha kun yursang ham bir dona masjid topa olmaysan. Shayton ana o‘shandoq yurtlarning odamlariga ega chiqmay, kimga ega chiqsin?! O‘shalarni zalolatga ketkazmay, kimni ketkazsin?! ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Aprel 2022, 23:53 | Savol-javoblar | 175 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar