Eshshak go‘shti harom qilinganidan keyin qozonlar ag‘darilgani

Assalomu alaykum! Bilamizki, eshshak go‘shti harom qilinganidan keyin qozonlar ag‘darilgan. Shundan so‘ng sahobalar o‘sha qozondan qayta foydalanishganmi? Birodarimiz ustozi “harom yoki shunga o‘xshash narsalar pishirilgan qozondan qayta foydalanib bo‘lmaydi” deptilar. Yana ba’zi domlalar ham shunday deyishyapti. Ustozimiz Shayx Hazratlari esa “yaxshilab yuvilsa, asorati qolmasa ishlatish mumkin”, degan javoblari bor ekan. Nima qilishni bilmayapmiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Islomning avvalida ba’zi bir narsalardan qaytarilganida ularni eslatib turuvchi va ularda tayyorlanadigan idishlaridan foydalanishni ham man qilingan. Keyinchalik insonlar tabiati ulardan uzoqlashib, nafratlanish vaqti kelganida idishlardan foydalanaverishga ruxsat berilgan. O‘shalardan biri o‘sha go‘sht qaynatilgan qozon bo‘lgan. Keyinchalik har qanday najosat tekkan idish sirli kabi o‘ziga shimib olmaydigan bo‘lsa uch bor yuvish bilan poklanishiga hukm qilingan. عَنْ أَبِي ثَعْلَبَةَ الْخُشَنِيِّ قَالَ: قُلْتُ: يَا نَبِيَّ اللهِ، إِنَّا بِأَرْضِ قَوْمٍ أَهْلِ الْكِتَابِ، أَفَنَأْكُلُ فِي آنِيَتِهِمْ؟ وَبِأَرْضِ صَيْدٍ أَصِيدُ بِقَوْسِي وَبِكَلْبِي الَّذِي لَيْسَ بِمُعَلَّمٍ، وَبِكَلْبِي الْمُعَلَّمِ، فَمَا يَصْلُحُ لِي؟ قَالَ: أَمَّا مَا ذَكَرْتَ مِنْ أَهْلِ الْكِتَابِ فَإِنْ وَجَدْتُمْ غَيْرَهَا فَلَا تَأْكُلُوا فِيهَا، وَإِنْ لَمْ تَجِدُوا فَاغْسِلُوهَا وَكُلُوا فِيهَا، وَمَا صِدْتَ بِقَوْسِكَ فَذَكَرْتَ اسْمَ اللهِ فَكُلْ، وَمَا صِدْتَ بِكَلْبِكَ الْمُعَلَّمِ فَذَكَرْتَ اسْمَ اللهِ فَكُلْ، وَمَا صِدْتَ بِكَلْبِكَ غَيْرَ مُعَلَّمٍ فَأَدْرَكْتَ ذَكَاتَهُ فَكُلْ  Abu Sa’laba Xushaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Ey Allohning Nabiysi, biz ahli kitob qavmning eridamiz. Ularning idishlarida eyaveramizmi? Yana ov eridamiz, kamonim bilan, o‘rgatilgan va o‘rgatilmagan itim bilan ov qilaman, menga nimalar durust bo‘ladi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ahli kitob(larning idishi) xususida aytganingga kelsak, agar shundan boshqasini topsangiz, unda emanglar, topmolmasangiz, uni yuvinglar va unda eyaveringlar. Allohning ismini zikr qilib, kamoning bilan ovlaganingni eyaver. Allohning ismini zikr qilib, o‘rgatilgan iting bilan ovlagan narsangni ham eyaver. O‘rgatilmagan iting bilan ovlaganingni esa so‘yishga ulgurib qolsang, eyaver». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:04 | Savol-javoblar | 189 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar