Safarga chiqish

Assalomu alaykum! Ma’lumki ayol kishi uch kecha va uch kunduzlik masofaga maxramsiz safarga chiqishi mumkin emas. Savolim uch kecha va uch kunduzlik masofa qancha? Masalan Qarshidan Toshkentga mahramsiz bir kunga borib kelsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! "Kifoya" kitobida quyidagicha berilgan:
Hanafiy ulamolarning ko‘plari: «Safar farsaxlar bilan o‘lchanmaydi», deganlar.
Boshqa mazhablar: «Safar masofasi to‘rt barid bo‘lsa, shar’iy safar bo‘ladi va unda namozni qasr o‘qishga ruxsat bo‘ladi», deydilar.
«Barid» masofa birligi bo‘lib, bir barid masofa to‘rt farsaxga, hadisda kelgan to‘rt barid esa o‘n olti farsaxga to‘g‘ri keladi. Bir farsax 5544 metr, to‘rt farsax 22176 metr bo‘ladi. To‘rt barid esa 88704 metr bo‘ladi.
«Barid» lug‘atda «pochta» ma’nosini bildiradi. Ilgari vaqtda Islom o‘lkalarida pochta ishlari otda yurib amalga oshirilgan. Shaharlar orasidagi pochtaxonalar ma’lum masofaga qurilgan. Bir barid bilan ikkinchisining orasi to‘rt farsax, ya’ni 22176 metr bo‘lgan. Har pochtaxona – baridda xodimlar otlarini boqib, shay bo‘lib turganlar, avvalgi baridning xodimlari uzoqdan ko‘rinishi bilan yo‘lga tayyor bo‘lib otni minib turganlar. Ular kelib, pochtani topshirishi bilan bular ot choptirib, olg‘a bosganlar. Birinchi va ikkinchi pochtaxona orasidagi masofa o‘sha vaqtning taomiliga ko‘ra, «barid» deb aytilgan.
Ushbu biz o‘rganayotgan rivoyatga ko‘ra, to‘rt barid, ya’ni 88 km 704 metr joyga safar qilgan odam musofir hisoblangan.
 Hanafiy mazhabi o‘lchoviga ko‘ra, 96 km masofa safar masofasi hisoblangan.
Ba’zi ulamolar yuqorida zikr qilingan vaqt va sharoitda piyoda yurib, har qadamini o‘lchab, uch kunlik yo‘l 88 km bilan 96 km orasida chiqishiga guvoh bo‘lganlar.
Ular tuyaga yuk yuklab, yurgizib ko‘rib ham xuddi shu kabi natijaning guvohi bo‘lganlar.
Va nihoyat, ikki tarafning uslubi ikki xil bo‘lsa ham, natija bir xil ekan, degan xulosaga kelganlar. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:20 | Savol-javoblar | 160 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar