Qanday tushunaylik

Assalomu alaykum! Iqtibos "Odamlarga faqirlikni targ‘ib etadigan yoki arzimas tirikchilikka qanoat qilishga undaydigan yoki hayotdagi xorlikka ko‘ndiradigan yoxud yo‘qsillikka sabr etishga va pastlikka rozi bo‘lishga chaqiradigan da’vat fojir da’vatdir. Bunday da’vat bilan ijtimoiy zulmga yo‘l ochishni va zaxmatkash ommani shaxs yoki shaxslar xizmatida ezishni iroda qilinadi. Hammasidan avval, bu islomga yolg‘on to‘qish va Allohga tuhmat qilishdir. Shayx Muhammad G‘azzoliy, "Tuhmatga yo‘liqqan islom" kitobidan" iqtibos tugadi. Imom G‘azzoliyning bu gaplarini to‘g‘ridan to‘g‘ri tushunaylikmi yoki buni boshqa xil ma’nosi bormi? Nima ba’zi kitoblarda zuhd, qanoat, Alloh berganiga shukr qilish haqida yuqoridagi gaplardan boshqacha gaplar keladi? Javob uchun rahmat. 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Domlalarni oyligini pasaytirish, ularni jamiyat orasida kambag‘al tabaqasiga qo‘shish, zuhd va taqvoga tegishli hadis, oyatlarni noto‘g‘ri talqin qilish din dushmanlarini dinning tomiriga bolta urishidir. Chunki zuhd “inson yo‘qchilikda bo‘lishi, nochor bo‘lib eski kiyimlarni kiyishi” degani emas, balki imkon qadar boylikka ega bo‘lib, sahovatda ham namuna bo‘lish, har bir yaxshilikdan nasiba olishga intilish zuhd va taqvodir. Barchamiz bilamizki, inson tabiatiga obro‘li bo‘lish, boy bo‘lish, beruvchi qo‘l bo‘lish ishtiyoqi joylashtirilgandir. Din dushmanlari imomlar oyligini, ustozlar oyligini imkon qadar past qilishga harakat qilishadi va bu bilan ularda o‘zgalar qo‘liga qaramlik, boylardan ta’ma qilish kabi rasvo xulqlarni o‘sishini xohlashadi. Tabiyki buni ko‘rgan xalq ulardan yuz o‘giradi. Boylari esa o‘zidan boylikda, obro‘da va sahovatda past bo‘lganlarga ergashishni xohlashmaydi. Albatta bu tabiy narsa, chunki inson tabiatiga o‘zidan ustunga ergashish qorishtirilgan. Oyat-hadislardagi zuhd va qanoat hozirgi kunda noto‘g‘ri talqin qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarning eng boyi bo‘lganlar. Bir vaqtning o‘zida 9ta ayollarining nafaqalari, ularning bolalarini nafaqalarini ta’minlay olganlar. Ba’zi bir rivoyatda u kishining egnilaridagi kiyimlari 30.000 dirhamga barobar edi deyilgan. 200 dirham zakot nisobining miqdori bo‘ladi. Qanchalar ota-ona, tuyalari va o‘zlariga xos erlari ham bo‘lgan. Qanday qilib buni kambag‘allik deb bo‘ladi. Albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulardan chiqqanini to‘plab o‘tirgan emaslar. Tinmasdan xayri ehsonlar qilib, sahovatda tengsiz bo‘lganlar. Fuqaholar: “Xalqqa diniy ta’lim beruvchi kishilarning nafaqalari, xalqning zimmasiga vojib” deb aytganlar. Chunki ular hamma vaqtini xalqning dunyo va oxirati obod bo‘lishiga sarf qiladilar. Islomda qanoat qilish haromdan pul topiladigan holatga yo‘liqsa bo‘ladi. Halol kasb qilishga qodir bo‘laturib qanoat qilib o‘tiradigan inson yalqov va dinimizda eng qoralangan inson hisoblanadi. Vallohu a’lam!

4 May 2022, 21:40 | Savol-javoblar | 153 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar