Baytul Ma’mur haqida

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, bir vidio rolikda ikki Ka’ba mavjud ekanligi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Baytul Ma’murning ettinchi osmonida ekani va uni har kuni 70 ming farishta tavof qilib unga qarab namoz o‘qishini aytib o‘sha farishtalarning navbati hech qachon qaytib kelmasligining xabarini bergan ekanlar. Shu xadis saxixmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Hadis sahih. Buni imom Buxoriy ham rivoyat qilganlar. "Hadis va Hayot" kitobida quyidagicha keladi.
«Baytul ma’mur» – «Obod uy»ning nima ekanligini bilish uchun Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlariga murojaat qilib ko‘ramiz.
Suddiy aytadilarki, «Bizga zikr qilinishicha, Payg‘ambar alayhissalom bir kuni sahobalariga:
«Obod uy nima, bilasizlarmi?» debdilar. Ular:
«Alloh va Uning Rasuli biluvchidir», deyishibdi. Shunda u zoti bobarakot:
«U osmonda, Ka’baning qoq tepasidagi masjiddir. Agar qulasa, Ka’baning ustiga tushadir. Unda har kuni etmish ming farishta namoz o‘qiydir. Ular bir kirib, chiqqanlaridan so‘ng yana qaytib kira olmaydilar», debdilar».
Avval o‘rganib o‘tganimizdek, Baytul ma’murning zikri Payg‘ambar alayhissalomning Isro kechasidagi hadislarida ham keladi. U zot mazkur kechada o‘sha uyni ko‘radilar va farishtalarning tavof qiladigan joyi Baytul ma’mur ekanligini aytadilar. Yana u uyga Ibrohim alayhissalomning suyanib o‘tirganlarini ko‘rganliklarini ham aytganlar.
Bu haqdagi barcha rivoyatlarni to‘plab, o‘rganilgandan so‘ng xulosa qilib aytish mumkinki, Baytul ma’mur ettinchi osmonda, Ka’bai Muazzamaning tepasidagi bir uydir (masjiddir). Uni har kuni etmish ming farishta tavof qiladi va ularning ko‘pligidan bir tavof qilgani yana qaytib kira olmaydi. Ka’batulloh erda qanday ulug‘lansa, Baytul ma’mur ham osmonda shunday ulug‘lanadi. Vallohu a’lam!

25 May 2022, 23:27 | Savol-javoblar | 170 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar